“Vazir soati”: akademik bo‘lishning uch sharti
20-fevral kuni Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov poytaxtimizning 262-umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi. Vazir maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, 5 tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bilan tanishdi. Hunar egallashga qaratilgan tikuvchilik bo‘yicha darslari, musiqa to‘garagi, qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari o‘quvchilarning har tomonlama rivojlanishlariga ko‘mak berayotgani ta’kidlandi.
Ibrohim Abdurahmonov “vazir soati” o‘tkazib, bitiruvchi sinf o‘quvchilariga o‘z hayot yo‘li haqida so‘zlab berdi. Vazir uzoq uzoq tog‘li hududidagi G‘ovasoy qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgani, qishloq maktabini tugatgani, lekin maktab davridayoq o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yib, avval tuman keyin viloyat, so‘ng respublika olimpiadalarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lganini xotirladi.
— Hech qachon “bizning avlodda olim bo‘lmagan”, “o‘qib shahar olib berarmiding” degan gaplarga ishonmang, — dedi vazir. — Har biringizning qoningizda yashirin potensial, buyuk ajdodlarimizdan qolgan imkoniyatlar mavjud. Katta maqsadlarni oldingizga qo‘ying va shu maqsadingiz sari intiling. Kuzatuvchan bo‘ling, bilmaganingizni so‘rashdan iymanmang, tirishing, harakat qiling, kerak joyda qaysarlik ham qiling. Olim bo‘lishning uchta sharti bor: birinchisi o‘qish, bilimga intilish; ikkinchisi, har qanday qiyinchiliklarda ham ortga qaytmaslik va uchinchisi, o‘z ishining ustozi, piri bo‘lgan odamlarga intilish.
Vazir fan doktori, akademik bo‘lguncha qanday qiyinchiliklarni boshidan kechirgani haqida so‘zlarkan, hozirda olimlar uchun yaratilayotgan sharoitlarga to‘xtaldi. Avvallari yurtimizda tadbirkorlar, bank xodimlari, prokuraturada ishlaydiganlarning daromadi yuqori deb hisoblangan bo‘lsa, hozirda ilm-fan bilan shug‘ullanuvchi odamlarning maoshlari yuqoriligi, ularning xorijda malaka oshirishlari, ilmiy ish bilan shug‘ullanishlari uchun imkoniyatlar borligi haqida gapirdi.
– Muhimi, ilm-fan bilan shug‘ullanib, siz insoniyat oldida turgan katta muammolarni hal qilasiz. Atrof-muhit zararlanishi, tabiiy boyliklarning kamayishi, insoniyatning yer kurrasida tobora ko‘payib borayotgani bois oziq-ovqat tanqisligi kabi umumbashariy muammolarning barini aynan katta bilimga ega bo‘lgan mutaxassislar, tadqiqotchilar hal qiladilar. Do‘kon ochib, savdo-sotiq qilib ham kuningiz o‘tar, lekin inson kun o‘tishi uchun yashamasligi kerak. Mendan keyin bu dunyoda nima qoladi, degan savolni oldingizga qo‘ying. Chet elda ta’lim olish kerak, ammo olingan bilimlarni Ona yurtimiz rivoji uchun qo‘llash kerak. Bu yurtimizni siz bilan biz obod qilmasak, hech kim chetdan kelib, biz uchun harakat qilmaydi.
I.Abdurahmonov, shuningdek, yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganini aytdi. Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi ham aynan o‘sib kelayotgan avlodning ilm-fanga, innovatsion tadbirkorlikka bo‘lgan ishtiyoqini parvarishlashga qaratilganini qayd etdi. Shu bilan bir qatorda, 262-maktab endilikda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, va shu munosabat bilan ushbu maktabda turli o‘quv, madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi, bolalarni poytaxtimizning eng ilg‘or ilmiy-tadqiqot muassasalariga ekskursiyalarga olib borilishi, vazirlik qaramog‘idagi ikkita ixtisoslashgan maktab-internatlari — Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek maktablari bilan hamkorlik o‘rnatilishi haqida kelishildi.
Tadbir so‘ngida 262-maktab direktori Gulnoza Zoirova maktabga kelgan mehmonlarga minnatdorchilik bildirdi. Kelgusi hamkorlik o‘quvchilar, pedagog-o‘qituvchilarning har tomonlama o‘sishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.