Ona tilini o‘rgatishga e’tibor chet tilini o‘rgatishga qaratilayotgan e’tibordan kuchliroq bo‘lishi kerak!
Internet tarmoqlarida o‘tkaziladigan so‘rovnomalar, ijtimoiy tarmoqlardagi fikr almashish yoki ko‘chalardagi e’lonlarda xato yozilgan so‘zlarni uchratamiz. Bu ona tilimizga hurmatsizlikdan boshqa narsa emas.
Ona tilimizga chuqur hurmatni tiklamas ekanmiz, farzandlarimiz o‘z tilini to‘liq bilmay, uning imkoniyatlaridan foydalanolmay qolaveradi. Dono xalqimizda yaxshi gap bor: savodsiz odam xavfli emas, chalasavod odam xavflidir. Chindan ham, chalasavod o‘zini savodsiz deb hisoblamaydi, o‘z bilganini to‘g‘ri deydi va atrofidagilarni ham noto‘g‘ri fikri bilan zaharlaydi. Shu bois ta’lim dargohlarida chalasavod o‘quvchini emas, o‘z shaxsiy qarashi va mustaqil fikriga ega o‘g‘il-qizlarni tarbiyalashimiz kerak. Buning uchun takliflarim bor.
Avvalo, har bir maktabda ona tili puxta o‘qitilishi kerak. Bu — davr talabi.
Saboq berayotgan o‘qituvchilarning bilimini test orqali emas, yozma savodxonlik sinovi orqali aniqlash lozim. Oyni etak bilan yopib bo‘lmaganidek, imloviy xato bilan yozadigan ona tili va adabiyot o‘qituvchilari ham bor.
Aytish mumkinki, 5-sinfda 9, 6-sinfda 7, 7–9-sinflarda 5 soat o‘qitiladigan ona tili va adabiyot darsi 10-sinf o‘quvchilariga 2,5 soat o‘tilishi belgilandi. Yuqori sinf o‘quvchisining ona tili va adabiyotni chuqur bilishi uchun bu kamlik qiladi. Masalan, “O‘rxun-Enasoy obidalari. Ularning adabiy-badiiy qimmati” mavzusi uchun bor-yo‘g‘i 2 soat vaqt ajratilgan. O‘quvchi uchun yangilik bo‘lgan, qolaversa, juda murakkab til xususiyatiga ega obidalar tarixi, badiiyati, voqealarini 2 soatda o‘rgatishning imkoni yo‘q. Bu vaqtda faqat ma’lumot berish, obida mazmunini tushuntirishga ulguramiz, xolos. Oliy o‘quv yurtlari yo‘nalishlarining 90 foiz kirish imtihonlarida ona tili va adabiyot fanidan test sinovlari bo‘lishi bu borada mas’uliyatimizni oshiradi.
Nafaqat chet tili o‘quv xonalarini, balki ona tili va adabiyot fani xonalarini ham zamonaviy multimedia vositalari bilan jihozlash tarafdoriman. Elektron resurslarni o‘quv jarayoniga izchil tatbiq etish joiz. Chunki har bir o‘quvchi borliqni, hayotiy tasavvurini, fikrini avval o‘z ona tilida ifodalay olishi kerak.
Madina QURBONOVA, Karmana tumanidagi 30-maktab o‘qituvchisi