Chalkashliklar o‘quvchini chalkashtiryapti
Yosh avlodga yaxshi ta’lim-tarbiya berish haqida bot-bot takrorlayapmiz. Lekin ba’zi darsliklarimizda xatoliklar uchrab turibdi.
Bir nechta misol keltiray. 2019-yili nashrdan chiqqan 5-sinf adabiyot darsligida Imom Buxoriy hayoti va ijodi mavzusini o‘rganar ekanmiz, to‘plagan hadislar soni 7 397 ta deb ko‘rsatiladi, yangi o‘quv yili uchun chop etilgan 9-sinf adabiyot darsligida esa 7 275 ta deb keltirilgan.
10–11-sinf ona tili darsligi 2017-yili nashr etilgan bo‘lib, o‘ta qisqa muddatda maktabga — o‘quvchilar qo‘liga yetib kelgan. Har bir sinf darsliklarida asosan uslubiyat bo‘limi o‘rganiladi, berilgan qoidalar ham uzundan uzoq. Bu darsliklarni ko‘zdan kechirar ekansiz, tilshunos olim B.Mengliyevning quyidagi fikrlari yodga tushadi: “...boshi ham, adog‘i ham, buning ustiga darslikdan darslikka o‘tish, sinfdan sinfga ko‘chish bilan o‘zgarib turadigan son-sanoqsiz ilmiy (lingvistik) qoidalarini yodlatamiz. Matnni, berilgan gaplarni chuqur, ipidan ignasigacha tahlil qildiramiz. Biroq bu “bilim”lar og‘zaki va yozma nutqimizga qay darajada ta’sir qilishi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz”.
O‘quvchilar qo‘liga yetib kelayotgan har bir darslik, eng avvalo, DTS talablariga javob bera oladigan, imloviy va uslubiy xatoliklardan xoli bo‘lmog‘i lozim. Kelgusida bu ishga mas’ullar yuqoridagi masalalarga jiddiyroq yondashsalar, maqsadga muvofiq bo‘lardi...
Farida TOHIROVA, Chirchiq shahridagi 13-maktab o‘qituvchisi