“Takrorlash bilimlarning onasidir”
Mamlakatimiz ta’lim maskanlarida 7 tilda saboq beriladi. Xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda TOEFL, IELTS, TOPIC kabi baholash sinovlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa maktab o‘quvchilarining chet tillarni, xususan, ingliz tilini yanada yaxshiroq va mukammal o‘qib-o‘rganishiga imkoniyat yaratmoqda.
Endilikda faqat doska va bo‘r bilan dars o‘tish usuli eskirdi. Bugun interaktiv doskalarda o‘quvchining o‘zi zamonaviy texnologiyalardan foydalanib ishlagan mashqlarini ko‘rsata olish imkoniyatlari mavjud.
“Takrorlash bilimlarning onasidir” degan gap bor. Shuning uchun, o‘quvchinig dars davomida olgan bilimlarini to‘garaklar yordamida yanada mustahkamlaymiz. Odatda to‘garaklarga a’lochi o‘quvchilar qiziqishadi. Ammo o‘qituvchi faqat iqtidorli bolanigina emas, barcha o‘quvchini to‘garaklarga qamrab ola bilishi kerak. Bunda muallimning tajribasi qo‘l keladi. Misol uchun, to‘garak mashg‘ulotlarida qo‘llaniladigan tinglash va takrorlash mashqlari o‘quvchilar uchun ham qiziqarlidir. Bu mashqlarda ko‘pincha yangi so‘zlarni rasmlar bilan solishtirish yoki so‘z birikmalarining ma’nosini bilib olish muhim sanaladi. “Zanjir” mashqi tez-tez ishlatiladi, mashqda har bir o‘quvchiga yangi til materiali yoki qurilmani ishlatib ko‘rish imkoni beriladi. Avval o‘quvchilar yangi material bilan tanishadi, keyin harakat yordamida bajarib ko‘rishadi. Masalan, I Like drawing. What about you? O‘qituvchi o‘zi uchun javob beradi va shu savolni (What about you?) so‘raydi. O‘quvchi o‘zi uchun javob beradi va yana bir mashq qilib ko‘radi, boshqalar esa kuzatib tinglashadi. Bu juftlik mashqi hisoblanib, A o‘quvchi rasmdagi narsani ko‘rsatadi, B o‘quvchi esa rasmni ifodalovchi so‘zni aytadi. Shundan so‘ng ular navbat almashadilar.
Shu o‘rinda aytish joizki, ingliz tili fani yoki boshqa fanlarda ham darsni o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchilar yo‘q emas. Ular uchun alohida to‘garaklar mavjud. Bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan ishlash to‘garagida sinfdagi o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchini aniqlab, qiyin bo‘lgan mavzularni qayta takrorlash alohida ahamiyat kasb etadi. Agarda ular bilan ham mukammal shug‘ullansak, darslardagi ishtiroki faollashadi, fanga bo‘lgan qiziqishi ortadi. Ijodiy ishlarini dastlab devoriy gazetalarda, keyinroq mahalliy matbuotda, turli xil tadbirlarda ko‘rsatishimiz mumkin. Bunda o‘quvchi mehnatidan zavqlanadi.
M.TO‘XTANAZAROVA, Chortoq tumanidagi 48-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi