Ulug‘bek Tashkenbayev: “O‘qitish sifatini repetitorlardan maktablarga qaytarishimiz kerak”
Hech birimizga sir emas, soʻngi yillarda fuqarolarimizning mamlakatimizdagi maktablarda va oliy taʼlim muassasalarida sifatli taʼlim berilmasligi, koʻplab ota-onalar farzandlarini kichik yoshdan boshlab bir necha fan boʻyicha repetitorlarga, berishga majbur boʻlayotganidan norozi boʻlib bildirgan fikrlari koʻcha kuyda, ijtimoiy tarmoqlarda tez tez uchrab turmoqda.
Hukumatimizning 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qarori bilan kadrlar tayyorlash sifati va oʻquv jarayoni samaradorligining xolisona baholanishini nazorat qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etilgan edi.
Oʻtgan davr mobaynida ushbu tashkilot tomonidan Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba oliy taʼlim muassasalari hamda umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reytingi aniqlanib eʼlon qilindi. Taʼlim inspeksiyasi tomonidan nodavlat taʼlim muassasalari tashkil etish jarayonlarini soddalashtirish bilan birga, litsenziya talabgorlarining murojaatlarini qisqa muddatlarda koʻrib chiqishi yoʻlga qoʻyildi (2018-yilning 1-yanvarida yurtimizda 500 ta nodavlat taʼlim muassasalari faoliyat koʻrsatgan boʻlsa bugungi kunda ularning soni 2534 tani tashkil etmoqda).
“Farzand uchun maktabni qanday tanlash kerak?”, Zamonaviy maktabning oddiy maktabdan farqi? “Yangi kollejlar qanaqa boʻladi?” kabi masalalar yuzasidan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev bilan suhbatlashdik.
– Respublikamizda taʼlim sifatini nazorat qiluvchi va baholab boruvchi tashkilot rahbari sifatida ayting-chi, farzandini birinchi sinfga berayotgan ota-onalar maktab tanlashda nimaga eʼtibor qaratishi lozim?
– Oʻquvchi ilk bora maktabga kelganda uni bilimga qiziqtira olish oʻqituvchining mahoratiga bogʻliq. Shunday ekan, avvalo, yaxshi ustoz tanlash eng muhim jihat sanaladi. Buning uchun ota-ona maktab davri boshlanishidan oldin oʻqituvchilar haqida maʼlumot olishga harakat qiladi. Yaʼni oʻquvchining qobiliyatini yuzaga chiqara oladigan, muammolar boʻlganda bolani toʻgʻri yoʻnaltira oladigan ustoz tanlash muhim. Ayniqsa, boshlangʻich sinf oʻqituvchisining bolaga bergan bilimi, oʻquvchi uchun bir umrlik poydevor boʻladi. U avvalo, bolalarning mantiqiy tafakkur qila olish salohiyatini, aqliy rivojlanishini, dunyoqarashini, savodxonligini shakllantirishi hamda erkin fikrlay olish, oʻzgalar fikrini anglash, oʻz fikrini ogʻzaki va yozma ravishda ravon bayon qila olish koʻnikmalarini egallashlariga erisha olishi lozim. Har bir maktabni tajribali, bilimli boshlangʻich sinf oʻqituvchilari bilan taʼminlash bizning eng dolzarb vazifalarimizdan biridir.
Kuzatuvlarimiz natijasiga koʻra, oxirgi vaqtlarda ota-onalar oʻz farzandlarini rus tilidagi sinflarga oʻqishga berishni xohlashadi. Achinarlisi, bunday holatlarda rus tilini bilmaydigan bolalarning ota-onalari ham rus sinflarga harakat qilishadi. Ularda asosiysi tilni oʻrgansa boʻldi, ertaga boshqa fanlarni bir amallab oʻrganib oladi degan fikr ham yoʻq emas. Oʻquvchi imkoni boricha birinchi sinfdan boshlab hamma oʻquv rejadagi fanlarni oʻzlashtirishi lozim.
Bilamiz, insonning oʻz Ona tiliga eʼtibori uni mukammal oʻrganishdan boshlanadi. Shunday ekan, bugun ota-onalar farzandlariga oʻz ona tilini oʻrganishdagi eʼtiborlarini kuchaytirilsa maqsadga muvofiq boʻladi.
– Maktablardagi taʼlim sifati pastligi sababli ota-onalar farzandini repetitorga berishga majbur boʻlayotganidan norozi boʻlib gapirganlarini koʻp eshitamiz. Maktablarda berilayotgan taʼlimni sifatiga qanday baho berasiz?
– Ota-onalar farzandini oliy taʼlim muassasalariga tayyorlash uchun qoʻshimcha repetitorga berishadi. Ayniqsa, soʻngi 2-3 yilda oʻquv markazlari soni oshganidan ham ularga talab katta ekanligini koʻrishimiz mumkin. Ularning noroziligi oʻrinli sababi oliy taʼlim muassasasiga kirish uchun maktabning oʻzida olingan bilim yetarli boʻlishi lozim. Bir necha farzandi repetitorga qatnaydigan ota-onalarni toʻgʻri tushunish kerak. Har bir fan boʻyicha salmoqli summa toʻlanadigan ushbu xizmatlardan foydalanishga hammaning ham imkoniyati yetmaydi.
Bundan tashqari, koʻpchilikda OTMga kirish uchun zarur boʻlgan fanlar yaxshi oʻzlashtirilsa boʻldi, degan fikr shakllanmoqda. Yoshlarimiz kelgusida qanday kasbni tanlashmasin, yaxshi mutaxassis boʻlish uchun barcha oʻquv rejadagi fanlarni toʻliq oʻzlashtirishlari zarur, oʻqitish sifatini repetitorlardan maktablarga qaytarishimiz kerak.
Mavjud taʼlim sifati boʻyicha bir misol keltirib oʻtmoqchiman ilk marotaba aniqlangan maktablar reytingi uchun respublikamiz boʻyicha hududlarda nisbatan yaxshi, namunali boʻlgan 956 ta maktab tanlab olingan edi. Ushbu maktablarning 25188 nafar 9-sinf oʻquvchilaridan yarmi (52 foizi) matematikadan yozma ishdan qoniqarsiz baho olgan.
Bu kabi sinovlar doimiy oʻtkazilib, natijalar masʼul vazirlik va idoralar bilan tahlil qilib borilmoqda. Holatni yaxshilash boʻyicha barchamiz qattiq ishlashimiz lozim boʻladi. Har qanday oʻqituvchi ham yaxshi dars oʻtishni, oʻquvchilar aʼlochi boʻlishi xohlaydi deb hisoblayman. Birinchi navbatda pedagoglarga doimiy malaka oshirishlari oʻz ustida ishlashlari uchun sharoit yaratish lozim boʻladi. Aynan taʼlim sifatini oshirish maqsadida muhtaram Prezidentimiz tomonidan “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, quchoq ochib maktablarga boraylik” shiori ostida Respublika ishchi guruhlari tashkil etildi, uch oydan beri vazirlar va oliy taʼlim muassasalari rektorlari, tajribali professor-oʻqituvchilar va maktab oʻqituvchilari har bir hududdagi maktablarga tashrif buyurib, dars oʻtishmoqda, oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan suhbatlashib rejalar ishlab chiqilmoqda. Taʼlim sifatining pasayib ketishiga sabablar koʻp, shular qatorida oliy taʼlim muassasalarining maktabdan ajralib qolganligi, samarali amaliyot yoʻqligi, mutaxassisni yetishtirib chiqargandan keyin u bilan aloqa qilinmasligini koʻrsatish mumkin. Shuningdek, maktab faoliyatini tashkil etishda jamoatchilik nazoratini oshirish, mahallani, ota-onalarni faolligi oshirishimiz lozim. Yuqoridagilarni inobatga olib respublika ishchi guruhlari tomonidan “Oila-mahalla-maktab-oliy oʻquv yurtlari” hamkorligini samarali yoʻlga qoʻyish choralari koʻrilmoqda.
– Koʻpincha maktab oʻquvchilari 5 ta besh oldim, 10 ta besh oldim, deb ota-onalariga maqtanganida, kattalar ularni nomiga maqtab qoʻyishi, lekin bunga jiddiy eʼtibor qaratmasligini kuzatamiz. Ota-onalar maktab baholariga ishonmay qoʻydimi?
– Ha xuddi shunday. Maktabda qoʻyilgan baholar hech qanday imtiyoz bermaydi, akademik litseyga, kollejga yoki oliy taʼlimga kirishda inobatga olinmaydi. Ayrim pedagoglar bahoni oshirib qoʻyadi yoki intizomi yomon bolalarga pasaytiradi. Maktabni aʼlo bahoga qizil attestat bilan tugatgan farzandi OTMga kira olmaganini koʻrgan ota-onalar oʻz-oʻzidan maktab baholariga ishonmay qoʻymoqda. Jumladan, maktablar reytingini aniqlash jarayonida ham shunga oʻxshash holat kuzatildi. Toshkent shahridagi ayrim ota-onalar farzandini xalq orasida nufuzli deb yuritilayotgan maktabda oʻqitayotgani, bola aʼlo baholar olib kelgani aytib, nima uchun farzandlarimizni bilimini baholash jarayonida qoniqarsiz baho olganidan shikoyat qilishdi. Farzandi bajargan ishlarni koʻrsatib asoslab berganimizdan keyin, bu kabi sinovlarni doimiy oʻtkazishni, boshqa sinflarda ham yoʻlga qoʻyishni soʻrashdi. Inspeksiya tomonidan maktablardagi mavjud taʼlim sifatini xolis va adolatli baholash ishlari kelgusida davom ettiriladi va natijalar keng jamoatchilikka eʼlon qilib boriladi. Qisqa qilib aytadigan boʻlsak, bahoni oshirib qoʻyib yoki taʼlim sifati zoʻr deyish bilan faqat oʻzimizni aldaymiz. Mavjud holatni ota-onalarga koʻrsatib taʼlim-tarbiya jarayonida ularning ishtirokini faollashtirishimiz kerak.
– 2019-yilning noyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish toʻgʻrisida qarori qabul qilindi. “Zamonaviy maktab”lar qanday boʻladi? Oddiy maktablardan nimasi bilan farq qiladi?
– “Zamonaviy maktablar” oʻzi nomi aytib turganidek, zamon bilan hamnafas holda ilgʻor xalqaro tajribalarga asoslanib quriladigan, zamonaviy mebel va jihozlar, oʻquv-laboratoriya asbob-uskunalari, oʻquv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia hamda video-kuzatuv vositalari bilan jihozlanadigan hamda yangi darsliklar, oʻquv qoʻllanmalar, badiiy va boshqa adabiyotlar bilan taʼminlanadigan muassasalar boʻladi. Bundan tashqari, ushbu maktablarning rahbar va pedagog kadrlariga qoʻyiladigan yangicha talablar hamda muassasalarni baholash tartibi ham ishlab chiqiladi.
Bu nima uchun kerak edi? Sodda qilib aytganda hozirgi paytda aksariyat maktablarimizda oʻquvchilar ota-onalari paytidagi kabi meʼyorlar asosida jihozlangan muassasalarda taʼlim olishmoqda. Hozirgi yoshlar zamonaviy telefon, kompyuterdan foydalanishmoqda, internet orqali eng soʻngi texnologiyalardan xabardor boʻlishmoqda. Ularni maʼnan eskirgan laboratoriya xonalari bilan fanga qiziqtirish mushkul. Masalan rivojlangan davlatlarda kimyo, fizika va biologiya xonalari boshqa jihozlar qatorida elektron laboratoriyalar, elektron koʻrgazmali qurollar bilan jihozlanmoqda.
Oddiy maktablarimizning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zarur pedagoglar bilan taʼminlash orqali bosqichma-bosqich “Zamonaviy maktablar”ga aylantiriladi. 2020-2022-yillarda “Zamonaviy maktab” loyihasi boʻyicha 1592 ta umumtaʼlim maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va jihozlashga 4,05 trln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan. Bir soʻz bilan aytganda yurtimiz taʼlimi kelajagi ushbu loyihani samarali amalga oshirilishiga bogʻliq desam mubolagʻa boʻlmaydi.
– Maʼlumki, yurtimizda kollej tizimi oʻzini oqlamadi deb topilib, uch yil avval isloh qilishga qaror qilindi. 2019-yilning sentyabr oyida Prezidentimizning professional taʼlim muassasalari tarmogʻi tashkil etish boʻyicha qarori qabul qilindi. Ushbu muassasalarning eski kollejlarimizdan nima bilan farqlanadi?
– Darhaqiqat, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekistonda boshlangʻich, oʻrta va oʻrta maxsus professional taʼlim tizimida tegishli taʼlim dasturlari joriy etilgan kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlardan iborat professional taʼlim muassasalari tarmogʻi bilan tashkil etiladi. Kasb hunar taʼlim muassasalarimizning nimaga tugatilgani, ularning kamchiliklari haqida koʻp gapirildi. Shulardan birini keltirib oʻtmoqchiman avvalgi kollejlarimizda berilgan diplomlari xalqaro darajada tan olinmas, xorijiy davlatlarga borgan yurtdoshlarimiz mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylasha olishmas edi. Buning sababi esa yurtimizda professional taʼlim dasturlari YUNESKO tashkiloti tomonidan qabul qilingan Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi (MSKO) darajalari bilan uygʻunlashmagan, oʻquv jarayoniga Oʻzbekistonning Milliy kvalifikatsiya tizimi toʻlaqonli joriy etilmaganligi edi. Soddaroq qilib tushuntirib va misol keltirib oʻtaman: oʻrganish eng qiyin va eng oson kasblarni bir xil muddat 3 yil oʻqitganmiz. Kasblar boʻyicha tayyorlangan mutaxassislar toifalarga ajratilmagan edi. Masalan, rivojlangan xorijiy davlatlarda elektrik yoki payvandchi kasblar uchun uning malakasiga qarab bir necha darajalarga boʻlib diplom beriladi. Oʻqitish muddati xam bir xil emas. Taʼlim standartlar professional standartlarga qarab tuziladi. Ish beruvchilar bilan taʼlim beruvchilar hamkorlikda ishlaydi. Boshlangʻich, oʻrta va yuqori malaka kabi, har bir razryad egasi nima oʻrgangani, nimalar qila olishi belgilab qoʻyilgan.
Shu sababli Prezidentimiz farmonida ushbu kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qatʼiy vazifalar belgilab berildi.
Hozirda Inspeksiya, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda rivojlangan tajribalarini oʻrgangan holda Oʻzbekistonda ilk bor Milliy kvalifikatsiya ramka, tarmoq kvalifikatsiya ramkalari, kasb va mutaxassisliklar boʻyicha professional standartlar hamda tabaqalashtirilgan taʼlim standartlar va dasturlarini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Milliy kvalifikatsiya ramkasi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha masʼul vazirlik va idoralarning mutaxassislaridan iborat ekspert guruhi tuzildi. Ekspert guruhi tomonidan 20 dan ortiq xorijiy davlatlarning (Germaniya, Fransiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Qozogʻiston, Belorussiya va boshqalar) tajribalari oʻrganilib, Milliy kvalifikatsiya ramkasi loyihasi va professional standartlar ishlab chiqish boʻyicha metodik qoʻllanma shakllantirildi.
Milliy kvalifikatsiya ramkasi loyihasi YUNESKO va KOICA xalqaro ekspertlari tomonidan ekspertizadan oʻtkazildi va ulardan ijobiy xulosalar olindi. Shuningdek, Rossiya, Fransiya, Koreya va Germaniya davlatlari ekspertlaridan xulosalar olinmoqda.
– Pedagoglar attestatsiyasi jarayonidagi yangiliklar hamda kelgusida rejalar bilan haqida maʼlumot bersangiz ?
– Pedagoglar bilim salohiyatini adolatli baholash, shu orqali taʼlim-tarbiya sifatini oshirish maqsadida umumtaʼlim muassasalarining pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi qayta koʻrib chiqildi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 392-son qarori bilan “Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” tasdiqlandi.
Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, YUNISEF mutaxassislari bilan hamkorlikda ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda tayyorlangan ushbu Nizomda pedagog kadrlarga qulayliklar yaratish maqsadida attestatsiya jarayoni soddalashtirildi hamda joriy yilda pedagog kadrlar attestatsiyasi ikki marta, mart-aprel oylarida navbatdagi attestatsiya va may-iyun oylarida muddatidan ilgari (navbatdan tashqari) attestatsiya tashkil qilindi.
Yaʼni endi pedagoglarimiz oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etishlari mumkin. Avvalgi tartib boʻyicha pedagog qanchalik malakali, oʻz bilimi va salohiyatiga ishonsa-da, har besh yil davomida attestatsiyaga jalb etilgani sababli uzoq yillar kutishga majbur boʻlar edi. Masalan mutaxassislikdan oliy toifali oʻqituvchilikka qadar oʻn uch yil vaqt kutish lozim edi. Yangi tartibga koʻra pedagog besh yillik muddatni kutmasdan oʻzining yozma arizasiga binoan navbatdan tashqari attestatsiyada ishtirok etishlari mumkin. Eng asosiysi, yosh oʻqituvchilarimiz oʻz ustida ishlashlari va sinovlardan choʻchimasligi uchun navbatdan tashqari attestatsiya natijalariga koʻra birinchi va ikkinchi malaka toifali pedagoglarga nisbatan salbiy qaror qabul qilinmaydi.
Bundan tashqari, avvalgi tartib boʻyicha maktablardagi ilmiy darajaga (fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) ega boʻlgan pedagog kadrlar ham attestatsiyaga jalb qilingan va bu holat ularning haqli eʼtiroziga sabab boʻlib kelgan. Endi ushbu pedagoglar attestatsiyaga jalb etilmaydi ularga oliy toifali oʻqituvchi sifatida haq toʻlanadi.
2019-yilda oʻtkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasiga jami 123 ming 829 nafar pedagoglar jalb qilinib, pedagog kadrlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning http://pka.tdi.uz/- axborot tizimi (elektron bazasi) yaratildi hamda pedagoglarga qulaylik yaratish maqsadida onlayn sinov -test (repetitsiya) jarayoni tashkil qilindi.
Davlat inspeksiyasi tashkil etilgandan buyon Oliy va birinchi malaka toifalariga talabgor pedagog kadrlar attestatsiyasining malaka (test) sinovlari Davlat inspeksiyasi tomonidan real vaqt rejimida, onlayn tarzida barcha qulaylik, shart-sharoitlar yaratilgan, shuningdek, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlangan Oliy taʼlim muassasalari va Davlat inspeksiyasining binolarida oʻtkazilib kelinmoqda. Bu esa oʻz navbatida attestatsiya jarayonlarining shaffof va xolis oʻtkazilishida asosiy omil sifatida xizmat qilmoqda.
2019-yilda xalq taʼlimi tizimi pedagog kadrlari attestatsiyasining test sinovlarida jami 56 ming 736 nafar pedagoglar ishtirok etishgan boʻlib, natijalarining tahlillariga koʻra 4457 nafar (qatnashganlarning 7,9 %, yaʼni oʻtgan yilgi 4,7% ga nisbatan +3,2 foiz koʻp) pedagoglar Oliy malaka toifasiga mos natijalarni qayd etishgan boʻlsa, 24 ming 426 nafar (43,3% oʻtgan yilgi 18,4% ga nisbatan +24,9% foiz koʻp) pedagoglar esa birinchi malaka toifasiga mos keladigan koʻrsatkichlarni qayd etishdi.
Test sinovlari natijalariga koʻra ishtirok etganlarning 32 ming 483 (57,2%) nafari ijobiy natijalar, yaʼni amaldagi malaka toifasini oshirish yoki saqlab qolishga mos keladigan koʻrsatkichlarni qayd etishgan boʻlib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilgi 48,8 foizga nisbatan +8,4 foizga oshganligini kuzatish mumkin.
Xalq taʼlimi tizimida 2018-2019 oʻquv yilida Oliy malaka toifali oʻqituvchilar soni 11202 nafar (2,5%)ni tashkil qilgan boʻlsa, 2019-2020-yil bu koʻrsatgich 15599 nafar (3,5%)ni tashkil etgan boʻlsa, birinchi malaka toifali oʻqituvchilar soni 2018-2019 oʻquv yilida 45389 nafar (10,2%)ni tashkil qilgan boʻlsa, 2019-2020 oʻquv yilida bu koʻrsatgich 63271 nafar (14,2%)ni tashkil etdi.
2018-2019-yillarda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlim tizimi pedagog kadrlari attestatsiyasida ishtirok etgan 3601 nafar pedagoglardan 492 (13,7 %) nafariga Bosh oʻqituvchi, 1319 (36,6 %) nafariga Yetakchi oʻqituvchi, 1386 (38,5%) nafariga Katta oʻqituvchi, 404 (11,2 %) nafariga esa oliy maʼlumotli oʻqituvchi lavozimi berildi hamda tegishli lavozimlar boʻyicha Attestatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisida Sertifikatlar tarqatildi.
Shuningdek, 2019-yilda birinchi marta Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda maktabgacha taʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan 3762 tarbiyachi-pedagoglar, Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlar, bolalar musiqa va sanʼat maktablarining 2700 nafar pedagoglari, Oʻzbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda akademiya tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab internatlarida faoliyat olib borayotgan 206 nafar pedagog kadrlar attestatsiyasi tashkil qilindi.
Ushbu tahlillardan koʻrinib turibdiki, yuqori natijalar qayd etishgan pedagoglar soni oshib, past natijalar qayd etgan pedagoglar soni esa kamaymoqda. Bu ham boʻlsa mamlakatimizda pedagoglar obroʻini (mavqeyini) oshirish, ularning oʻz ustilarida ishlashlari uchun yaratilayotgan shart sharoitlar hamda ularni ortiqcha mehnatlarga jalb qilmaslik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki natijalari sifatida qabul qilish mumkin.
Bugungi kunda ushbu tizimni yanada takomillashtirish va shaffofligini oshirish, pedagoglarga qulaylik yaratish boʻyicha Xalq taʼlimi vaziriligi bilan hamkorlikda ish olib bormoqdamiz.
Shu oʻrinda alohida taʼkidlash lozimki, oʻqituvchilarni oʻz ustida ishlashga, toifa olishga boʻlgan qizishlari oshirish uchun haq toʻlashda toifalar oʻrtasidagi tafovutni oshirishimiz lozim boʻladi.
– Oʻtgan oyda Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasasi sifatida faoliyat koʻrsatish huquqi ega boʻlmagan tashkilotlari haqida xabar berilganidan soʻng, bir qator Rossiya Federatsiya OTMlari va yurtimizdagi konsalting tashkilotlari tomonidan ushbu xabarga eʼtirozli munosabat bildirildi. Ushbu vaziyatga aniqlik kiritsangiz ?
– Yoshlarimizning oliy taʼlim olishga boʻlgan ishtiyoqi juda yuqori. Ularga imkon yaratish maqsadida Prezident tashabbuslari bilan joriy yilda respublikamizda bir qator xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallari ochildi hamda OTMlarimizda xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda qoʻshma dasturlar, fakultetlar tashkil etildi. Bundan tashqari, xorijiy OTMlar tomonidan berilgan diplomlarni tan olish tartibi soddalashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida taʼlim, malaka va ilmiy darajalarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisida bitim imzolandi. Respublikamizdagi nodavlat taʼlim tashkilotlariga litsenziyalar berish hamda xorijiy mamlakatlarda berilgan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish ishlarini tashkil etish inspeksiyamiz asosiy vazifalariga kiradi. Shu sababli yoshlarimiz diplomi toʻgʻridan-toʻgʻri yoki sinovlarsiz tan olinadigan OTM tanlashda adashmaslik uchun inspeksiyamizga murojaat qilishadi. Soʻngi oylarda ushbu murojaatlar soni keskin oshib ketdi va fuqarolarni eng qiziqtirgan savollarga javoblarni eʼlon qilib bordik.
Xorijiy OTMning diplomi Oʻzbekistonda tan olinishi uchun ushbu muassasa oʻz davlatida oliy taʼlim muassasasi sifatida davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan boʻlishi lozim, agar muassasa ushbu jarayondan oʻtmagan boʻlsa, uning diplomi oʻsha davlatning oʻzida ham tan olinmaydi. Ayrim konsalting tashkilotlari oʻzlari hamkorlik qiladigan xorijiy OTMga koʻproq odam jalb qilish orqali koʻproq daromad koʻrish maqsadida uning Oʻzbekiston filiali ochildi yoki uning diplomi yurtimizda toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi deya targʻibot ishlarini amalga oshirishgan.
Bundan tashqari, bizga qoʻshni boʻlgan davlatlarning chegaraga yaqin hududlarida OTM ochib, kam mablagʻ evaziga oʻqitamiz, Oʻzbekistonga hech qanday sinovlarsiz koʻchirib oʻtasiz yoki diplomimiz toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi deb targʻibot qilishmoqda.
Tushunarli boʻlishi uchun bu vaziyatni uch xil holatga boʻlib izohlab oʻtaman:
Birinchi holatda, konsalting tashkilotlari targʻib qilayotgan ayrim xorijiy OTMlari oʻz davlatida akkreditatsiyasi yoʻq va Oʻzbekiston hududida ham faoliyat koʻrsatish uchun litsenziya ham olmagan.
Ikkinchi holatda, oʻz davlatida akkreditatsiyalangan boʻlsa-da, taʼlim shaklini Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan taʼlim shaklida olib borish taklif etilmoqda. Bu holatda ularning diplomi tan olinmaydi. Masalan, ixtiyoriy bir xorijiy davlatdagi akkreditatsiyasi bor oliy taʼlim muassasasi Oʻzbekistonlik yoshlarga masofadan oʻqish yoki sirtqi shaklda 3 yil hajmda oliy taʼlim berish taklifini konsalting tashkilotlari yoki internet tarmogʻi orqali bermoqda, natijada yurtdoshlarimiz bu taklifga rozi boʻlib pullarini bermoqda. Bunday shaklda oʻqib tugatgandan keyin olingan diplomi Oʻzbekistonda magistraturada davom ettirish yoki ishlash uchun tan olishda muammolarga duch keladi.
Uchinchi holat konsalting tashkiloti yoki oʻquv markazi sifatida litsenziyasi boʻlgan ayrim tashkilotlar fuqarolarga oʻzini xorijiy OTM filiali sifatida tanishtirish orqali koʻproq mijozlarni jalb qilishga intilishini koʻrsatish mumkin. Yaʼni ushbu tashkilotning OTM sifatida diplom berishga huquqi yoʻq, ular faqat OTMga tayyorgarlik koʻrishga yoki hujjat tayyorlashga koʻmaklasha oladi.
Shuning uchun, fuqarolarimizdan xorijiy oliy taʼlim muassasasini tashlashda uni oliy taʼlim muassasasi sifatida davlat akkreditatsiyadan oʻtganligi, ushbu faoliyat turi uchun litsenziyasi borligi hamda taʼlim Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan taʼlim shakllarida olib borilishiga eʼtibor qaratishlari lozim.
Aynan Rossiya oliy taʼlim muassasalariga keladigan boʻlsak, bu yerda xalqaro darajada sifatli taʼlim beriladigan universitet va institutlar talaygina, ularni tugatgan yoshlarimiz malakali mutaxassis boʻlib yurtimizga qaytib ishlashlari uchun sharoit yaratildi. Bundan tashqari, Rossiya OTMlarining filiallari, qoʻshma fakultetlar ochildi. Ilgʻor tajribalarni oʻrganish, yurtimizda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
Ayrim tashkilotlar Rossiya oliy taʼlim muassasasi degan nomdan foydalanib, yoshlarimizni chalgʻitib pul topishga intilmoqda. Rossiya Federatsiyasining Fan va taʼlim sohasini nazorat qilish federal xizmati (Rosobrnadzor) maʼlumotlariga koʻra, 2013-yilgacha Rossiyada OTMlari soni 2,5 mingdan oshib ketgan, shundan 500 tasi nodavlat oliy taʼlim muassasalari boʻlgan.
Taʼlim sifati uchun qattiq kurash boshlaganidan keyin ularning soni deyarli yarmiga qisqargan. Ushbu jarayonda akkreditatsiyasidan ayrilgan OTMlarning yurtimizda targʻibot qilib, yoshlarimizni jalb qilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Hozirda mazkur masala boʻyicha Rossiya Federatsiyasining Fan va taʼlim sohasini nazorat qilish federal xizmati (Rosobrnadzor) bilan hamkorlik qilmoqdamiz.
O'zA