Ilm yo‘lidagi xarajat — ortiqcha chiqim emas
Ta’limning asosi maktab bo‘lsa, uni haqiqiy ziyo maskani qiladigan kuch o‘qituvchilardir. Ammo oyda-yilda bitta badiiy asar o‘qimaydigan, biror gazeta yoki jurnalga obuna bo‘lmaydigan, o‘z faniga doir so‘nggi yangiliklardan bexabar, faqat darslik bilan chegaralanib qolayotgan muallimlar safimizda yo‘q emas.
Oliy ta’lim dargohlarida turli xil dunyoqarashga ega bo‘lgan talabalar ilm oladi. Ularning hammasi ham bilimli kadr bo‘lib yetishmaydi. Shu sabab maktabga yosh o‘qituvchilarni ishga olayotgan rahbar ularning bilimiga e’tibor qaratishi juda muhim. Ta’limdagi son, miqdor tom ma’nodagi sifatga aylanmasa, barcha qilinayotgan sa’y-harakatlar besamar ketadi. Biroq o‘z farzandi kelajagi, taqdiri bilan qiziqmaydigan ota-onalar ham muammolarning eng kattasidir. Moliyaviy ahvoli og‘ir bo‘lgan ota-onalar, farzandlarim kelajakda hech narsaga zoriqmay yashasin, kasb-hunar egasi bo‘lsin, biz kabi qiynalib hayot kechirmasin degan maqsadda tirishib-tirmashib farzandining o‘qishiga e’tibor qaratadi. Topganini ta’lim olishiga sarflaydi. Bunday ahvoldagi oilalarning farzandi ham ilmga chanqoq bo‘ladi, chunki ular oliy ma’lumotli bo‘lishim kerak, ta’lim olib ota-onam ishonchini oqlashim, ularni og‘ir turmushdan olib chiqishim kerak deb, oldiga katta maqsadlar qo‘yadi. Ammo ayrim o‘ziga to‘q ota-onalar farzandlarining taqdirini o‘zgacha baholaydi, kelajagini o‘zicha o‘lchaydi. Farzandlariga mashina, so‘nggi markadagi telefon sovg‘a qilib, to‘kis hayot hadya etmoqchi bo‘lishadi. Ayrim onalar (otalar chet elda) o‘zlarini bechorahol ko‘rsatib, otasi uzoqda, farzandimni o‘qitishga mablag‘ yo‘q deb noliydi. Vaholanki, o‘sha ona har oy dugonalari bilan restoranlarni, go‘zallik salonlarini band qilib, otaning pullarini havoga sovuradi. Aytishlaricha, pulning eng savobli va xayrlisi ota-onaning farzandi ilm olishi yo‘lida sarflagani ekan. Axir, ota-onaning farzandiga sarflagan bir so‘m puli ertaga o‘ziga o‘n so‘m bo‘lib qaytadi-ku!
Xurshida QO‘CHQOROVA, Shovot tumanidagi 45-maktab o‘qituvchisi