Maktab direktori 400 dollar bilan qo‘lga tushdi
Yurtimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, jamiyatda o‘qituvchilar nufuzini oshirishga alohida ahamiyat berilayotgan bir vaqtda oramizda o‘z kasbiy mas’uliyatini unutib qo‘ygan, o‘qituvchi nomiga dog‘ tushirib kelayotganlar ham borligi juda achinarli.
Oliy ma’lumotli yosh o‘qituvchi Yo‘lchi Kimsanovga (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) o‘zi ishlab kelayotgan umumiy o‘rta ta’lim maktabiga vaqtincha rahbarlik qilish vazifasi ishonib topshiriladi.
Yo‘lchi Kimsanovning oldida ikki yo‘l bor edi, ya’ni ushbu imkoniyatdan foydalanib, bilim va salohiyatini har tomonlama namoyon qilish, vazifasidagi “vaqtincha” qo‘shimchasini “doimiy”ga o‘zgartirish yoki ushbu “imkoniyat”dan foydalanib, moddiy naf ko‘rish.
Afsuski, Yo‘lchi Kimsanov ikkinchi yo‘lni tanladi. Oyog‘i yerdan uzilib, bosar-tusarini bilmay qoldi. O‘z manfaatini ustun qo‘yib, zimmasidagi mas’uliyatni boylik to‘plash uchun imkoniyat deb hisobladi. Ana shu badnafsi uni sudning qora kursisiga yetaklab keldi.
Jumladan, Yo‘lchi Kimsanov tumandagi boshqa umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Banora Hafizova bilan tanishib qolib, unga o‘zi vaqtincha rahbarlik qilayotgan maktabda direktor o‘rinbosari vazifasi bo‘sh ekanligini, ozroq “xarajat” evaziga uni ushbu lavozimga joylashtirib qo‘yishi mumkinligini ma’lum qilib, bu “xizmati” uchun undan 400 AQSh dollari so‘raydi.
Biroq Kimsanovning harakatlari noqonuniy ekanligini yaxshi anglagan Banora Hafizova huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlariga ariza bilan murojaat qiladi va uning arizasiga asosan tezkor tadbir o‘tkaziladi.
O‘z harom luqmasini kutayotgan Yo‘lchi Kimsanov tezkor tadbir davomida Banora Hafizovadan 400 AQSh dollarini olgan vaqti ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi.
Endigina 30 yoshga kirayotgan oliy ma’lumotli o‘qituvchi unga berilgan imkoniyatni suiiste’mol qilib, o‘z yaqinlari va ota-onasining yuzini yerga qaratdi, ularni “o‘g‘lim maktab direktori” deb, g‘ururlanib yurish baxtidan mahrum qildi.
Mazkur jinoyat ishi tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish va shu orqali sodir qilinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida barcha maktab direktorlari va keng jamoatchilik ishtirokida ochiq sayyor sud majlisida ko‘rildi.
Sudning hukmiga ko‘ra, Yo‘lchi Kimsanov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 3-qismining “v” bandi (xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish) va 28, 211-moddasining 1-qismi (pora berishga dalolat qilish) bilan aybli topilib, Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat uchun jazo tayinlash) tartibida, uning aybiga iqror va pushaymonligi, yoshligi, ilgari sudlanmagani, Yoshlar ittifoqi tomonidan berilgan kafillik xati e’tiborga olinib, 1 yil 6 oy muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 5.068.250 so‘m jarima va 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Bundan tashqari, jinoyatning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar kelgusida takrorlanmasligi uchun xususiy ajrim chiqarilib, tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i e’tiboriga havola qilindi.
Shu o‘rinda, har birimiz zimmamizdagi mas’uliyatni vijdonan bajarishimiz, yosh avlodni dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalardan to‘g‘ri xulosa chiqara oladigan, o‘z yurtiga sadoqat tuyg‘usi bilan yashash va O‘zbekiston fuqarosi degan sharafli nomga har tomonlama munosib bo‘ladigan ruhda tarbiyalash barchamizning muqaddas burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.
Shahzod BAXTIYOROV, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi sudyasi