Kitobga mehr uyg‘otish kechiktirib bo‘lmaydigan jarayon
Yunusobod tumanidagi umumta’lim maktablarida kitob mutolaasiga jiddiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Yaqinda 63-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Umida Hamrayevaning navbatdagi ochiq darsi maktabga endi kelgan bolakaylarda kitobga mehr-muhabbatni uyg‘otishga qaratildi. Dars mavzusi Oydinniso Yo‘ldoshevaning “Qor parcha” ertagi asosiga qurilib, qiziqarli yondashuv, ketma-ketliklar bilan yoritib berildi. Dars mobaynida muallima “mozaika”, “boshqotirma” va yangi uslub “qadamba-qadam” metodidan unumli foydalandi. O‘quvchilar ertakni jonli ko‘rinishda, qahramonlar obrazi talqinida tinglashdi. “Quvnoq daqiqa” o‘tkazish orqali o‘quvchilarning bilimi, topqirliklari baholandi. “Lug‘at mashqi” esa o‘quvchilarning so‘z boyligini oshirishga hissa qo‘shdi. Dars o‘quvchilarning jonli tarzda “5 ta tashabbus” qo‘shiq kompozitsiyasini jo‘qovozda kuylashi bilan yakunlandi.
— Bugungi darsimizdagi ertagimizni katta qiziqish bilan tinglagan, o‘qigan o‘quvchi albatta ertaga boshqa ertak kitobini qidiradi. Kitobga bo‘lgan mehr-muhabbati ortadi. Keyinchalik esa yirik asarlarni mutolaa qilishga kirishadi. Kitobga mehr uyg‘otish kechiktirib bo‘lmaydigan jarayon. Bu ishni boshlang‘ich sinfdan, bolalar bog‘chasidan boshlash kerak, — deydi Umida Hamrayeva.
Dars jarayonini kuzatishga kirganlar ochiq darsning juda qiziqarli, jonli o‘tganligini e’tirof etishdi.