O‘zbek o‘qituvchisining Fransiya taassurotlari
2019-yilning dekabr oyida Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan taqdim etilgan stipendiya sohibi bo‘lib, Monpelye shahrida ikki haftalik malaka oshirish kurslarida ishtirok etib qaytdim. Ushbu stajirovka maqsadlari akademik hamkorlik doirasida fransuz tilini o‘qitish metodikasi hamda madaniy tadbirlar, tajriba almashinuvlarni o‘z ichiga oldi.
O‘tgan qisqa davr ichida olti kishidan iborat o‘zbekistonlik o‘qituvchilar guruhi Monpelye shahridagi “Accen français” til maktabida chet tili o‘qitish metodikasi bo‘yicha maxsus bilim va ko‘nikmalarni egallab, o‘zimiz uchun yanada kerakli ma’lumotlarni oldik. Darslar biz uchun tanish bo‘lgan fransuz tili ustozlari Malika va Lyubov xonim tomonidan qiziqarli tarzda olib borildi. Dastlabki kunning o‘zidayoq o‘zbek o‘qituvchilari 2 haftalik o‘quv dasturi bilan tanishtirildi. Dars mashg‘ulotlarida ertalabdan tushgacha fransuz tiliga oid bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, tushlikdan so‘ng esa Kler xonim bilan birgalikda fransuz tili metodikasi va didaktika darslarini o‘zlashtirishga, undan so‘ng Monpelye shahri va uning diqqatga sazovor joylarini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. Monpelye shahri Fransiya janubida, Erol departamenti, Okitaniya provinsiyasida joylashgan bo‘lib, Ispaniya va Italiya davlatlari bilan chegara hudud hisoblanadi (Bu shaharga yaqinligi sabab dam olish kunlari go‘zal ispan diyorining Barselona shahriga ham borishga muvaffaq bo‘ldik). Monpelye o‘tgan asr oxirlaridan boshlab Fransiyaning yirik demografik va iqtisodiy shahriga aylangan. Tarixiy manbalarga ko‘ra Monpelye XVI asrda qirol Lyudovik XIII tomonidan mustahkam hudud sifatida tashkil etilgan. Aynan O‘rtayer dengiziga yaqin joylashganligi sabab (7 km), shahar iqlimi bahavo va tosh yotqizilgan ko‘chalar changsiz, daraxtlar odatda doimiy yashil tusda go‘zal manzara kasb etadi.
Malaka oshirish davomida xorijiy tillarni o‘qitishdagi yangi metodlar, o‘yinlar, qo‘shiqlar, she’rlar, 4 ko‘nikma, ya’ni tinglab tushunish, o‘qib tushunish, yozish va gapirish ko‘nikmalarini o‘quvchilarga singdirishning samarali usullari haqida ma’lumotga ega bo‘ldik. Darslar davomida Yaponiya, Koreya, Braziliya, Mozambik, Rossiya, Indoneziya, Quvayt, Xitoy kabi davlatlardan kelgan hamkasblarimiz bilan tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldik va ularni mamlakatimiz va turmush tarzimiz, ta’lim tizimimiz bilan yaqindan tanishtirdik.
O‘quvlar davomida bir-biridan qiziqarli metodlarni o‘rgandik. Shulardan biri “Pêche”, ya’ni “Baliq ovi” o‘yini.
Doskaning bir tomoniga O‘rtayer dengizi rasmi, ikkinchi tomoniga akvarium rasmi tushiriladi. Dengizda turfa xil baliqlar tasviri mavjud bo‘lib, o‘quvchi baliqlardan birini tutib, uning orqa qismidagi savollarga javob beradi. Javob to‘g‘ri bo‘lsa baliqni akvariumga, noto‘g‘ri bo‘lsa dengizga qo‘yib yuboradi.
“Xotira mashqi” o‘yini.
Hozirjavoblik va zukkolikni oshirish maqsadida qo‘llash mumkin bo‘lgan o‘yin. O‘qituvchi tomonidan fransuz tilida kecha bozorga borganligi va bir kilogramm kartoshka sotib olinganligi aytiladi. Keyingi o‘quvchi kartoshka nomi yoniga yana bir sabzavot va yoki meva nomini, o‘lchov birligi yordamida davom ettiradi. Bu o‘yinni boshqa so‘zlar yordamida ham olib borish mumkin.
Kundalik mashg‘ulotlarda Kler xonim biz bilan juda ko‘p tavsiya va metodlarni baham ko‘rdi. Masalan, darsda o‘quvchi faoliyati susayishining oldini olish maqsadida turli xil badantarbiya mashg‘ulotlari fransuz tilida amalga oshiriladi va bu usul o‘quvchining fanga nisbatan qiziqishi va lug‘at boyligini yanada oshiradi.
O‘qish va sayohatimiz davomida shahar aholisi bilan ham muntazam muloqotda bo‘lishga harakat qildik. Shahar aholisi immigrantlar (asosan Ispaniya, Italiya, Afrika davlatlaridan kelganlar) hisobiga ko‘p millatli hisoblanadi. Shu sabab turfa tillarda so‘zlovchi kishilarni uchratish mumkin. Lekin shunday bo‘lsa-da, siz kimdandir nimanidir so‘rasangiz, shoshmasdan, xushmuomalalik bilan fransuz tilida javob qaytarishadi. Agar biror manzil haqida so‘rasangiz, hattoki o‘sha yergacha borishda yordam berishadi va bu holat biz bilan bir necha bor takrorlandi. Shu o‘rinda men yashagan xonadon bekasi Isabel Clarak xonim haqida ham aytib o‘tsam. Ochiqko‘ngil, mehribon bu fransuz ayoli o‘zining go‘zal xulq-atvori bilan mehmondo‘st o‘zbek onalariga o‘xshaydi. Ishdan charchab kelishiga qaramasdan, har kuni oqshom fransuz gastronomiyasidan mazali ovqatlar tayyorlab, tatib ko‘rishga chorlardi. Shu bahona dasturxon atrofida men bilan biror mavzuda uzundan uzoq suhbat qurgancha fransuz tilidagi bilimlarim yanada oshishiga hissa qo‘shardi.
Doston RAHIMOV, Navbahor tumanidagi 13-maktabning fransuz tili fani o‘qituvchisi