Navoiyni o‘rganish kaliti
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 8-sinfida buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning kichik lirik asarlaridan namunalarni o‘rganish ko‘zda tutilgan. Darslikda shoirning “Gardun gah manga jafo-u dunluq qildi...”, “Ahbob, yigitlikni g‘animat tutunguz...” deb boshlanuvchi, “Ey umri aziz” va “Bo‘lmas emish” radifli ruboiylari, “Bormog‘in”, “Sarvi gulruxsoridin”, “Butmagan” tajnisli tuyuqlari va “Yuqar yamonlig‘ angakim, kirar yamon el aro...”, “Ulki, sanga eldin erur aybgo‘...”, “Men — sinuq, ko‘nglum — sinuq, sabrim uyi — xud yerga past...” deb boshlanadigan fardlari tahlili o‘rin olgan.
Har qanday asarning ma’no-mazmuni birlamchi hisoblanadi, albatta. Lekin har qanday ma’no-mazmun shaklga joylashtiriladi. Shuning uchun asar badiiyatini o‘rganishda shakl va mazmun uyg‘unligidan kelib chiqish lozim.
8-sinfda Navoiy qalam surgan ana shu uch kichik lirik janrning shakliy xususyatlarini yaxshi o‘rganmay turib maqsadga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun darslikda bu uch janrning shakliy xususiyatlari haqida kerakli ma’lumotlar berilgan. Biroq endi o‘qituvchi o‘quvchilar ularni oson o‘zlashtirishi yo‘llarini izlashi kerak.
Avvalo, ana shu janrlar o‘rtasidagi o‘xshashliklarni topish va uni o‘quvchilar ong-tafakkuriga joylash kerak bo‘ladi. Buni darsda uchala janrga tegishli asarlar o‘tib bo‘linganidan keyin takrorlash sifatida amalga oshirish mumkin.
Avval farqli taraflarni sanab o‘tamiz. Ruboiy ham, tuyuq ham — to‘rtgina satrdan tashkil topadi. Ruboiyda ham, tuyuqda ham aaaa, ya’ni hamma satrlar o‘zaro qofiyalangan yoki aaba, ya’ni birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi satrlargina o‘zaro qofiyalangan bo‘lishi mumkin. Ruboiyning ham, tuyuqning ham o‘z muayyan vazni bo‘ladi, ya’ni o‘sha vaznga tushmagan asar bu janr namunasi hisoblanmaydi.
Keyin farqlar haqida so‘z boradi. Ruboiy aruzdagi hazaj bahrining axram va axrab yo‘nalishlaridagi 12 tadan jami 24 vaznda bitiladi. Hazajning asosiy rukni esa — “mafoiylun”. Bunda rukn bir qisqa va uch cho‘ziq hijodan tashkil topadi. Tuyuqda esa bunday imkoniyat yo‘q. U ramal bahrida, ramalning ham faqat va faqat ramali musaddasi mahzuf (yoki maqsur) vaznidagina bitiladi. Ramalning asosiy rukni — “foilotun”. Bunda rukn bir cho‘ziq, bir qisqa va yana ikki cho‘ziq hijodan tashkil topadi. Yana bir farq shundan iboratki, ruboiy qofiyalarida tajnis, ya’ni shakldosh (omonim) so‘zlar ishlatilishi shart emas. Lekin ishlatilsa ham, bo‘laveradi. Ammo tuyuqda qofiyaga olingan so‘zlar tajnisli bo‘lishi — shart. Bu shart keyinchalik tuyuq vazni uchun muhim bo‘lib qolgan.
Fardning esa ruboiy va tuyuqdan farqli tomonlari ko‘p. Birinchidan, fard ikki misradangina tashkil topadi, to‘rt satrdan emas. Ikkinchidan, ayrim fardlar qofiyali bo‘ladi, ayrimlari esa qofiyasiz ham yozilaveradi. Fardning vazni ham har xil bo‘laverishi mumkin.
O‘quvchiga ana shu o‘xshash va farqli jihatlar yaxshilab o‘rgatilmasa, ular bu asarlar mohiyatiga yeta olmaydi.
Bunday o‘ta nozik va muhim jihatlarga esa o‘qituvchi oliy ta’lim muassasasida olgan, o‘z ustida ishlash natijasida to‘plagan bilimlari, shuningdek, darslikni puxta-pishiq o‘qib-o‘rganishi evaziga erishadi.
Ko‘pincha o‘quvchilar darslikni puxta o‘zlashtirmagani uchun ularning bilim saviyasi ko‘tarilmaydi. Shuning uchun o‘quvchilarda maktab darsliklaridagi bilimlarni o‘zlashtirish ko‘nikmalarini hosil qilish va kuchaytirish — juda-juda zarur. Bu Alisher Navoiy ijodini o‘rganishda ham nihoyatda qo‘l keladi.
Dildora G‘AFFOROVA, Buxoro shahridagi 28-maktab o‘qituvchisi