Germaniyada e’tirofning eng yuksak shakli ― havas
Assalomu alaykum, yurtimizdagi barcha nemis tilini o‘rganayotgan o‘quvchilar! Mana joriy o‘quv yilimiz ham onlayn bo‘lsa-da, nihoyasiga yetmoqda. Har bir narsa yaxshilikka! Shunday shukuhli, tabarruk, qolaversa, sinovli kunlarda biz bilan tengma-teng mashg‘ulotlarni olib bordingiz, bizni zavq bilan ishlashga undadingiz. Sizni o‘qishingiz uchun butun hayotimizni bag‘ishlasak hech-da afsus qilmaymiz. Yashirib o‘tirmaymiz, hozirda nemis va fransuz tillariga e’tibor avvalgidek emas. Shunga qaramasdan biz bilan yakdil bo‘lib, tirishqoqlik bilan bu tillarni o‘rganib kelmoqdasiz. Karantin davrida o‘quvchilarni til bo‘yicha bilimlarini yanada oshirish maqsadida respublikamizdagi barcha nemis tili o‘qituvchilari, universitet, institutlardagi ustozlar, qolaversa, Germaniyaning “Gyote instituti” filiali vakillarini hamkorlikka chaqirgan holda “Online_unterrichten” kanalini tashkil etdik. U orqali ustozlaringiz bilan birgalikdagi faoliyatingizni ishtiyoq ila ijtimoiy tarmoqlarda muntazam kuzatdik. Uy ishlaringizni, tayyorlagan videorolik hamda nemis tilidagi ovozli xabarlaringizni ― hammasini tingladik, ko‘rdik.
Sizlarni o‘sib kelayotgan, hayotga chanqoq niholga o‘xshatdim. Hech havotir olmang, borliqqa olam-olam quvonch, go‘zallik baxsh etuvchi nihollarga hech kim ozor bermaydi. Nemis tili yurtimizda bardavomdir, chuqur ilm olishda davom eting, biz siz bilan! Oldimizda o‘qishga kirishdek ma’suliyatli ish turibdi. Imtihonga kirgan siz-u, hayajonlangan biz! Axir siz ― mehnatlarimiz mevasisiz, biz esa ota-onangiz sizni ishonib topshirgan vakillardirmiz. Biz sizni ulkan yutuqlarga erishishingizni, Germaniya, Shveytsariya, Avsrtiyadek davlatlarda ta’lim olishingizni istaymiz.
Onlayn darslarimizni kuzatib, bilim olishingizda ko‘mak bergan ota-onalaringizga, maktab rahbariyatingizga minnatdorlik bildiramiz, ular siz bilan faxrlansa arziydi. Nemis tili fani ustozingiz qadriga yeting, sizga sabr bilan o‘rgatishi ― qahramonlikdir.
Siz bizning mehrimiz-muhabbatimizsiz! Mehr-muhabbatda gap ko‘p! Siz-la doim yuzimiz yorug‘ topganimiz halol, qaddimiz tik, martabamiz ulug‘ bo‘lsin!
Marhabo SATTAROVA, Nurota tumanidagi 14-maktabning nemis tili fani o‘qituvchisi