Yangi darslik: E’TIROF-U E’TIROZLAR…
“Ma’rifat” gazetasining o‘tgan yilgi nashrlarida ona tili ta’limi bilan bog‘liq juda ko‘p maqolalar chop etildi. Xususan, til ta’limiga e’tibor, ona tili darsliklari haqidagi bir necha mulohazalar mushtariylar e’tiboriga havola etildi. Bugun biz yana yangi chop etilgan darsliklarning yutuqlari va kamchiliklari haqida to‘xtalsak.
Adabiyotshunoslarga va endi 8-sinf o‘quvchilariga ham yaxshi tanish bo‘lgan Jaloliddin Rumiyning “Tilshunos va qayiqchi” hikoyatidan kelib chiqadigan xulosa 8-sinf “Ona tili” darsligi uchun maqsad qilib olingandek go‘yo. Chunki sinfdagi hamma o‘quvchi filolog bo‘lmaydi. Ular orasida boshqa kasb etagini tutadiganlar ham bor. Darslikning juda ko‘p topshiriqlarida, mashqlarida shu masalaga jiddiy e’tibor berilgani yangi 8-sinf “Ona tili” darsligi-ning hamma kutgan yutug‘i desak adashmaymiz.
Ta’limning maqsadi — o‘quvchini shaxs sifatida hayotga tayyorlash. Darslikda keltirilgan rivoyat, hikoyatlar, hattoki mashqlarda tahlillar uchun berilgan gaplar nafaqat tilning grammatikasini o‘rgatishga, balki o‘quvchini mulohazaga chorlovchi fikrlar ekanligi, ayniqsa, e’tirofga sazovor. Darslik mualliflari hikoyatlarni, mashqdagi gaplarni tanlashda kreativlik — ijodkorlik tamoyiliga amal qilishgan. “Fil hikoyati”, “Hunar xosiyati”, “Amir Temur va Me’mor”, “Bir sahifa sharhi”, “Tilshunos va qayiqchi”, “Hilm nima” kabi hikoyatlar fikrimiz dalilidir. Keling, darslikni birgalikda o‘qiymiz.
Quyi sinflarda o‘rgatilgan qoidalarning ayrimlari eslatma tarzida berib o‘tilishi o‘quvchining shu mavzuga daxldor mashqlarni bajarishiga kalit vazifasini bajaradi. Masalan, 3-dars “Mustaqil so‘zlar” mavzusini takrorlash. 8-betda shu mavzuga oid eslatma bor.
Mashqlarda so‘zlar izohining havola etilishi va bu izohlar to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdim etilmay aralash holatda kelishi o‘quvchini mustaqil ishlashga ham majbur qiladi. Bu kabi mashqlar berilgan so‘zlardan og‘zaki nutqda to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantiradi. Masalan, 31-mashqda insho, bilim, ko‘nikma, malaka, tafakkur, izlanish, mas’uliyat kabi so‘zlar izohi berilgan (18-bet). Aslida, bu so‘zlarning barchasi ilmga doir harakatlarni ifodalaydi.
12-dars “Inshoning mavzu va mazmuniga ko‘ra turlari”. Avvalgi darsliklarda insholar bu tasnifga ko‘ra adabiy, adabiy-ijodiy, erkin mavzudagi insholarga bo‘lingan. Chindan ham adabiy va adabiy-ijodiy insholar orasida deyarli farq yo‘q edi. Yangi darslikning yutug‘i bu tasnifga ilmiy insho turi kiritilgani. Darslikda ilmiy inshoga namuna berilgani, aynqisa, tanlangan inshoning zamon bilan hamnafasligi hozirgi ta’limdagi ustuvor yo‘nalishlardan biri kompetensiyaviy tamoyil talablariga juda mos keladi (qarang: 30-bet “Globallashuv va tillar taraqqiyoti”).
“So‘z birikmasi” mavzusidagi ta’rif avvalgi darsliklarimizdagi kabi o‘ta murakkab, mavhum emas. Ta’rif 8-sinf o‘quvchisi uchun xos tilda berilgan. So‘z qo‘shilmasi haqidagi ta’rifga nisbatan ham shu fikrlarni aytish mumkin.
36-betdagi otli so‘z birikmasi, fe’lli so‘z birikmasi haqidagi qoidalar avvalgi darsliklarimizda aks etmagan edi. Odatda o‘qituvchilar bu qoidalarni boshqa qo‘shimcha manbalar asosida o‘rgatardi. Darslikda bu qoida o‘quvchi uchun juda tushunarli tarzda berilgan.
37-betdagi “Bilib oling” ruknida keltirilgan qoida tilimiz uchun, og‘zaki nutq uchun eng muhim bo‘lgan uchta birlikni tavsiflab, ular orasiga aniq chegara qo‘yib qo‘ygan (so‘z birikmasi – so‘z qo‘shilmasi — qo‘shma so‘z).
Shu sahifadagi 62-mashq o‘quvchining imlo savodxonligini oshirishga qaratilgan.
25–26-dars “Adabiyot” bilan bevosita bog‘langan. Umuman, mumtoz matn va ular bilan ishlash darslari yangi avlod darsligidagi muhim jihatlardan biridir.
27-dars til ta’limidagi eng chiroyli va eng zarur dars deb o‘ylayman. O‘qituvchi bu darsni to‘g‘ri tashkil eta olsa, har bir o‘quvchisining yangi qirralarini kashf etadi, so‘zlash qobiliyatini rivojlantira oladi.
Prezidentimiz Oliy Majlis palatalari qo‘shma yig‘ilishida qilgan ma’ruzasida ona tilimizni o‘rganishda IELTS baholash tizimiga o‘xshash tizim yaratish haqida taklif berdilar. Bu borada tegishli ishlar amalga oshirilayotgan bir pallada darsliklarimizda bu kabi mashqlar berilishi ayni muddao. Ona tilidan ayrim nazorat ishlarining og‘zaki tashkil etilishi o‘quvchining to‘g‘ri so‘zlash qobiliyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Chunki SO‘ZLASH yangi taklif etilayotgan tizimda asosiy baholash omillaridan biri bo‘lishi nazarda tutilgan. 43-, 44-darslarda ham shu jihatga alohida e’tibor berilgan.
78-, 79-, 80-mashqlar bilan ishlagan o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham o‘ziga bir dunyo xulosa olishi tayin. Mashqlarda keltirilgan har bir fikr saralab olingani tahsinga loyiq.
Yangi darslikda avvalgi 8-sinf “Ona tili” darsligidagi bir necha xato va kamchiliklar tuzatilgan. O‘ta ilmiy, faqat filologlargina bilishi kerak bo‘lgan qoidalardan voz kechilgan. Taqqoslash uchun avvalgi darslikdagi xato va kamchiliklarni aynan keltirishni lozim topdik (1-jadvalga qarang).
Bundan tashqari, ajratilgan bo‘laklar bilan bog‘liq tinish belgilarining qo‘llanishida ham yakdil fikr berilishi yangi darslikning yutug‘idir. 121-betdagi qoidada qaysi holatda vergul, qay holatda tire ishlatilishi aniq izohlangan.
2019-yilgi 8-sinf “Ona tili” darsligining so‘nggi qismida xatolarni tuzatish varag‘i joylashgan. Darslikni kuzatar ekanmiz, ayrim masalalarda mualliflarning fikri bizni qiziqtirdi.
“Rasmiy-idoraviy uslubda gaplar ixcham va aniq, mazmunli quriladi, ko‘pincha egasiz, kesimlari majhul nisbatda bo‘ladi”. Fikrimizcha kesim majhul nisbatda bo‘lsa, ega aynan harakatning bajaruvchisi emas, harakat bajarilayotgan obyekt bo‘ladi.
21-betda “Alisher Navoiy — g‘azal mulkining sultoni” mavzusiga insho rejasi namuna sifatida berilgan.
…Asosiy qism:
1. Alisher Navoiyning oshiqona g‘azallari.
2. Alisher Navoiyning orifona g‘azallari.
3. Alisher Navoiyning rindona g‘azallari.
Xulosa. Alisher Navoiy g‘azallari — o‘zbek she’riyatining mezoni.
8-sinf o‘quvchisida oshiqona, orifona, rindona g‘azallar haqida ma’lumot yo‘q. Xulosadagi rejada ham biroz g‘alizlik bor.
23-betda “Hamid Olimjon — baxt va shodlik kuychisi” mavzusiga reja namunasi ko‘rsatilgan.
…Asosiy qism…
1. Shoir ijodida shaxs fojiasi tasviri.
Mavzu va reja mantiqan o‘zaro nomuvofiq.
25-bet… Erkin mavzudagi insho ommabop uslubda yoziladi. Bizningcha, bunday insholar badiiy uslubda yoziladi.
50-bet “…Sodda gapda to‘liq shakllangan kesim bitta bo‘ladi. Ega va hol to‘g‘ridan to‘g‘ri kesimga bog‘lanadi”.
Sodda gapda hol kesimga bilvosita bog‘lanishi mumkin: Daladan charchab kelgan yigit tezda uxlab qoldi. “Daladan” holi “charchab kelgan” aniqlovchiga bog‘lanib, keyin kesimga bog‘langan.
52-bet Eslatma: -guncha qo‘shimchasini olgan ravishdoshgina kesim bo‘lib kelishi mumkin.
Bizningcha, shu o‘rinda bu fikr faqat sodda gaplarga taalluqliligini eslatib o‘tish lozim. Darsligimizning bu kamchiliklari kelgusida bartaraf etilishiga ishonchimiz komil. Lekin alohida e’tirof etish kerak bo‘lgan yutuqlar ham talaygina. Ayniqsa, sodda va murakkab rejaga ta’riflar, ularning farqi nazariya sifatida avvalgi darslikka kiritilmagan edi. 117-, 118-mashqlar, 100-topshiriq darslikning yana bir yutug‘i, chunki bu kabi mashqlar o‘quvchining intellektual salohiyatini o‘stiradi. Demak, darslik mualliflari yangi darslik yaratishda avvalgi muammolarimizni bartaraf qilishga urinishgan va ma’lum ma’noda bunga erishishgan ham.
Gulnoza XOLDOROVA, Namangan tumanidagi 21-IDUMI ona tili va adabiyot o‘qituvchisi, “Darsliklarni birgalikda takomillashtiraylik” onlayn tanlovi g‘olibi