Ochiq dars qiziqarli o‘tdi
Yunusobod tumanidagi 260-maktabning matematika fani o‘qituvchisi Gulsanam Saidova “Kvadratlar ayirmasi formulasidan foydalanib mashqlar yechish” mavzusida 7-sinf o‘quvchilariga ochiq dars o‘tdi. Unda interfaol metodlar, mavzuga mos qiziqarli o‘yinlar, AKT va ko‘rgazmali qurollardan foydalanildi.
Dastlab o‘quvchilar “Abu Rayhon Beruniy”, “G‘iyosiddin Al-Qosim”, “Al-Xorazmiy” deb nomlangan guruhlarga bo‘lindi va har bir guruh sardori o‘z jamoasiga qo‘yilgan nom haqida ma’lumot berdi. Guruhlar orasidagi raqobat birinchi shartdayoq sezildi. Doskada yozilgan misollarni yechishda guruhlar birgalikda harakat qilishdi. Javobni birinchi bo‘lib topgan jamoa rag‘batlantiruvchi kartochka bilan taqdirlaqdi. Teskor savol-javob shartida esa guruhlardan 2 daqiqa ichida mavzuga oid savollarga to‘g‘ri va aniq javob berish talab qilindi. Berilgan vaqt reglamentida ko‘proq savolga javob bergan jamoa g‘olib bo‘ldi. Dars yakunida faol ishtirok etgan o‘quvchilarga kitoblar sovg‘a qilindi.
— Darsda men ko‘poq qiziqarli o‘yinlar va interfaol usullardan foydalanishga harakat qildim, — deydi Gulsanam Saidova. — O‘quvchilarni guruhlarga bo‘lib ishlash darslarda yaxshi samara beradi. Mavzuning yaxshi tushuntirib berishda ko‘rgazmali qurollarning o‘rni beqiyos. Ochiq darslar o‘quvchilarning fan mohiyatiga yanada chuqurroq kirishiga yordam beradi.
Umarbek O‘ZBEKOV