“Bilimlar bellashuvi” to‘xtatildi
Ushbu maqolani yozishimga bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan “Bilimlar bellashuvi to‘xtatildi” sarlavhasi ostida vazirlik izohi va o‘qituvchi munosabati yoritilgan maqola turtki bo‘ldi.
Avvalo, “Bilimlar bellashuvi”ning maktab tizimida, pedagoglar faoliyatida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida to‘xtalsam. Ushbu tanlov mana bir necha yillardirki, nafaqat maktabning, balki fan o‘qituvchisining maktab jamoasida, tumanda, va hattoki, viloyatda o‘z reytingini ko‘tarishi yoki aksincha, o‘z “joyini” ko‘rsatib qo‘yadigan bir mezon deb hisoblayman. Fan o‘qituvchilari orasida sog‘lom raqobatni keltirib chiqarishga turtki bo‘lgan. Hattoki yosh, endigina ikki-uch yillik pedagogik faoliyatga ega o‘qituvchilarning “Bilimlar bellashuvi”da o‘quvchisi qo‘lga kiritgan yutuqlarini ko‘rib, ba’zi bir yoshi kattaroq o‘qituvchilar ham o‘z ustida ishlay boshlagan. Shuning o‘zi olg‘a siljish emasmi?
To‘g‘ri, bu harakatlarning asosida o‘qituvchining moddiy manfaati yotadi, rag‘bat puli, ustama haq deganday. Lekin ishni qoyil qilib qo‘ygandan keyin, davlatimiz yaratayotgan imkoniyatdan foydalansa
buning nimasi yomon? Axir yil davomida o‘qituvchi ham, o‘quvchi ham shu natijaga erishish uchun jon-jahdi bilan ishlaydi-ku. Muhtaram Prezidentimiz o‘qituvchi maqomini oshiraman deb turgan bir paytda “Bilimlar bellashuvi to‘xtatilibdi” degan mish-mishning o‘ziyoq o‘qituvchilarda ozgina tushkunlik kayfiyatini paydo qildi. Negaki, gap faqat ustama yoki rag‘bat pulida emas. Ma’lumki, pedagog kadrlar har besh yilda majburiy, orada o‘z arizasiga binoan ixtiyoriy ravishda malaka-toifasi uchun attestatsiyadan o‘tadi. Attestatsiyada, o‘qituvchi faoliyati bir necha mezon bo‘yicha baholanadi. Ana shu mezonlardan biri “mehnat samaradorligi” punktidir. Aynan shu punktda o‘qituvchining besh yil davomida erishgan yutuqlarini tasdiqlovchi sertifikat va faxriy yorliqlari “gapiradi”.
“Bilimlar bellashuvi”ning to‘xtalishi esa pedagoglarning aksariyatini mana shunday imkoniyatdan mahrum qiladi.
Masalaning ikkinchi jihatiga kelsak, ushbu tanlov nafaqat o‘qituvchi, balki o‘quvchilarni ham olg‘a intilishga undaydi. O‘tgan yili erisha olmagan natijalariga bu yil erishish uchun tinmay izlanadilar. O‘quvchilar orasida sog‘lom raqobatni vujudga keltiradi. Hatto, ota-onalar ham o‘zgacha qiziqish bilan maktab natijalarini kuzatishadi. Farzandining yutug‘idan quvonishadi. “Mening farzandim tanlovga boradigan o‘quvchingizdan kam emas, ikkisini qayta sinov
qiling” degan ota-onalar ham topildi. Shu tanlovga tayyorgarlik ko‘rish asnosida o‘quvchilarda fanga bo‘lgan qiziqish va mehr ortib, shu yo‘nalishda o‘qishni davom ettirgan va hayotda o‘z yo‘lini topgan o‘quvchilarimiz ham bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘ta dolzarb masala bo‘lmish o‘quvchilar tarbiyasiga ham bu tanlov ijobiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Negaki, aynan 7-8-sinfda o‘quvchilar o‘tish davrini boshdan kechiradilar. Har kuni 5-6 soat maktabda, 2-3 soat to‘garaklarda vaqtini o‘tkazgan o‘quvchi endi nima qiladi? Ota-ona ishda bo‘lsa o‘quvchi albatta nazoratsiz qoladi. Shunday bo‘lgach telefon, internet kabi narsalarga vaqt ajratish imkoni ko‘payadi.
Bir sinfda o‘rtacha 30 o‘quvchi bo‘lsa, qariyb 50 foiz o‘quvchini “Bilimlar bellashuvi” qamrab oladi. Qarabsizki, o‘quvchini to‘garaklardan keyingi bo‘sh vaqtida fan o‘qituvchisi tayyorgarik uchun jalb qiladi. “Yoshlikda olingan ilm toshga o‘yilgan naqsh” deb bejiz aytilmagan. Yoshligidan boshlab ilm-fanga mehr qo‘ygan insondan aslo yomonlik chiqmaydi. Mayli, “Bilimar bellashuvi”ning nomi o‘zgarsin, mezoni o‘zgarsin, lekin mohiyatini yo‘qotmasin. Demoqchimanki, “Bilimlar bellashuvi” to‘xtatilgan taqdirda ham, uning o‘rnini to‘ldiruvchi boshqa bir tanlov ta’sis etilishi tarafdoriman.
Ozoda YO‘LDOSHEVA, Urganch tumanidagi 32-maktabning nemis tili o‘qituvchisi