Ta’lim-tarbiya kodeksi ishlab chiqilsa...
Inson kamolotida ta’lim-tarbiyaning o‘rni beqiyos. Ular bir-birini to‘ldirib turadi. Biri ikkinchisisiz hech qanday qiymatga ega emas. Masalan, qanchalik bilimli bo‘lmang, odob-axloqingizda kemtiklik bo‘lsa, jamiyatda o‘rningizni topolmaysiz. Yoki aksincha...
Yaxshi xulq insonga ziynat beradigan libos bo‘lsa, hayo uning bezagidir. Kishi tarbiyasining, odob-axloqining asosi oilada qo‘yiladi. Eng avvalo, ota-ona va oilaning boshqa a’zolari bolada insoniy fazilatlar, yaxshi xulq-atvor kamol topishi uchun harakat qilmog‘i lozim. Bunda shaxsiy namuna bo‘lish va bolaga ko‘rsatilayotgan mehribonlik-g‘amxo‘rlikning alohida o‘rni bor.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti ham, o‘z navbatida, bola tarbiyasidagi muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Jamoaga ko‘nikish, do‘stlashishning ilk kurtaklari shu yerda ko‘rina boshlaydi.
So‘ngra o‘g‘il-qizlar ta’lim-tarbiyasidagi eng muhim jarayon — maktab davri boshlanadi. Shu o‘n bir yil farzandingizning ham, qaysidir ma’noda sizning ham ertangizni belgilab beradi. Bolada fazilat ham, xislat ham, va afsuski, yomon odatlar ham shu davrda ildiz otadi. U muassasada o‘z oilasining ko‘zgusi bo‘ladi. Ha, sizning ko‘zgungiz.
Agar ota-ona farzandining yetuk inson, yaxshi mutaxassis bo‘lishini istasa, shu davrda, ayniqsa, e’tiborli bo‘lishi shart. Bolaning fan o‘qituvchilari, sinf rahbarlari bilan muntazam aloqa o‘rnatilsa, do‘sti kim, dushmani kim — ota-ona shundan xabardor bo‘lib tursa, vaziyat bir tekis kechadi. Turli yosh davrlarida boladagi o‘zgarishlar kuzatib turilsa, zarur paytda rag‘bat, o‘rni kelganda tanbeh berilsa, foydadan xoli bo‘lmaydi. Doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik, hamfikrlik, hayotiy nasihat va maslahatlar hamda shaxsiy namuna bolaga kuch, ishonch bag‘ishlaydi. Bolaning xohish-istaklari ijobati va moddiy ta’minot me’yoridan oshmasligi esa juda muhim. Shuningdek, uning oqni qoradan, yaxshini yomondan, halolni haromdan ajrata olishida ham shu davrda oiladagi, maktabdagi ta’lim-tarbiya katta rol o‘ynashnini unutmasligimiz lozim.
Ma’lumki, oilada tarbiya oilaviy qadriyatlar, milliy an’analar asosiga quriladi. Bunda yillar, asrlar davomida shakllangan axloq kodeksiga tayanish mumkin. Shu o‘rinda maktab, umuman, ta’lim tizimiga aloqador me’yoriy-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida mulohaza yuritib, bir asosli taklifni o‘rtaga tashlasak.
Ta’lim sohasidagi amaldagi qonunlar ijrosi holatini tahlil qilib, quyidagi takliflarni joriy etish zarur deb hisoblaymiz.
Jumladan, shu paytgacha ta’lim sohasida amaldagi qonun hujjatlari kodifikatsiya qilinmagan. Sohaga tegishli normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq holda — O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, Oila, Mehnat, Fuqarolik, Ma’muriy, Fuqarolik protsessual va boshqa kodekslarda o‘z aksini topgan bo‘lib, ijrosi sust amalga oshirib kelingan.
Yuzaga kelgan vaziyat ta’lim sohasidagi huquqiy hujjatlarni bir kodeksga jamlab, umumlashtirishni va ijro nazoratini kuchaytirishni talab etadi. Natijada ta’lim sohasi ishtirokchilarining vazifalari, majburiyatlari aniq belgilanib, ijrosi to‘laqonli bajarilishiga erishiladi. Shu bilan birga, o‘quvchilarning ota-onalari bilan maktab o‘rtasida huquqiy bog‘lanish ta’minlanadi va bu tarbiyaviy ishlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Huquqiy normalarni kodifikatsiya(qonunlarni bir tizimga jamlash) qilish sohada tub burilishga olib kelishi bilan birga, ta’lim sohasida xizmat qilayotgan har bir xodimning mas’uliyatini, mavqeyini oshirishga xizmat qiladi.
Zafariddin TURDIYEV,
Umar MELIYEV, A.Avloniy nomidagi XTTRMXQTMOI katta o‘qituvchilari