Xalq taʼlimi tizimidagi taʼlim muassasalarida karantin davrida masofadan ishlashga oʻtgan tizim xodimlarining faoliyati yuzasidan tavsiya
I. Taʼlim muassasalarining fan oʻqituvchilari karantin davrida oʻquvchilar bilan masofadan (onlayn tarzda) amalga oshiradigan ishlar yuzasidan tavsiyalar.
1. Oʻqituvchi dars beradigan har bir sinfi boʻyicha telegram messenjerida sinfi va fanini koʻrsatgan holda (masalan: 8-“A“ sinf fizika) guruh tashkil qiladi.
T ashkil etilgan telegram guruhiga tegishli sinf oʻquvchilari (ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ni kiritadi.
2. Oʻqituvchi telegram guruhi orqali oʻquvchilarga televizion darsda oʻtilgan mavzu yuzasidan qoʻshimcha tushuntirish, savollarga javob berish va televizion darsda berilgan uy vazifalarni bajarishga koʻmaklashib boradi.
3. Oʻqituvchi telegram messenjeri mavjud boʻlmagan oʻquvchilar (ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar)ga telefon orqali mavzu yuzasidan qoʻshimcha tushuntirish, savollariga javoblar berishi va televizion darsda berilgan uy vazifalarni bajarishga yoʻnalish berishi hamda ularni baholashni yoʻlga qoʻyishi mumkin.
4. Taʼlim muassasalarida karantin davrida masofadan ishlashga oʻtgan oʻqituvchilar tegishli telekanallar va Xalq taʼlimi vazirligining rasmiy kanallarini kuzatish orqali kunlik onlayn dars jadvalini aniqlaydi.
Bunda oʻqituvchi kunlik onlayn dars jadvali toʻgʻrisidagi maʼlumotni bir kun oldin oʻquvchilarga yuboradi va ularga maʼlum qiladi.
5. Oʻqituvchilar oʻz fani boʻyicha televizion darslarni muntazam kuzatib boradi. Shu kundagi televizion darslar tugagach, zarur holda oʻtilgan mavzu yuzasidan qoʻshimcha maʼlumotlarni oʻquvchilarga yuboradi va ularga bu toʻgʻrisida maʼlum qiladi.
Oʻqituvchilar telegram messenjeri orqali uy vazifalarini qabul qiladi. Toshkent shahrida esa kundalik.com orqali qabul qiladi.
IZOH:
Toshkent shahrida oʻquvchilar tomonidan uy vazifalarini kundalik.com tizimi orqali yuborilishi va oʻqituvchilar tomonidan qabul qilinishida quyidagilarga eʼtibor qaratilishi lozim:
Toshkent shahrida oʻqituvchilar uy vazifalari javoblarini faqat kundalik.com tizimi orqali qabul qiladi.
Oʻqituvchi oʻziga biriktirilgan login va paroldan foydalangan holda kundalik.com vebsayti yoki kundalik.com mobil ilovasiga kiradi.
Oʻqituvchi oʻziga tegishli boʻlgan fan va sinflari boʻyicha oʻquvchilar tomonidan yuborilgan har kunlik uyga vazifalarni kundalik.com dan yuklab oladi.
Oʻqituvchi oʻquvchilar tomonidan tizimga yuklangan uyga vazifalarni tekshiradi, natijasini (bahoni) elektron jurnalga kiritadi. Shu tariqa oʻquvchilar va ularning ota-onalari uy vazifasi uchun qoʻyilgan baholarni bilish imkoniyatiga ega boʻladi.
Oʻqituvchilar tomonidan oʻquvchilarning uy vazifalarini topshirilishi yuzasidan kun doirasida qatʼiy vaqt belgilanishi maqsadga muvofiq emas.
Oʻquvchi yoki ota-ona tomonidan kundalik.com tizimiga kirish uchun login va parol esdan chiqarilganda, ushbu tizimga kirishni qayta tiklash uchun sinf rahbari oʻz sinfi doirasida oʻquvchi yoki ota-onaning login va parolini tiklash imkoniyatiga ega.
6. Oʻqituvchilar tomonidan oʻquvchilarga televizion darsda berilgan uy vazifasidan tashqari boshqa vazifalar berilishi taqiqlanadi.
Shu bilan birga, televideniye orqali namoyish etilmayotgan fanlardan dars beruvchi oʻqituvchilar Toshkent shahrida kundalik.com tizimi yordamida boshqa hududlarda esa telegram messenjeri orqali oʻquvchilarga uy vazifalari beradi, baholab boradi.
7. Oʻqituvchi ayrim fanlardan oʻquvchidan uy vazifalarini bajarganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni kichik hajmdagi fotosurat (tasviriy sanʼat fani) yoki videolavha (jismoniy tarbiya, musiqa madaniyati, texnologiya, rus va chet tillari, adabiyot fanlari) tarzida qabul qilishi mumkin.
8. Oʻqituvchi oʻquvchilarning uy vazifalarini bajarish jarayonida tugʻilgan savollariga javob berib boradi.
9. Oʻqituvchi tegishli sinf oʻquvchilari tomonidan yuborilgan uy vazifalarini tekshiradi va ularni baholab boradi.
10. Oʻqituvchi uy vazifalarni tekshirishni televizion darslarning efirga uzatish vaqtini inobatga olgan holda amalga oshiradi.
Bunda kunning birinchi yarmida namoyish etilgan televizion darslarda berilgan uy vazifalarini kunning ikkinchi yarmida, kunning ikkinchi yarmida namoyish etilgan televizion darslar uy vazifalarini ertasiga kunning birinchi yarmida tekshiradi.
11. Oʻqituvchi oʻquvchilarning uy vazifalarini baholab borish maqsadida dars beradigan sinflari uchun vaqtinchalik sinf jurnalini (daftarda) yuritadi.
Vaqtinchalik sinf jurnaliga har kuni kamida 5 (besh) nafar oʻquvchilar bahosi qoʻyiladi. Har bir oʻquvchiga choraklik baho chiqarilishi uchun ular chorak davomida kamida 3-5 tadan baholangan boʻlishi shart.
Karantin muddati tugagandan soʻng ushbu vaqtinchalik sinf jurnalidagi oʻquvchilarning baholari asosiy sinf jurnaliga koʻchirib qoʻyiladi.
Vaqtinchalik jurnal oʻqituvchi tomonidan asosiy jurnal shaklida yoki oʻziga qulay shaklda yuritiladi.
12. Oʻqituvchi tomonidan vaqtinchalik sinf jurnaliga oʻtilgan mavzular, uy vazifalari va oʻquvchilarning joriy baholari kiritib boriladi (oraliq nazorat baholari va oʻquvchilar davomati kiritilmaydi).
Toshkent shahrida oʻquvchilarning olgan baholari kundalik.com elektron tizimiga kiritib boriladi.
13. Bundan tashqari, oʻqituvchi oʻz fani boʻyicha oʻtilgan videodarslarni mavzusi, unda berilgan asosiy bilimlarning tezisi va uyga berilgan vazifalarni qayd etish daftarini yuritadi.
Oʻqituvchi televizion onlayn darslardan foydalanib, oʻz malakasini oshirib boradi va kelgusida dars ishlanmalarining sifatini oshirish ustida ishlaydi.
14. Oʻqituvchi oʻz xohishlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib:
oʻquvchilarda mustaqil taʼlim olishini rivojlantirish maqsadida tegishli faniga doir qiziqarli adabiyotlarni tavsiya qiladi;
oʻquvchilarda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish maqsadida ularga zararli odatlar, ularning oqibatlari, jismoniy tarbiya, sogʻlom turmush tarziga oid videomahsulotlarni koʻrishni tavsiya qiladi.
15. Taʼlim qozoq, tojik, qirgʻiz, turkman tillarida olib boriladigan taʼlim muassasalari oʻqituvchilari oʻz oʻquvchilariga televizion darslarni telegram messenjeri orqali tushuntirib boradi.
16. Oʻqituvchilarga mazkur tavsiyada belgilangan vazifalardan tashqari boshqa vazifalar yuklatish qatʼiyan taqiqlanadi.
Televizion darslar namoyish etilish vaqti va jadvali vazirlikning rasmiy veb sayti www.uzedu.uz, ijtimoiy tarmoqlari www.fb.com/uzedu, https://t.me/uzedu, Telegram tarmogʻidagi https://t.me/uzeduonlinemaktab kanali orqali berib boriladi, quyidagi resurslar https://mover.uz/channel/uzeduuz/, http://mediabay.uz/podcasts/, https://www.youtube.com/c/Ozbekiston Respublikasi Xalq talimi vazirligi https://t.me/uzeduonlinemaktab Telegram-kanali orqali ham teledarslarni koʻrish imkoni yaratilgan.
Ushbu kanallarga aʼzo boʻlish haqida barcha oʻqituvchi, oʻquvchilar va ular orqali ota-onalarga yetkazish tavsiya etiladi.
II. Taʼlim muassasalari psixologlari karantin davrida oʻquvchilar bilan masofadan (onlayn tarzda) amalga oshiradigan ishlari yuzasidan tavsiyalar.
1. Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, sogʻlom turmush tarzi va toʻgʻri ovqatlanish koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida “Salomatligingiz oʻz qoʻlingizda” mavzusida oʻquvchilar bilan onlayn suhbat yoki videomashgʻulot oʻtkazadi.
2. Stress va tushkunlik holatlarining oldini olish hamda hayotning goʻzalligini anglash, shukronalik tuygʻularini kamol toptirish, ijobiy hayotiy strategiya koʻnikmalarini shakllantirish yuzasidan “Hayot goʻzal, men hayotdan zavqlanaman!” mavzusida oʻquvchilar bilan onlayn suhbatlar tashkil etadi.
3. Emotsional-hissiy zoʻriqishlar, xavotirlik darajasi yuqori va oʻziga ishonchi past boʻlgan bolalar uchun korreksion-rivojlantiruvchi onlayn mashgʻulotlar tashkil etadi.
4. Oʻquvchilarga kasblar toʻgʻrisida, shuningdek, respublikamizda yangidan tashkil etilayotgan kasb-hunar maktablari, kasb-hunar kollejlari, texnikumlar, akademik litseylar, oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha maʼlumotlar berib boradi.
5. Uy vazifalarini tayyorlashda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish boʻyicha ota-onalarga tavsiyalar beradi.
6. Ota-onalar va bolalarga vaqtni toʻgʻri taqsimlashni oʻrgatish yuzasidan “bola va taym-menejment” tushunchasiga urgʻu bergan holda tavsiyalar beradi.
7. Zararli odatlarga koʻnikish holatlarining oldini olish maqsadida ruhiy faol vositalar isteʼmolining zararli oqibatlari va xavf-xatari yuzasidan oʻquvchilarga tavsiyalar beradi.
8. Oʻqituvchilar jamoasi oʻrtasida xavotirlanish, qoʻrquv va stressni yengishda “Biz birgamiz – birga yengamiz” shiori ostida psixolog koʻrsatmalari va tavsiyalarini berib boradi.