Yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunning eng muhim oʻzgarishlari
Kuni kecha Qonunchilik palatasi tomonidan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.
Qonundagi eng muhim oʻzgarishlarni sanab oʻtmoqchiman:
Qonunga taʼlim va tarbiyaga milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarning singdirilganligi prinsipi kiritilmoqda;
11 yillik taʼlimning hamda 6 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarni bir yil davomida umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashning majburiyligi oʻrnatilmoqda;
Nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimning amalga oshirilishi mumkinligi mustahkamlanmoqda;
Taʼlim olishning quyidagi shakllari belgilanmoqda:
ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olish (kunduzgi);
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim olish (sirtqi, kechki, masofaviy, dual);
oilada taʼlim olish va mustaqil taʼlim olish;
katta yoshdagilarni oʻqitish va ularga taʼlim berish;
mudofaa, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida kadrlar tayyorlash;
inklyuziv taʼlim;
eksternat tartibida taʼlim olish.
Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarining sinflarida taʼlim oluvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilanmoqda;
Bakalavriat yoʻnalishida taʼlim olish davomiyligi kamida 3 yil, magistraturada esa kamida 1 yil etib belgilanmoqda;
Oilada taʼlim olgan va mustaqil taʼlim olgan shaxslarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat berilishi mumkinligi belgilanmoqda;
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining taʼlim sifati va darajasiga, shuningdek, pedagog xodimlarning kasb faoliyatiga boʻlgan davlat talablariga rioya etilishiga doir vakolatlari bekor qilinmoqda;
Taʼlim tashkilotlarida siyosiy partiyalarning tashkiliy tuzilmalarini tashkil etish taqiqlanmoqda;
Chet davlatlari va Oʻzbekiston oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida ularning bitiruvchilariga ikki tomonlama diplom (Double Diploma) berilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shuningdek, qonun bilan taʼlim tashkilotlarida taʼlim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablar qoʻyilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Akmal Burxonov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati