Yuksaklarga intilgan ayol
O‘zining shijoati, ustozlik salohiyati bilan nafaqat tumanda, balki viloyat va respublikada el og‘ziga tushgan, ta’lim-tarbiya fidoyisi sifatida obro‘-e’tibor topgan ayol — Muzofot Ahmedova haqida bir maqola yozishni niyyat qilgandim. Mana, kirib kelayotgan yosharish faslida o‘zining tabarruk 66 bahorini qarshilayotgan opani qutlash bahona bu inson haqida so‘z yuritmoqni joiz deb bildim.
O‘z mehnat faoliyatini 1977-yili Pop tuman komsomol komitetida instruktor vazifasidan boshlagan opa keyinroq “Do‘stlik” kolxozida aholi turmush madaniyati ishlari bo‘yicha muovin, 1986-yildan tuman soveti ijroiya komitetida mas’ul kotib, 90-yillardan M.Ulug‘bek nomidagi 50-maktab-internat direktori, 2001—2009-yillarda Pop tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri, 2009-yildan hozirgi kunga qadar esa tumandagi 11-sonli maktab-internatida direktor vazifasida ishlab kelmoqda. O‘zining ko‘p yilliq mehnat faoliyatida opa juda ko‘p shogirdlar tayyorladi, ta’lim-tarbiyaning yuksalish yo‘lida ko‘p yugurib eldi. Qayerda faoliyat yuritmasin, jamoasini oldingi saflarga qo‘yishni o‘z oldiga maqsad qildi va albatta ko‘zlagan niyatlariga erishdi. Hozirda opa rahbarlik qilayotgan bilim dargohiga ko‘plarning havasi keladi. Boisi bilim va salohiyat bo‘yicha muassasa tumanda faxrli 1-o‘rinda, viloyatda mavjud 682ta maktablar ichida 3-o‘rinni , respublikada umumta’lim maktablari ichida esa 9-o‘rinni egallab turibdi.
Go‘zallikni sevgan insonning qalbi ham go‘zal bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shundan bo‘lsa kerak opa boshqarib kelayotgan maskan doimo gullarga burkanib turadi. Xodimlarini ham doimo guldek ochilib yurishini, ozoda, sarishta bo‘lishini talab qiladi. Opaning bir shiori bor: “Faqat yuksakka intilib yashash”. Bu shiorini jamoadagi barcha xodimlar ongiga singdirishni istaydi. Xoh u ustoz bo‘lsin, xoh xo‘jalik ishchisi, rahbar kichikko‘ngillik bilan unga yaxshiliklarni ilinadi va unga erishish yo‘lida xalol mehnat qilish joiz ekanini uqtiradi. Ana shu samimiyligi, mehribonligidan bo‘lsa kerak, uni keksa-yu yosh orqa-yu oldidan “opamiz” deya ardoqlaydi . Albatta bu hurmat-e’tiborga erishish, insonlar qalbidan birday joy olish uchun opa ko‘p umrini hayotining mazmuni hisoblagan jamoasida o‘tkazgan, uning dard-u tashvishi bilan yashagan.
“Opadan biz ko‘p tajriba o‘rganamiz, ular doimo bizlarga rahbar sifatida emas, yaxshi do‘st sifatida maslahatlar beradilar. Shuningdek opaning qattiqo‘lligidan barchamiz cho‘chiymiz. Buyurgan vazifalarini a’lo qilib bajarmagunimizcha opa tinib-tinchimaydi. Hammadan sidqidildan ishlashni talab qiladi”, deydi maktabning fidoyi ustozlaridan Roza Yuliyeva.
“Bilim va tartib-intizom yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bu maktabda farzandlarimni o‘qitishni orzu qilardim va orzuimga erishdim, — deydi ota-onalardan Munira Salohiddinova. — Ushbu dargohda bilimli va mahoratli ustozlardan saboq olgan farzandim “Prezident maktabi”ga birinchi o‘rinda qabul qilindi. Men bundan baxtiyorman!”.
Opa bu dargoh bitiruvchilarini “Mening farzandlarim”deya faxrlanib gapiradi. Ular turli jabhalarda obro‘-e’tibor topib faoliyat yuritmoqdalar. Yana ko‘plari Koreya, Singapur, Amerika, Rossiya davlatlarida tahsil olmoqda. Maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilarga ham baland orzular sari qadam qo‘yishga barcha shart-sharoitlar yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi, fidoiy rahbar, mehribon ustoz va oqila ayol Muzofotxon Ahmedova o‘zining ta’lim sohasidagi 43 yillik samarali mehnati mahsulini ko‘rib bugun ko‘zlar quvonadi. Keksalikni aslo bo‘yniga olmay, doimo bahorday ochilib yuradigan zamonaviy rahbar, yaxshilikka intilib yashaydigan, insonlar qalbidan joy egallagan ayol, ahil jamoaning mehribon onasi Muzofotxon Ahmedovani qutlug‘ yoshni qarshi olayotgani bilan muborakbod etib, doimo elning yuksak e’tirofida bo‘lishini tilab qolaman.
Yulduz ALIMOVA