Bizga manzur bo‘ldi
Fikrlash qobiliyatini faollashtirish, nutqini rivojlantirish uchun darslik va uslubiy qo‘llanmalar bilan ishlash jarayonida o‘quvchi matnni tushunishi va uni eslab qolishi kerak. O‘qib chiqilgan matnni muayyan shakl, ko‘rinishda tasavvur qilish, materialni mazmuniga ko‘ra tasniflash, asosiy mazmunini belgilovchi o‘rinlarni ajratish, materiallarni qayta joylashtirish, matnning qayta bog‘langan qismlarini qo‘shish, reja tuzish kabi usullar matnni puxta o‘zlashtirish imkonini beradi. Mantiqiy fikrlash natijasida fikr eslab qolinadi.
Masalan, 8-sinf “Ona tili” darsligidagi “Kesim” mavzusini olaylik. Yangi tahrirdagi “Ona tili” darsligida bu mavzuda qoidalar, mashqlar qayta ishlangan. O‘quvchilar yangi mavzuni yaxshi o‘zlashtirishlari uchun mavzuga mos integratsiya singdirilgan mashqlar berilgan. Eski 8-sinf “Ona tili” darsligida fe’l kesim hamisha sof fe’l — fe’lning tuslangan shakllari bilan ifodalanadi, deyilgan. Masalan: Men maktabga boraman. Yangi tahrirdagi darslikda esa fe’l kesim sof fe’l, ba’zan esa ravishdoshning -guncha shakli orqali ifodalanishi aytilgan: Ishning boshi boshlanguncha.
Eski darslikda ot kesim ot, sifat, son, olmosh, ravish, modal so‘z, harakat nomi va sifatdosh bilan ifodalanadi, deyilgan. Yangi tahrirdagi “Ona tili” darsligida ot kesim ot, sifat, son, olmosh, ravish, modal so‘z, harakat nomi, sifatdosh, taqlid va undov so‘z bilan ifodalanadi, deb qoidaga kiritilgan. Endi savol tug‘ilishi tabiiy: sifatdosh fe’l kesim bo‘lib keladimi yoki ot kesim? Albatta, sifatdosh fe’l kesim bo‘lib keladi. Masalan: Xat kecha yuborilgan.
Agar sifatdosh otlashgan bo‘lsa, fe’l kesim emas, ot kesim bo‘ladi. Masalan: Bular — taniganlarim. Mazkur holatda sifatdosh otlashgan. Sifatdosh bog‘langan ot tushib qolganda sifatdosh otlashadi. Mantiqan otlashgan sifatdosh kesim bo‘lib kelganda u bog‘langan so‘zning ot ekanligini e’tiborga olsak, uning ot kesim bo‘lib kelishi to‘g‘ridir.
Yigit kishining uyalgani — o‘lgani, eman daraxtining egilgani — singani. Bu — otlashgan sifatdosh. Endi shu gapda tushib qolgan egani tiklaymiz: Yigit kishining uyalgan holati — o‘lgan holati(dir), eman daraxtining egilgan holati — singan holati(dir)(Maqol). Xulosa qilib aytganda, otlashgan sifatdosh ot kesim vazifasini bajaradi. Shu bilan birga quyida harakat nomi, taqlid va undov so‘zlar ham ot kesim vazifasida kelishiga amin bo‘lamiz.
Harakat nomi bilan: Burchimiz — a’lo o‘qish.
Taqlid so‘z bilan: Ko‘chada odam g‘uj-g‘uj.
Undov so‘z bilan: Endi uning holiga voy.
Demak, fe’l kesim ish-harakatni, ot kesim narsaning turi yoki belgisini ifodalaydi. O‘quvchilarga qiyoslab o‘rgatish orqali ham bu mavzuni yaxshi singdirish mumkin.
Yangi tahrirdagi darslikning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, unda ko‘pincha lug‘atlar bilan ishlash maqsadida “Matn va lug‘atlar bilan ishlash” mavzulariga soatlar ajratilgan. Chunki o‘quvchi nutqining rivojlanishi uchun uning so‘z boyligi qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi..
Malika XO‘JAYEVA, Hazorasp tuman XTB ona tili va adabiyot fani metodisti