Xalqaro olimpiada bilim darajamizni belgilaydi
O‘quvchi-yoshlar o‘rtasida chet tilini o‘rganishga qiziqish tobora kuchayib bormoqda. Ular til o‘rganish borasidagi bilimlarini turli olimpiada, musobaqalar orqali sinovdan o‘tkazib ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqdalar.
Ana shunday olimpiadalardan biri O‘zbekistonga 2018-yilda kirib kelgan ELPC (English Language Proficiency Competition) nodavlat tashkiloti tomonidan o‘tkazib kelinayotgan xalqaro “HIPPO” nodavlat ingliz tili fani olimpiadasidir. Ushbu olimpiada Angliyadagi “Pearson Education” va “Gatehouse awards” tashkilotlari hamkorligida Italiyaning “Global HIPPO Association” uyushmasi tasarrufida tashkil etilgan va dunyoning eng yaxshi ingliz tili fani olimpiadasi sifatida tan olingan. Olimpiadada har yili 40 dan ortiq mamlakatdagi 1–11-sinf davlat va nodavlat ta’lim maskanlari o‘quvchilari va akademik litsey, kollej yoshlari ingliz tili fani bo‘yicha 3 bosqichda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadi.
Yaqinda ushbu olimpiadaning viloyat bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Respublika bo‘yicha 5000 ga yaqin ingliz tilini o‘rganuvchi o‘quvchilar ishtirok etgan olimpiada yuqori saviyada tashkillashtirildi. Xususan, Farg‘ona viloyatida ham juda tartibli va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Saralash bosqichida o‘quvchilar o‘qish, tinglab tushunish va ingliz tilining qo‘llanilishiga doir yosh kategoriyasidan kelib chiqib 60–95 tadan testlarni ishlab chiqishdi va javob varaqalari tashkilot vakillari tomonidan Italiyaga jo‘natildi. Shaffoflik asosida o‘tkazilgan olimpiada so‘ngida o‘quvchilarga faol ishtiroki uchun xalqaro sertifikat va tashkilot logotipi tushirilgan maxsus kepkalar taqdim etildi.
Test natijalari chiqqach har bir yosh kategoriyasi bo‘yicha respublika miqyosida 10 foiz eng yaxshi natija egalari olimpiadaning respublika bosqichiga yo‘l oladilar va 2-bosqichda eng kuchli deb topilgan nomzodlar Italiyaning Venetsiya shahrida final bosqichida 40 dan ortiq mamlakatdan kelgan tengdoshlari bilan bellashadilar.
Nafisa ORTIQOVA, Uchko‘prik tumanidagi 29-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi