Maktab mashmashalardan qutuldi
Norin tumanidagi 15- , 29- umumta’lim maktablari binosi ichiga joylashgan mahalla fuqarolar yig‘ini idoralarining ta’lim-tarbiya jarayoniga xalal berayotgani haqidagi “Maktabdagi mahalla idorasi yoxud “tekin” tomoshalar mashmashasi” nomli tanqidiy maqola “Ma’rifat” gazetasining 2019-yil 7- avgustdagi 61-sonida chop etilgan edi. Mazkur maqola yuzasidan ham Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorovga 2019-yil 9-avgustda muammoga e’tibor qaratishlarini so‘rab, xat jo‘natilgan edi. Mutasaddilarning javobi O‘zA saytida e’lon qilindi.
“Norin tumani hokimligi quyidagilarni ma’lum qiladi: Tanqidiy materialda tumandagi maktablarda mahalla fuqarolar yig‘inlari idoralari joylashganligi to‘g‘risida ma’lumot keltirilgan. Maqolada ko‘rsatilgan 15- va 29- sonli umumta’lim maktablarida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, “Oila-mahalla-maktab” tamoyili asosida yoshlar tarbiyasini yaxshilash maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlari idoralari joylashtirilgan edi.
15-umumta’lim maktabida joylashgan “Shahidmozor” MFY idorasi 2019-yil 18-noyabr kuni mahalla guzari binosiga, 29-umumta’lim maktabida joylashgan “Kemaboshi” MFY idorasi alohida binoga ko‘chirib chiqarilgan. Hozirda tumandagi birorta ta’lim muassasasi binosida mahalla fuqarolar yig‘inlari joylashtirilmaganligini ma’lum qilamiz.
“Ma’rifat” gazetasi tahririyatiga maktablarda ta’lim sifatiga xalaqit berishi mumkin bo‘lgan omillarni yo‘qotishni maqsad qilgan ushbu material uchun minnatdorchilik bildiramiz va o‘zaro hamkorlik uchun doimiy ochiqlik tamoyillariga amal qilishga tayyormiz”.
Norin tumani hokimligi Axborot xizmati