Tajriba yutuqqa eltadi
Oqqo‘rg‘on tumanidagi o‘quvchi-yoshlarning bilim olishi, ularning bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinyapti. Fan oyliklari ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqda. Tumandagi 49-maktabda turli tanlovlar uyushtirilmoqda.
Haftaning shanba kunlari 10-11-sinflarida turli mutaxassislikka oid maxsus darslar o‘tilmoqda. Mashg‘ulotlarga xalq ta’limi bo‘limi xodimlari va metodistlari jalb etilyapti. Jumladan, 9-, 17- va 49-maktablarda o‘g‘il-qizlarni kasbga yo‘naltirish hamda kasbiy qiziqishlarini shakllantirishga doir amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Bunda ilg‘or o‘qituvchilarning ish tajribasi qo‘l kelyapti. “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi — 2019” ko‘rik-tanlovida 49-maktabning 2 nafar o‘qituvchisi munosib ishtirok etganini alohida ta’kidlash lozim. Ingliz tili o‘qituvchisi Murod Abduqodirov hamda kimyo fani o‘qituvchisi Ilhom Anorqulov faxrli 2- va 3 -o‘rinlarni egalladi. Tanlov g‘oliblarining loyiha taqdimotlari va faoliyati bo‘yicha natijalar jamoatchilik tomonidan muhokama qilindi va yuqori baholandi. Pedagoglar bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan ishlashning o‘ziga xos yo‘llarini topishmoqda. Misol uchun, darslarda qo‘llanayotgan “O‘qituvchi — o‘quvchi — ota-ona” uchlik sxemasi yoniga to‘rtinchi kuch sifatida puxta o‘zlashtirayotgan o‘quvchi ham kiritildi. Ana shu to‘rtlik sxema asosida ishlash sust o‘zlashtirayotgan o‘quvchining ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. To‘rtinchi shaxs — bilimli o‘quvchi sust o‘zlashtirayotgan o‘quvchiga o‘z ta’sirini o‘tkaza oldi. Ushbu jarayonda qiynalayotgan o‘quvchining o‘zlashtira olmaslik muammolari aniqlandi, zarur holatlarda ikki sherikning birga dars qilishi uchun imkon yaratildi. O‘qituvchi ulgurmagan, payqamagan jihatlarni sust o‘zlashtiruvchi o‘quvchining sherigi tez payqay oldi. Zotan, o‘qituvchisiga aytolmagan fikrlarini o‘quvchi o‘z sherigiga aytadi. Bu, albatta, o‘zining ijobiy samarasini beradi.
— Agar maqsad aniq bo‘lsa, unga erishish uchun qiyinchilikdan cho‘chimaslik kerak, — deydi Murod Abduqodirov. — Avvalo, maqsad uchun dadil va ildam kurashish muhim. Men odatda “Do‘stona metod”dan foydalanaman va o‘quvchilar bilan yaqindan, dildan muloqotda bo‘lishga intilaman.
Shu maktabning yana bir o‘qituvchisi Ilhomjon Anorqulovning kimyo fanini o‘qitish borasidagi tajribasi ham e’tiborga molik. O‘qituvchi ancha izlanishlar olib bordi. O‘quvchilarning nazariy bilimlarni hayotga tatbiq eta olmasligi bilan bog‘liq muammolarni aniqladi. Ularni yechish uchun “Kimyoviy boshqotirmalar” o‘quv qo‘llanmasini chop ettirdi. Qo‘llanmadagi boshqotirmalar PISA xalqaro baholash dasturi elementlariga to‘la mos keladi.
Kimyoviy jarayonlarning turli rangli suratlar, sxemalar, jadval, slaydlar asosida ifodalanishi o‘quvchilarda fanga doir amaliy ko‘nikmalarning oson va tez shakllanishini ta’minlaydi. Oddiy misol. Kimyo fanida o‘qituvchi darsni boshlamasdan oldin “Mo‘jizakor eritma” metodi bo‘yicha qiziqarli tajriba o‘tkazdi. Doskada oppoq qog‘oz turibdi. Unga fenolftolein eritmasi bilan savolning javobi yoziladi. So‘ng qurigach, qog‘oz doskaga ilinadi. O‘quvchilarning javobi eshitib bo‘lingandan keyin doskadagi qog‘ozga natriy ishqori eritmasidan purkaladi va qog‘ozda pushtirangda javob namoyon bo‘ladi. Darslarda mashg‘ulotni kutilmagan, noodatiy tajribalar bilan boshlash o‘quvchilarning fanga qiziqishini oshiradi. Bu kabi noan’anaviy o‘qitish usullarini boshqa fanlarni o‘qitishda ham kuzatish mumkin.
Bekzod MIRZAQULOV, Oqqo‘rg‘on tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri