Shaxsiy adovat tufayli toifam tushdi
1982-yildan buyon Shahrisabz tumanidagi 65-maktabda matematika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelmoqdaman. Ma’lumotim — oliy. 2018-yili sentabr oyigacha 1-toifali o‘qituvchi edim. Shu o‘quv yilining boshidan toifam mutaxassis-o‘qituvchilikka tushirilib, menga mutaxassis toifasi bo‘yicha oylik maosh to‘lanmoqda. Bu holat qanday yuz berganini so‘rab Shahrisabz tuman xalq ta’limi bo‘limiga bordim. Bo‘lim xodimlari menga “Siz attestatsiyada 0 (nol) ball olganingiz uchun 1-toifadan mutaxassis-o‘qituvchilikka tushirildingiz va taftish komissiyasi 2018-yili sentabr oyidan boshlab sizga mutaxassis-o‘qituvchi lavozimiga maosh to‘lashni belgiladi”, deb javob berishdi. Qanday qilib shunday bo‘lishi mumkin? Axir menda 2019-yil mart oyigacha attestatsiya komissiyasidan berilgan sertifikat bor-ku.
Oliy toifaga da’vogar bo‘lib, navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tish uchun ariza bermaganman. Chunki 2019-yil mart oyida pensiyaga chiqishim kerak edi. Shuning uchun menga 1-toifa bilan pensiyaga chiqish yetarli edi.
Shahrisabz tuman xalq ta’limi bo‘limi xodimlari menga tegishli barcha hujjatlarni ko‘rib chiqib, bu ishlarning hammasi 65-maktab ma’muriyati tomonidan amalga oshirilganini aytdi. Meni navbatdan tashqari attestatsiyaga jalb qilish, toifamni mutaxassis-o‘qituvchilikka tushirish maktabimiz direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari To‘ychi Avazov tomonidan tashkillashtirilganligi ayon bo‘ldi.
To‘ychi Avazovga uchrashib nega bunday bo‘lganligini so‘radim. U esa “tuman XTB buyurgan”, deb mujmal gapirmoqda, XTB maktabni ayblamoqda. Mening istagimsiz navbatdan tashqari attestatsiyaga qo‘yib, toifamni tushirishga maktab direktori yoki direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarining nima haqqi bor? Unga bu vakolat berilganmi? T.Avazov bunga haqlimi?
XTBga murojaat qilib, oylik maoshimni tiklab berishlarini so‘raganimda bo‘lim iqtisodchisi (yordamchi iqtisodchi) Hamida Abdurahmonovadan “Bu ishga kim aybdor bo‘lsa, o‘sha kishi to‘lab bersin, men buni o‘z zimmamga olmayman ham, to‘lamayman ham”, degan javobni oldim. Qisqasi, ularning barchasi aybni bir-biriga solishdan nariga o‘tmaydi, jabr ko‘rgan esa men bo‘lyapman.
2019-yil 23-fevraldan pensiyaga chiqdim. Bu muammoning nafaqa pulimga ancha-muncha salbiy ta’siri bo‘ldi. Maktabimiz direktori o‘rinbosari bilan o‘rtamizda ozgina kelishmovchilik bo‘lgani rost, ammo shu yo‘l bilan mendan o‘ch olishi to‘g‘rimikan? Qonunlar, o‘qituvchi huquqi bu qadar oson poymol etilishi mumkinmi?
Mavluda AVAZOVA, Shahrisabz tumanidagi 65-maktabning matematika fani o‘qituvchisi