Zamonaviy maktab — keng imkoniyatlar maskani
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Maktab bu — hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi, uni davlat, hukumat va hokimlarning o‘zi hal qilolmaydi, bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak”, degan so‘zlari bugungi kunda barcha ta’lim mutasaddilari oldiga maktablarni o‘zgartirish, yangi tipdagi maktablar tashkil etish uchun muhim vazifalarni belgilab berdi.
Maktabning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, qishloq va shahar maktablari orasidagi tafovutni yo‘q qilishga qaratilgan “Zamonaviy maktab” davlat dasturi qabul qilindi.
“Zamonaviy maktab” nima o‘zi?
Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida industrial ta’lim tizimidan informatsion ta’lim tizimiga o‘tish maqsadi belgilangan edi. Shu maqsadda mavjud maktablarning yarmini 2030-yilgacha “Zamonaviy maktab”ga aylantirish rejalashtirilgan. Zamonaviy maktabning oddiy maktabdan farqi shundaki, muayyan namunaviy loyiha va jihozlash me’yorlari hamda o‘qitish jarayonida zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, samaradorlikni oshirishga qaratiladi.
“Zamonaviy maktab” davlat dasturidan maqsad — maktabning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va nufuzini oshirish, sifatli ta’lim xizmatlari ko‘rsatishni respublika miqyosida keng joriy etish, joylashgan o‘rnidan qat’i nazar, qishloq va shahar maktablarining moddiy-texnik bazasi hamda ta’minlanish darajasidagi tafovutlarni bosqichma-bosqich kamaytirib borish asosida o‘quvchilarning ta’lim olishlari uchun teng shart-sharoit yaratishdir.
Zamonaviy maktabning asosiy vazifalari — har bir o‘quvchining qobiliyatini ochib berish, raqobatbardosh hayotga tayyor insonni tayyorlashdir. Ushbu maktab bitiruvchilari mustaqil ravishda o‘z oldiga qo‘yadigan maqsadlarga erisha oladigan, turli hayotiy vaziyatlarga mohirona yo‘l topa oladigan tarzda tarbiyalanishi kerak.
Zamonaviy maktabda o‘quv darsliklarining mazmun-mohiyati, dizayni, maktab binosi qulayliklari, jihozlanishi, hatto o‘qituvchi va o‘quvchining tashqi ko‘rinishiga ham qat’iy e’tibor beriladi. O‘quvchi maktabga ta’lim olish uchun intilib kelishini ta’minlash bo‘yicha jahon tajribalarini o‘rganib, mamlakatimiz uchun samarali yangi modellarni yaratish, sinov¬dan o‘tkazish, samaradorligini aniqlash va amaliyotga joriy qi¬lish ko‘zda tutilgan.
Darslar qatoriga yangi tadqiqotlar, dizayn, boshqaruv, o‘yin kabi faoliyat turlari kiritilishi zarur. Bularni amalga oshirishda bizga STEAM ta’limi qo‘l keladi. Chunki bu ta’lim amaliyotga bog‘liq, ya’ni o‘quvchilar olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llab kelajakda hayot uchun zaruriy ko‘nikmalarni egallaydilar, shuningdek, bu ta’lim kreativ fikrlashni ham rivojlantiradi.
“Zamonaviy maktab”larni tashkil etish borasida Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika Ta’lim markazida ham muayyan ishlar olib borilmoqda. Respublika ta’lim markazining 2019-yil 20-dekabrdagi 88-sonli buyrug‘i qabul qilindi. “O‘quv adabiyoti talabi, istiqboli va dizayni” bo‘limi metodistlari tomonidan “Zamonaviy maktablar”ning jihozlanishi bo‘yicha me’yorlar ishlab chiqildi, qolaversa, zamonaviy maktablar va ularning rahbarini baholash mezonlari loyihasi ham ishlab chiqilmoqda.
T.XUDOYQULOV, A.AMINOVA, Respublika ta’lim markazi metodistlari