Buyuk kelajakni ta’minlashga qaratilgan ustuvor maqsad va vazifalar
Inson uchun el-yurti ravnaqi va farovonligini ko‘rish eng katta baxtdir. Ayniqsa, yoshingiz bir joyga yetib, har kuni farzandlaringiz, nabiralaringizning duoyi jonini qilib, kamolini tilab yashar ekansiz, el-yurt tinchligi, baxt-u saodati haqida yanada ko‘proq o‘ylashingiz tabiiy. Chunki har bir odamning hayoti qanchalik mazmunli, fayzli, tarovatli bo‘lishi, avvalo, uning o‘ziga, shu bilan birga, uni o‘stirib voyaga yetkazgan elning to‘kin va osoyishta, dorilomon turmushiga bog‘liq. El-ulus tinch, obod va farovon yashasa, odamlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, ahillik va hamjihatlik mustahkam bo‘lsa, buning xosiyati va barokatidan, hech shubhasiz, barchamiz birdek bahramand bo‘lamiz.
Biz — nuroniy keksalarning baxtimiz shundaki, yangi O‘zbekiston o‘z oldiga tobora yuksak maqsadlar qo‘yib, kun sayin rivojlanib, yuksalib, obod bo‘lib, xalqimizning hayoti kundan kunga yaxshilanib bormoqda. Vatanimizning dunyo miqyosidagi obro‘-e’tibori ham oshmoqda. Hayotimizda har kuni bir yaxshi o‘zgarish, yangilikni ko‘rib, butun xalqimiz qatori biz — keksalar ham xursand bo‘lmoqdamiz. O‘zingiz tasavvur qiling, Buyuk Britaniyaning jahondagi eng nufuzli nashrlaridan biri bo‘lgan “Ekonomist” jurnali, 2019-yil yakunlari bo‘yicha, BMTga a’zo qariyb 200 ta davlat orasidan O‘zbekistonni “Yil mamlakati” sifatida tan olib, boshqalarga namuna qilib ko‘rsatib tursa, bundan faxrlanmasdan, g‘ururlanmasdan bo‘ladimi? Bunday yuksak e’tirof ilgari hech bo‘lganmi? Tinimsiz bunyodkorlik va yaratish zavqi bilan o‘tgan keyingi uch yillik davrni qo‘yaturing, faqat so‘nggi uch-to‘rt kunning o‘zida yuz bergan buyuk o‘zgarishlarni oling. Shularning o‘zini ta’riflashga ham til ojiz. Bularning barchasi mamlakatimiz milliy taraqqiyot yo‘lida erishgan yutuqlar bilan kifoyalanmasdan, yuksak, yanada baland marralarni ko‘zlab, shitob bilan oldinga borayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Umuman, qo‘lga kiritilgan natijalarga mahliyo bo‘lmasdan, doimo ilgari intilish, yangi-yangi marralarni zabt etish Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev faoliyatidagi eng muhim xususiyatdir, desak, xato bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbariga xos ana shunday azm-u shijoat, ham fikrlash, ham amaliy ishdagi shiddat va sur’at, har bir masalani zamon talablari asosida puxta o‘ylab amalga oshirish — barcha yutuqlarimizning garovi bo‘lmoqda.
Mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston — ya¬ngi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalariga ko‘ra, Oliy Majlisning yangi tarkibdagi palatalari, yangi hukumat ish boshladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qonunchilik palatasi va Senatning birinchi majlislarida, ushbu palatalarning qo‘shma yig‘ilishida so‘zlagan nutqlarida mamlakatimiz taraqqiyotining kelgusi besh yildagi istiqbol rejalarini aniq-ravshan belgilab berdi. O‘zbekiston rivojini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida boshlangan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom ettirilishi, ularning sifati va samaradorligi yanada oshirilishiga alohida e’tibor qaratdi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomasi nafaqat 2020-yil uchun, balki kelgusi besh yil uchun ham aniq harakat dasturi bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu noyob hujjatda har bir soha va tarmoqning, hududlarimizning rivojlanish istiqbollari aniq-ravshan belgilab berildi. Jamiyatimizdagi turli toifa vakillarining faoliyat yo‘nalishlari samarasini oshirish, hayot darajasi va sifatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, farzandlarimiz, nabiralarimizni yetuk va barkamol inson etib tarbiyalash bo‘yicha yangi fikr va g‘oyalar, amaliy taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Tabiiyki, bularning barchasi biz — faxriylarning zimmamizga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Ana shu mas’uliyatni chuqur anglab, Murojaatnomada belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirishda butun xalqimiz qatori biz ham, albatta, faol ishtirok etamiz.
Abdushukur MUHAMMADQULOV, mehnat faxriysi
Payariq tumani