11-sinf darsligi kamchiliklari
Dars davomida N.M.Mahmudov, Y.R.Odilov, G.Sh.Ziyodullayeva hammuallifligida 2018-yili nashr etilgan 11-sinf “Ona tili” darsligidagi ayrim ma’lumotlarning qisqa va izohsiz berilgani o‘quvchilarga qiyinchilik tug‘dirayotganiga guvoh bo‘ldim. Jumladan, “Nutqning to‘g‘riligi” mavzusida o‘zbek adabiy tilidagi leksik, talaffuz, so‘z yasalishi, morfologik, sintaktik, uslubiy me’yorlar haqida to‘xtalingan-u, lekin ularning buzilish holatiga alohida e’tibor berilmagan, misollar orqali ko‘rsatilmagan, hattoki mashqlarda ularning buzilish holatiga namuna ham keltirilmagan.
“Mantiqiylik va grammatik vositalar” mavzusida “Nutqning mantiqiyligi ifoda nuqtayi nazaridan ko‘proq tilning morfologik va sintaktik sathi bilan bog‘liq”, deyilgan. Bu yerda sath tushunchasiga
e’tiborimizni qaratsak: o‘quvchi sath tushunchasini bilmasdan turib, yuqoridagi fikrni anglab olishi
murakkab.
“Nutqning boyligi” va “Nutq boyligini ta’minlovchi vositalar” mavzusida nutqning boyligini ta’minlashda leksik, semantik, grammatik, intonatsion kabi til vositalari muhim o‘rin tutishi aytilgan, lekin mashqlarda aynan so‘zlarning takrorlanishi va ma’nodosh so‘zlar bilan bog‘liq holatlar ko‘zga tashlanadi. Bu o‘rinda leksik (so‘z qo‘llash) vositalarni to‘g‘ri qo‘llash va so‘zlarning semantikasi(so‘z ma’nosi)dagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq mashqlar namuna va misollar bilan keltirilganda o‘quvchilar uchun juda qulay bo‘lar edi.
Fazliddin RO‘ZIBOYEV, SamDU filologiya fakulteti 4-kurs talabasi