Haqiqiy fidoyilar saralanadi
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-sonli qarori o‘qituvchini yanada ko‘proq mehnat qilishga undamoqda. Ushbu qarorda o‘qituvchiga oldingi — 275-sonli qarordan ham ko‘proq yon bosilgan, desam adashmagan bo‘laman.
Pedagoglarning faoliyati qarorda ko‘rsatilgan har bir bandga to‘liq javob bersa, yetarli balni to‘play olsa, bu o‘qituvchi munosib rag‘batlantiriladi. Hattoki boshlang‘ich va yuqori sinf o‘qituvchilariga alohida e’tibor qaratilgan. Sinf rahbarligiga ball berilgan. Oldin ayrim o‘qituvchilar sinf rahbarligini olishni istamasdi. Boshlang‘ich sinflarda olimpiada va bilimlar bellashuvi kabilar bo‘lmagani uchun ochiq darslar, tadbirlar va ko‘rik-tanlovlarga ko‘p e’tibor berilgan. Bundan buyon yaxshi natijaga
erishgan o‘qituvchi, albatta, yaxshigina moddiy rag‘batlantirilishi quvonarli.
Oldin sinf rahbarligi bo‘lmagan ustoz ham boshqalar bilan teng ustama olar edi. Bunda agar sinf rahbarligi bo‘lmasa, o‘z-o‘zidan bali kamayadi. O‘qituvchi mehnati farqlanyapti. Agar u shahar, viloyat, respublika miqyosida biror natijaga erishgan bo‘lsa, boshqalardan ko‘proq ustama olishga haqli bo‘lyapti. Ko‘rinadiki, ustozlar ko‘proq ustama olish uchun bundan-da yaxshiroq harakat qiladi. O‘z ustida ishlaydi.
Shohidaxon MELIQO‘ZIYEVA, Qo‘qon shahridagi 22-maktab o‘qituvchisi