“Buxanka” nemischa so‘zmi?
Nemis tilidan o‘zbek tiliga o‘zlashgan so‘zlar o‘zbek tili so‘z xazinasiga XX asrning birinchi va ikkinchi yarmidan boshlab kirib kela boshlagan. O‘z o‘rnida bu jarayonga birinchi va ikkinchi jahon urushining ta’siri katta bo‘lgan. O‘zbek adabiyotida nemis tilidan o‘zbek tiliga o‘zlashgan so‘zlarni ko‘plab uchratishimiz mumkin.
Fikrlarimizni isbotlash uchun quyidagi ko‘p qo‘llanadigan misollarni keltiramiz: Avaxta (hauptwache), bantik (band — tasma, tugun), bint (binge — bog‘ich, bog‘), bolt (bolt — mahkamlovchi chiviq temir), bort (bord yoki borte — chekka, yon, brak (brack — nuqson), buterbrot (butter — yog‘, brot — non), buxanka (vochenze — oq non), buxgalter (buch — kitob, halter — tutib yuruvchi), galstuk (halstuch — bo‘yin ro‘mol), gastrol (gast — mehmon, rolle — rol), grossmeyster (großmeister — katta usta), landshaft (landshaft — manzara), lenta (linte), linza (linse), masshtab (maß — o‘lchov, stab — tayoq), mentalitet (mentalität), mufta (muffe – val, tishli g‘ildirak), zal (saal — katta xona), vafli (waffel — asal), shablon (schablone — andoza, namuna), shayba (scheibe — lappak, gardish disk), shifer (schiefer): yarmarka (jahrmarkt — bir vaqtda o‘tkaziladigan katta bozor, savdo) va hokazo.
Bu so‘zlarning ko‘pi rus tili orqali kirib kelgani ayon. Ammo bu hamma yangi so‘zni o‘zbekchaga o‘zlashtirib lug‘atlarga kiritib yuboraverish kerak degani emas. So‘z o‘zi ifodalayotgan yangi ma’no bilan birga kirib kelsa, til bitta so‘z bilan birga milliy tafakkur yangi bir mazmun bilan boyiydi. Bunday vaziyatda yangi so‘zni bajonidil o‘zbek tiliga qabul qilish kerak. Ammo muqobili bo‘lib turgan so‘zlarni tilga tirkab qo‘yish milliy til uchun haqoratdir. Tashqi manba orqali tilning boyib borishi millatlar o‘rtasidagi munosabatlarga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishi, nemis tiliga qiziquvchilar safini yanada kengaytiradi va ona tilimiz so‘z boyligining boyishiga ham katta hissa qo‘shadi.
Pirim NURALIYEV, G‘uzor tumanidagi 18-maktab o‘qituvchisi