Faqat ingliz tili emas…
Yaqinda internet orqali rus oilasining 4 yashar qizi 7 ta davlat fuqarosi bilan bemalol muloqot qilayotgani aks etgan videolavhani ko‘rib, havas qildim. Unda Bella ismli qizaloq rus, ingliz, fransuz, nemis, ispan, koreys va arab tillaridagi kitoblarni qiynalmasdan o‘qib, shu tillarda bemalol gaplashdi. Albatta, qizchaning bu darajaga yetishuvida oiladagi muhit, ota-onasining kuchli e’tibori, o‘zidagi qobiliyat va atrofdagi boshqa omillar sabab bo‘lgan. Bolalarimiz orasidan ham mana shunday iqtidorli, bir nechta chet tillarni biladigan qobiliyat egalari ko‘plab yetishib chiqishini juda xohlardim.
Rivojlangan davlatlarda ulg‘ayib, ta’lim-tarbiya olayotgan bolalar o‘z tilidan boshqa kamida ikkita chet tilini o‘rganayotgan bir davrda, nega bizning farzandlarimiz maktabda faqat bitta chet tili bilan chegaralanib qolmoqda? Bunga sabablar ko‘p. Shulardan biri haqida qisqacha gapirmoqchiman.
Necha yillardan buyon telekanallarimiz orqali faqat ingliz tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlar efirga uzatilib kelinmoqda. Tabiiyki, bu holat aksariyat tomoshabinlarda chet tili sifatida faqat ingliz tilini o‘qitish kerak degan fikrni uyg‘otadi. Farzandlarini maktabga berayotgan ota-onalar shu maktabda nemis yoki fransuz tili o‘qitilayotganini bilsa, “Bu til haliyam bormi?!”, “Maktabingizda ingliz tili o‘rgatilmasa, bolamni boshqa maktabga beraman” yoki “Hozir hamma joyda ingliz tili-ku, televizorda, Prezident maktablari, hatto universitetlarda ham”, deyishadi. Qaysi kanalni ochmaylik, deyarli barchasida ingliz tilini o‘rganamiz degan ko‘rsatuvlarni ko‘rishavergach, bunday fikrlar bo‘lishi tabiiy. Ularning ongiga ingliz tili muhim degan fikr o‘rnashib olgan.
Nahotki, telekanallar orqali, ayniqsa, “Bolajon” telekanali dasturlarida ingliz tili bilan bir qatorda nemis, fransuz, rus va boshqa tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlarni taqdim qilib borishning iloji bo‘lmasa? Telekanallarda kunning ma’lum bir qismida nemis, ma’lum bir qismida fransuz va shu kabi tillarni o‘rgatishga mo‘ljallangan ko‘rsatuvlar berib borilsa, farzandlarimiz orasidan ham 7 tilda bemalol muloqot qila oladigan iqtidorli bolalar yetishib chiqqan bo‘lardi. Qolaversa, ota-onalar ham ingliz tilidan boshqa tillar ham borligini bilib, farzandlarining shu tillarni o‘rganishini xohlarmidi?...
Feruza ALLABERGANOVA, Qo‘shko‘pir tumanidagi 5-maktabning nemis tili fani o‘qituvchisi