Zar qadrini zargar bilar
U ona tili ta’limidagi mavjud chayir an’analar panjarasini buzib, tashqariga chiqa oldi. Bugungi ta’limning asosiy maqsadi ham aslida shu. Biroq har qanday yangilik birdaniga tushunarli bo‘lib, hammaga ma’qul keladi, deyish orzudan boshqa narsa emas. Zero, jamiyatda aqidaparastlar noan’anaviy fikrlovchilardan, konservatorlar innovatorlardan ancha ko‘p, ularning nisbatini aniqlashda ham kamida 80 ga 20 qoidasi amal qiladi. Ijtimoiy tarmoqlar, “Telegram” kanallari orqali o‘qituvchilar fikrini o‘rganar ekanmiz, o‘z ustida tinimsiz ishlaydigan, mahoratli o‘qituvchilar darslikdan foydalanish qanday maroq bag‘ishlayotgani, o‘quv topshiriqlarini bajarganda o‘quvchilarining ishtiyoq ortayotgani haqida yozishmoqda. Shuncha “Ona tili” darsliklari bor, biroq faqat yangi 8-sinf darsligigina mamlakat o‘qituvchilarini hamkorlikda ishlashga, tajriba almashishga undadi. Minglab o‘qituvchining bir kanal(8-sinf tahlil guruhi)ga jam bo‘lishi, shubhasiz, darslikning qimmati va mazmuniga, undagi o‘quv topshiriqlarining sifatiga ishora qilayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Zar qadrini zargar biladi, deydi dono xalqimiz. Ushbu darslik orqali mamlakatning 8-sinf o‘quvchilari tilimizga xos bo‘lgan katta so‘z boyligiga, asosiysi, nutqiy ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishmoqda. Darslikdagi “Radionutq tayyorlang”, “Telenutqqa tayyorlaning”, “Diagrammani izohlang” kabi qiziqarli topshiriqlar har qanday o‘quvchida tilni egallashga ishtiyoq paydo qiladi. Darslik tamomila o‘quvchini hayotga tayyorlashga yo‘naltirilgan. Grammatik ma’lumotlar ataylab boshqa o‘quv materiallari soyasida qoldirilgan.
Zamonaviy darslikka tomon tashlangan dastlabki qadam bo‘lgani bois u ayrim xatoliklardan, maromiga yetmagan nuqtalardan ham xoli emas. Nazariy ma’lumotlarning ayrimlari munozarali bo‘lsa-da, o‘quvchiga ilmiy xabardorlik nuqtayi nazaridan vaqtincha qoldirildi. Ayrim bilimdon o‘qituvchilar grammatikabozlikka o‘rganib qolganligi uchun hali ham ularning sinfdagi hamma o‘quvchini tilshunos qilish niyati mazkur noa’ananaviy darslikdan ham grammatik xatolik izlashlariga sabab bo‘lmoqda. Repetitorlikni hayot va faoliyat tarziga aylantirib olgan ba’zi o‘qituvchilar “Shum bola”dagi “Abo Muslim” jangnomasini o‘qiyotgan bangilar kabi jamiyat taraqqiyoti va shaxs takomili uchun bir pulga ham arzimaydigan grammatik qoidalarni muhokama va munozara mavzusiga, ona tili ta’limining bosh maqsadiga aylantirib olib, “grammatik kaltak”lar bilan raqiblarini mot qilishdek o‘ta bachkana ishlar bilan shug‘ullanayotgani nafaqat kulgili, balki yig‘laguli, achinarli. Muhtaram o‘qituvchi, asosiy maqsadimiz “o‘quvchilarning ijodiy tafakkurini yuksaltirish, tafakkur mahsulini og‘zaki va yozma shakllarda nutq sharoitiga mos ravishda to‘g‘ri va ravon ifodalash malakasini yuksaltirish”dan iborat ekanligini, buning natijasi esa uch mezon — 1) o‘qish texnikasi; 2) o‘z fikrini to‘g‘ri va ravon ifodalash; 3) o‘zgalar fikrini to‘g‘ri va aniq anglash asosida baholanishini unutmaylik. Baholash mezonlari sirasida “lingvistik bilimlar” degan joyi yo‘q. “Sodda kesim” va “murakkab kesim” tushunchasi og‘zaki va yozma nutq takomili uchun qanchalik zarur, bu tushunchalar amaliy natija uchun (albatta, OTMga kirishni amaliy natija deyish kerak emas) ishlayaptimi, agar ishlamasa, bu tushunchalardan ham voz kechib, faqat “kesim” tushunchasini qoldirish kerakdir. O‘quvchini ega, kesim kabi bilimlar asosida emas, ega va kesimni to‘g‘ri qo‘llash malakasi bo‘yicha imtihon qilish davriga qadam qo‘ymoqdamiz. Axir, ona tili ta’limida ham avtomaktablardagi bitiruvchilar avtomobilning ichki qurilishi bo‘yicha emas, balki avtomobilni boshqarish bo‘yicha imtihon topshirishlaridan ibrat olishimiz kerak emasmi? Nahotki, ona tili ta’limi tizimida mohiyat avtomaktablardagichalik ham anglay olinmasa? Qiyos uchun kechirim so‘rayman, ammo bu achchiq haqiqat!
Darsliklarda ortiqcha grammatizmni keskin qisqartirish Xalq ta’limi vazirligi ona tili ta’limi bo‘yicha siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. “Ona tili” darsliklarida o‘quvchida ravon nutq, teran tafakkur, ijodiy fikrlash qobiliyatini, o‘qish savodxonligini rivojlantirishga xizmat qiladigan o‘quv materiallarigina o‘rin oladi. O‘qituvchilarimiz til o‘qitish va tilshunoslik muammolarini, ona tili ta’limining yuqorida zikr etilgan va ataylab ajratib ko‘rsatilgan bosh maqsadini aniq farqlab olmagunlaricha tushunmovchiliklar, noo‘rin e’tirozlar bo‘lib turaveradi. Ma’lumot uchun aytib o‘tish lozimki, dastur va darsliklar mazmuni 1-sinfdan 11-sinfgacha tubdan qayta ishlab chiqiladi, o‘zgaradi. Ona tili o‘qitish metodikasi yangilanadi. Endi zamonaviy o‘qitishga o‘tiladi, 8-sinf “Ona tili” darsligi bizni ana shu jarayonga qisman bo‘lsa-da tayyorlagani bilan ham qimmatli. Biz uni o‘tish davri darsligi deb baholash tarafdorimiz.
Darsliklarda kesimning tuzilishi bo‘yicha ma’lumotlar ziddiyatli ekanligini e’tirof etamiz. Bu va bu kabi masaladagi har qanday talqinda o‘qituvchilar qarama-qarshi guruhlarga bo‘linib qolaveradilar. Bunga 8-sinf darsligidagi ushbu qoidalarni o‘quvchilar yoshiga moslashtirish harakatimiz natijasida amin bo‘lib turibmiz. Chunki ushbu masalaning o‘zi bo‘yicha fanda yakdil qarash yo‘q. Muammo yechimi bitta — darsliklarda shunday chalkash tushunchalardan voz kechish vaqti keldi. Muallif professor Baxtiyor Mengliyev darslikning ilk variantida murakkab bo‘lak (kesim) deganda faqat so‘z birikmasi bilan ifodalangan kesimni olish fikrida edi. Biz mas’ul muharrir va taqrizchilar ustozni hozirgi holatga ko‘ndirgan edik. Chunki murakkab so‘z va murakkab kesim tushunchasini birmuncha yaqinlashtirish o‘quvchilarni anglashilmovchiliklardan saqlar edi. Garchi ustozning fikrlari ilmiy haqiqat bo‘lsa-da, yana chalkashliklarni keltirib chiqarar, bu ilmiy tushunchaning amaliy ahamiyati esa zarraning zarrasidan ham kam bo‘lar edi.
Darslikka nisbatan bildirilayotgan ayrim e’tirozlar, jumladan, mashq va topshiriqlarning ko‘pligi masalasi (ko‘proq berilgani imkoniyat-ku, tanlab olish mumkin bo‘ladi) o‘qituvchilarning tushunmasligi, to‘g‘rirog‘i, tushuntirilmagani bilan bevosita bog‘liq. Hozir bu darslikdan vaqtincha bo‘lsa-da, Prezident maktablarida ham, ijod maktablarida ham, ixtisoslashtirilgan sinflarda ham foydalanilmoqda.
“Bu ma’lumot darslikda yo‘q, olib tashlangan” degan e’tiroz endi qabul qilinmaydi. O‘qituvchining vazifasi nimadan iborat? Darslikda borini aytib berishmi? Unda o‘qituvchining o‘quvchidan farqi nimada? Yaqin kelajak ta’limi darslikdan tashqariga ham chiqadi, topshiriq orqali lug‘at va kerakli boshqa manbalarga bog‘lanish, izlash, topish, solishtirish, yaratish kabi hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishni vazifa ham qilib qo‘yadi. Endi ona tili darsliklari repetitor-o‘qituvchilarga tilshunoslik nazariyasiga doir gipotezalarni asoslash vositasi, abituriyentlarga tushuntira olmagan fikrlarni dalillash, bahslashganda “garov” kabi vazifalarni bajarmaydi, o‘quvchilarda adabiy tilda gapirish, savodxon yozish, ifodali o‘qish, ish qog‘ozlarini yuritish va muloqot madaniyatini rivojlantirish manbayi bo‘lib xizmat qiladi. U, avvalo, o‘quvchi kitobi. O‘qituvchi bilimini boshqa manbalardan boyitsin, qo‘lidan kelsa, zarur o‘rinlarda darslikning kamchiliklarini to‘ldirsin.
Xullas, grammatik ma’lumotlar bilan bog‘liq “chalkashlik” deb e’tirof etilayotgan tushunmovchiliklar keyingi nashrlarda olib tashlanish ehtimoli katta. O‘zbek o‘quvchisi grammatik bilim asosida gapirmaydi, kesimning murakkabligi, so‘z birikmalari zanjiri, bitishuv yoki moslashuv ekanligi bo‘lajak tilshunosga kerak, ko‘ksi orzuga to‘la o‘quvchiga esa nutqiy kompetensiya, uquv kerak. Amaldagi darslikda ona tilini o‘rganish imkoniyati mavjud.
Keling, bundan keyin grammatik mavhumliklar bo‘yicha emas, ona tili ta’limining bosh maqsadini ro‘yobga chiqarish yo‘li — o‘qitish metodikasi, til imkoniyatlarini o‘quvchilarga singdirish, so‘z ta’limi bo‘yicha bahs yuritaylik. Ana bu bahs millat ravnaqi, yurt taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.
G‘ofir HAMROYEV, Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori