Karantin bergan saboqlar
Mana karantin boshlanganiga ham bir oydan oshibdi. Ilgari bu vaqtda maktabda hayot qizg‘in kechardi. Ustozlarning ham, o‘quvchilarning ham bo‘sh vaqti deyarli bo‘lmasdi. Yakuniy nazorat, imtihonlarga tayyorgarlik ishlari boshlar edi.
Bu yil holat boshqacharoq, ta’bir joiz bo‘lsa, jiddiyroq. Butun dunyoga shiddat bilan tarqalayotgan pandemiya sabab yurtimizda ta’lim masofadan, onlayn tarzda olib borilmoqda. Tan olish kerak, bu jarayonning tez fursatlarda yo‘lga qo‘yilishi, davlatimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishlari nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishini, tizim rahbarining kuchli taktikaga ega, malakali mutaxassislar ekanini isbotladi. Har qanday vaziyatda ham yoshlarning bilim olishi yurtimizda istiqomat qilayotgan, o‘zini shu Vatan kelajagiga daxldor deb bilgan insonlarni befarq qoldirmasligi kerak. Bunda ta’lim sohasi xodimlari, ustozlar qatori ota-onalar, buvijon-u bobojonlar ham birdek mas’ul hisoblanadi. Chunki, darslar teleekran orqali, onlayn tarzda berib borilayotgan paytda farzandlarimizning har bir mavzuni chuqur va puxta o‘zlashtirishlari uchun atrofdagi kattalarning ko‘magi juda muhim. Albatta, bunda biz ustozlar avvalgidek o‘z vazifamizga sodiq qolgan holda o‘quvchilarimizni masofadan nazorat qilib, kunlik berilayotgan topshiriqlarni bajarilishini kuzatib boryapmiz. Doimgidek, topshiriqlarni bexato bajarayotgan bolalar a’lo baholar bilan rag‘batlantirilyapti. Murakkabroq mavzularni telefon orqali bo‘lsa-da tushuntirishga ko‘mak bermoqdamiz. Bu ishlarning barchasi maktab rahbariyati tomonidan aniq rejalar asosida nazorat qilib borilyapti.
Xalqimizda “Har yomonning bir yaxshisi bor” degan naql bejizga aytilmagan. Buning isbotini ayni sinovli kunlarda birgina ta’lim sohasida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar misolida ham ko‘rish mumkin. Keling, so‘zimizning isboti sifatida bu borada ba’zi misollarni keltirib o‘tsak.
Birinchidan, o‘quvchilarga ta’lim berishda zamonaviy texnologiyalardan oqilona foydalanish, yangidan yangi metodlarni jarayonga tatbiq qilish ishlari yanada jadallashdi. Bu esa tizimda faoliyat olib borayotgan har bir xodimni befarq qoldirmagan holda, o‘z ustida ko‘proq ishlashga, darslarning yangi, zamonaviy usullarini o‘zlashtirish va jarayonda qo‘llab ko‘rishga undaydi. Bu yo‘lda kompyuter, mobil aloqa vositalaridan ham oqilona foydalanishlariga turtki bo‘lmoqda.
Ikkinchidan, o‘quvchilarning onlayn darslarni o‘zlashtirishini nazorat qilish jarayoni ustoz va ota-onalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlab, ularni yanada yaqinroq muloqot qilishga, kerak bo‘lsa, birdamlik bilan harakat qilishga undamoqda.
Uchinchidan ko‘pchilik, ayniqsa, ota-onalarning muallimlik naqadar mashaqqatli, mas’uliyatli, kishidan kuchli qat’iyat va sabr talab qiladigan kasb ekanini yaxshiroq tushunib yetayotgani sir emas. Buni “bolam yaxshi o‘qimaydi, chunki ustozi tushuntirmagan, vazifasi bo‘lgandan keyin o‘qitadi-da” deb yurgan ba’zi iddaochilarning hozir “bolamning bitta fanidan vazifalarini tushuntiraman deb sochim oqardi-ya. O‘qituvchilarga qiyin ekan, biz bitta bolamizga tushuntirolmayapmiz, ular 30-35 nafar o‘quvchini qandoq eplarkan-a?” qabilidagi taajjub va tashakkurga yo‘g‘rilgan xulosaga kelayotganidan ham bilish qiyin emas.
Biz bugun bu qatorini uzoq davom ettirishimiz mumkin. Biroq bunga hojat yo‘q deb o‘yladik. Boisi, ayni kunlarda kimgadir nimanidir isbotlash fikridan yiroqmiz. Bilganimiz, bu haqiqatni ko‘pchiligimiz allaqachon tan olib bo‘ldik. Unutmang, oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘. Ana shu yorug‘ kunlarga yorug‘ yuz bilan chiqaylik. Ta’lim jarayonidagi hech bir jihatni bee’tibor qoldirmay, o‘z vazifamizdan og‘ishmay olg‘a boraylik. Shundagina buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lamiz, ana shundagina kelajak avlodlar oldidagi vazifamizni to‘kis ado etgan bo‘lamiz.
Sabohat SAMATOVA, Termiz shahridagi 20-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi