Tanlovlar adolatli o‘tsin
Yaqinda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari uchun “Onlayn olimpiadalar tashkil etish va iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantirish” axborot tizimi ishga tushdi. Bu tizim olympiad.uz manzili orqali ish boshladi. Ushbu yangi platformaning maqsadi iqtidorli o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash, fanlarga oid qo‘shimcha materiallar bilan ta’minlab borish, egallagan bilimlarini baholash, natijalarini onlayn monitoring qilish uchun imkoniyat yaratishdan iborat ekani ta’kidlandi.
Bu yaxshi, albatta. Biroq bu olimpiadada “ishtirok etayotgan o‘quvchining o‘zi test savollariga javob berganmi yoki uning o‘rniga boshqa birov qatnashganmi” kabi savollar tug‘ilishi tabiiy. Hududlar kesimida fan olimpiadalari natijalari avtomatik ravishda e’lon qilinarkan. Bunday adolatli onlayn platforma tashkil etilgani ma’qul tashabbus bo‘lsa-da, tanlovning shaffof o‘tishini ta’minlashda joylardagi mutaxassislarning nazorati muhim bo‘ladi. Shu o‘rinda turli hududlardagi an’anaviy olimpiada jarayonida qancha-qancha muammoli vaziyatlar, noroziliklar kuzatilishini unutmaylik. Bunday vaziyatda onlayn o‘tayotgan test sinovlarida ishtirokchi o‘quvchining o‘qituvchisi yoki do‘sti, aka-opasi ko‘mak bermasligiga ishonsa bo‘ladimi? Bu mulohazaga borishimizning yana bir sababi keyingi yillarda o‘tkaziladigan onlayn olimpiadalarda yetarli ball to‘plagan o‘quvchilarga o‘z-o‘zidan uchinchi (hududiy) bosqich olimpiadalarida ishtirok etishga ruxsat berilishi kutilmoqda. Sababi, viloyat bosqichida tumandan chiqqan uch nafar o‘quvchigina qatnashadi. Biroq shu tumanda iqtidorli o‘quvchilar ko‘pligi bois u yerdagi to‘rtinchi, beshinchi, boringki, oltinchi o‘ringa tushganlar chetda qolib ketishi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi susayishi mumkin. Bu onlayn platforma maktab o‘quvchilariga viloyat va respublika bosqichlarida qatnashish imkonini beradi. O‘zbekiston nomidan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etadigan o‘quvchilarni aniqlashga yordam beradi. Bunday imkoniyatni qo‘lga kiritishni istagan o‘quvchilar va ularning yon-atrofidagilar yetakchi o‘rinlarni egallash maqsadida ayrim nomaqbul, soxta urinishlarga intilishadi. Shuning uchun onlayn platformadan ro‘yxatdan o‘tilgach, sinovlar jarayoni qaysidir maxsus binoda, yuqori tashkilot mutasaddilari nazoratida o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Misol uchun, bir tumandagi olimpiadaga boshqa bir tuman o‘qituvisi, ya’ni bir-birini tanimaydigan pedagoglar mas’ul qilib belgilanishi kerak. Bu nazoratchilarning kimligi olimpiada kuniga qadar e’lon qilinmasligi lozim.
O‘ktamxon ABDURAHMONOVA, Yashnobod tumanidagi 244-maktab o‘qituvchisi