“Chiqarib tashlangan” mavzular o‘quvchida bo‘shliqni paydo qiladi
Matematika har bir insonga kerak bo‘ladi, zero mantiqiy fikrlash, asoslab xulosa chiqarish, taqqoslashni, samarali, nostandart yo‘llarni topishni bizga matematika o‘rgatadi.
Maktablarda bugun matematikani o‘rgatishga katta e’tibor qaratilyapti. O‘quvchilar ham matematikadan ko‘proq qo‘shimcha dars olishga qiziqishyapti, ammo bu fanni o‘qitishda hali muammolar yo‘q emas:
1. Qarama-qarshilik muammosi:
— o‘qitish va rivojlantirish orasida, o‘qitish materiallarining hajmi va tarkibi orasida, kundalik jamoa bilan ishlash va individual xususiyatlarni rivojlantirish orasida.
2. O‘qituvchida ijodkorlik, kuchli metodika yetishmasligi.
3. Yangi texnologiyalardan foydalanmaslik.
Shu o‘rinda ta’limning asosiy zaruriyati bo‘lmish darsliklarga e’tibor qaratsak. Oxirgi yillarda xalqaro maydonda munosib o‘rin olish uchun juda ko‘p islohotlar olib borilyapti. Darsliklar tashqi ko‘rinishi chiroyli, rangli, sifatli qog‘ozdan tayyorlangan. Masalalar ilgarigi nashrlarga nisbatan ko‘proq va hayotga, boshqa fanlarga bog‘langan. O‘quvchilarning mantiqiy fikrlash doirasini kengaytirish, xalqaro reyting tizimida munosib ishtirok etishni ko‘zlab, darsliklarga qo‘shimcha mavzu, masalalar kiritilgan.
Shu bilan birga ko‘p savollar paydo bo‘lyapti:
1. Ayrim mualliflarning darsliklarini tez-tez qayta nashrdan chiqarish zaruriyati bormikan?
Matematika bu aniq fan va uni tez orada ko‘p marta almashtirishning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.
Darsliklar oldingi yillarda o‘qituvchilar uchun yozilgan bo‘lsa, hozirgi davrga kelib o‘quvchilarga mo‘ljallanyapti. Bu yaxshi, albatta. Lekin hamma o‘quvchilar bir xil darajada mustaqil ma’lumot olish iqtidoriga ega emas. Darsliklardagi misollar sodda bo‘lib, OTMga kirish testlari, savollaridan mutlaq farq qiladi.
E’tibor bersangiz, birinchi bor matematikani takomillashtirishda 6-sinf mavzusi bo‘lgan “O‘nlik kasrlar” 5-sinfga ko‘chirildi. O‘shanda 6-sinf o‘quvchilarida mana shu mavzuda bo‘shliq paydo bo‘ldi. Joriy o‘quv yilida bu kabi e’tiborsizlik yana qaytarildi.
2019-yili Sh.A.Alimov, O.R.Xolmuhammedov, M.A.Mirzaahmedov hammuallifligidagi 8-sinf “Algebra” darsligining qayta ishlangan 4-nashrida hayotda eng muhim, boshqa fanlarga ham bog‘liq bo‘lgan mavzular olib tashlandi. (Ehtimol, kelgusi yil 7-sinfga kiritiladi?) 2019-yili Sh.A.Alimov, O.R.Xolmuhammedov, M.A.Mirzaahmedov hammuallifligidagi 9-sinf “Algebra” darsligining qayta ishlangan 4-nashrida ham “Funksiya tushunchasi”, “Haqiqiy sonlar tushunchasi”, “Arifmetik kvadrat ildiz” kabi mavzular o‘rniga boshqa mavzular kiritildi. Lekin yangi kiritilgan mavzularni o‘zlashtirish uchun chiqarib tashlangan mavzularni bilish talab etiladi.
Bu masalada respublika o‘qituvchilari murojaat xati bilan chiqqanda, qolib ketgan mavzularni o‘tish tavsiyasi berildi. Ammo bu vaqtda eski darsliklar topshirib bo‘lingandi, bu esa o‘qituvchi va o‘quvchilarga muammo tug‘dirdi. Qolaversa, tanganing ikkinchi tomoni ham borki, bu haqiqatni ham inkor etib bo‘lmaydi. O‘qituvchilar turfa xil. Ular orasida o‘z ishiga mas’uliyatsizlari ham talaygina, shunday ekan, barcha o‘qituvchilar olib tashlangan mavzularni o‘quvchilarga qo‘shimcha tarzda yetkazdi, deb kim kafolat bera oladi?
Darsliklardagi texnik xatolar ham alohida katta mavzu. Hattoki formulalarda xatoliklar talay. Rus tilidagi kitoblarda tarjimalarda xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Axir bu mavzular OTMga kirish testlarida tushadi. Shunday e’tiborsizliklar “Geometriya” darsliklarida ham takrorlanib kelyapti.
Feruza G‘AFFOROVA, Samarqand shahridagi 6-maktabning matematika fani o‘qituvchisi