Maktablarga fizika fani o‘quv qo‘llanmasi bepul tarqatildi
Hozirgi vaqtda butun dunyo miqiyosida fizika ta’limini takomillashtirish bo‘yicha intensiv ishlar amalga oshirilmoqda: fizika fanini o‘qitishning maqsadlari, o‘quv mazmunini tanlash tamoyillari aniqlashtirilаyapti, darsliklar va boshqa o‘quv vositalarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda, o‘qitishning samarali shakllari va metodlari ishlab chiqilmoqda. Bu jarayon hozirgi vaqtdagi fanning, fan va texnika o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning rivojlanishi, jamiyatning barcha sohalariga yangi axborot texnologiyalarining keng joriy etilishiga asoslangan ilmiy-texnik revolyutsiyaning natijalarini o‘z ichiga qamrab oladi.
Shu bilan bog‘liq ravishda maktabda fizika o‘qitishning maqsadlari ham o‘zgarmoqda. Tegishli axborotlarni egallashning kuchayishi esa o‘quv materiallari strukturasini takomillashtirishni talab etmoqda. Bu esa o‘quvchilarning fizikaning umumiy prinsiplari va qonunlarini o‘zlashtirish darajalariga va ularni nazariy fikrlash metodlari asosida egallashlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Respublika ta’lim markazi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchi va o‘qituvchilariga amaliy yordam sifatida fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent Abduqahhor G‘aniyevning 3 qismdan iborat “Fizika” o‘quv qo‘llanmasi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga jami 5000 nusxasi bepul tarqatildi.
Mazkur qo‘llanma “Mexanika va molekulyar fizika”, “Elektromagnitizm”, “Optika. Atom va yadro fizikasi” qismlaridan iborat. Qo‘llanmada umumta’lim maktablarining 6-, 7-, 8-, 9-sinflari darsliklari, akademik litsey va 10-, 11-sinflar uchun “Fizika” fani o‘quv dasturlarida belgilangan va ushbu dasturlarga mos zamonaviy fizika yutuqlari haqidagi ma’lumotlar, masalalar, ularning yechimlari va mustaqil yechish uchun masalalar o‘rin olgan.
Shuningdek, qo‘llanmada har bir mavzudan keyin o‘zbekcha-ruscha-inglizcha asosiy atamalar lug‘ati keltirilgan. Unda ikki mingdan ko‘p so‘zlar bo‘lib, u o‘ziga xos o‘zbekcha-ruscha, o‘zbekcha-inglizcha, ruscha-inglizcha lug‘at vazifasini o‘taydi. Lug‘atni to‘la o‘zlashtirgan o‘quvchi qo‘llanmadagi ma’lumotlarni rus va ingliz tillarida o‘qib o‘rganishi va fikrini bayon qila olishi mumkin.
Qo‘llanmada B.I.Lukashek, E.B.Ivanovalarning, “Сборник задач по физика”, 7-9 классы”, A.P.Rimkevichning “Физика” задачник” kitoblaridan masala va mashqlar o‘zbek tiliga tarjima qilinib, yechimlari keltirilgan. Qo‘llanmada inglizcha, ruscha va o‘zbekcha adabiyotlarda, jurnallarda keltirilgan besh yuzga yaqin qiziqarli savollar javoblari bilan keltirilgan.
Sulaymon NAZAROV, Respublika ta’lim markazining Darsliklar bo‘limi boshlig‘i