Yakuniy festival o‘tkazildi
Mirzo Ulug‘bek tumani xalq ta’limi bo‘limining ijtimoiy fanlar metodisti N. Rustamova boshchiligida tumanning ijtimoiy fanlar o‘qituvchilari “Yanvar — tarix va huquq fanlari” oyligining yakuniy festivali o‘tkazildi. Prezidentimizning beshta tashabbusi ijrosini amalga oshirish maqsadida “Yangilanayotgan O‘zbekiston” shiori ostida “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” deb nomlangan tadbir tashkil etildi. Tadbir avvalida O‘zbekiston tarixiga oid milliy hunarmandchilik, kulolchilik buyumlari hamda tarixiy shaxslar, allomalarning portretlaridan iborat ko‘rgazmalar tashkil etildi. Tadbirda tuman tasarrufidagi umumta’lim maktablarining o‘quvchilari O‘zbekiston tarixiga oid tarixiy davrlarni sahna ko‘rinishlari orqali yoritdilar, shuningdek videotaqdimotlarni himoya qildilar hamda “Tarixiy obidalar tasviri” yo‘nalishida jarayonning o‘zida rasmlar chizishdi.