“Ishonch meni g‘alabaga undadi!”
Keyingi paytlarda o‘z ustida nihoyatda talabchanlik bilan ishlayotgan Bekzodning SEAMO olimpiadasining dastlabki saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgani intilishlarining behuda ketmayotganini ko‘rsatdi. Garchand bu hali birinchi pog‘ona bo‘lsa-da, natijalari unga katta ishonch berib turardi.
Kutilganidek, saralash musobaqasining respublika bosqichida ham Bekzodga omad kulib boqdi. U oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Hal qiluvchi bosqichga kelganda esa u biroz cho‘chigandek bo‘ldi. Har qalay, bunday nufuzli musobaqada ilk bor ishtirok etyapti. Yonida uni qo‘llab turadigan ustozlari ham, ota-onasi ham bo‘lmaydi. “O‘zingni ko‘rsatadigan fursat yetdi. Nimalarga qodirligingni dadil namoyish et. Unutma, biz senga ishonamiz!” deya qo‘l silkib, umidvor xayrlashib qolishdi ular.
— Meni g‘alabaga undagan narsa — yaqinlarimning ana shu so‘zlari bo‘ldi, — deya Avstraliya taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi Qorako‘l tumanidagi xalqaro matematika maktabining 8-sinf o‘quvchisi Bekzod Nuriddinov. — Dunyoning 18 davlatidan 1400 dan ortiq o‘quvchi ishtirok etgan mazkur bellashuvda g‘oliblar qatoridan o‘zib chiqqanimning yagona sababi shu.
Olimpiadada har bir o‘quvchiga 15 tadan misol va masala berildi, eng yuqori ball 100 ballni tashkil etardi. Topshiriqlarni ko‘zdan kechirib chiqarkanman, dastlab ular nihoyatda murakkabdek tuyuldi. Bu kuchli hayajon ta’siri edi. Keyin esa asta-sekinlik bilan o‘zlashtirgan bilimlarim yordamga kela boshladi. Ochig‘ini aytsam, sira qiynalmadim. Yakuniy natijalarim 92 ballni tashkil etdi va men Avstraliya atalmish olis mamlakatdan bo‘ynimga oltin medal taqqan holda qaytdim. Bu yaqinlarimning ishonchiga munosib javobim edi.
— Biz qo‘shni Olot tumanida yashaymiz, — deydi Bekzodning onasi Husnora opa. — Yaqin atrofimizda Qorako‘l maktabida tahsil olib, jamiyatda o‘z o‘rni, nufuziga ega bo‘lib borayotgan yoshlar ko‘p. Ular orasida xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotganlari ham talaygina. Biz ham doim farzandlarimiz kun kelib, shularga o‘xshashini, o‘z bilimi bilan katta maydonlarda Vatanimiz sharafini himoya qilishini orzu qilardik. Shu maqsadda har ikkala farzandimizning ham mazkur maktabda tahsil olishini istadik. Ammo yurtimizning turli go‘shalaridan o‘quvchilar kelib ta’lim oladigan bu dovrug‘dor ilm maskaniga kirishning o‘zi bo‘lmas edi. Qayta-qayta o‘tkaziladigan jiddiy sinovlar bolalardan kuchli bilim, qat’iyat va matonatni talab etadi. Bekzod ham, akasi Diyorbek ham qiyinchiliklardan cho‘chimay, astoydil tayyorgarlik ko‘rdi. Bugun har ikkalasi ham Xalqaro matematika maktabining peshqadam o‘quvchilariga aylangani bizni nihoyatda quvontiradi. Ayniqsa, Bekzodning yutug‘i ko‘ksimizni tog‘dek ko‘tardi. Orzulari ro‘yobini farzandlarida ko‘rish ota-ona uchun chinakam baxt. Buning uchun ustozlaridan benihoya minnatdormiz.
Bekzodning matematika fani o‘qituvchisi, ham sinf rahbari bo‘lgan Norsaid Umarov esa shogirdining muvaffaqiyati o‘zi uchun katta yutuq ekanini aytib faxrlanadi. Bir paytlari o‘zi ham shu maktabning o‘quvchisi bo‘lgan, ammo xalqaro tanlovlarda ishtirok etish orzuligicha qolgan muallim bugun ularni o‘z o‘quvchilarida ko‘rayotganidan shodlanadi.
— 2019-yil nihoyatda omadli yil bo‘ldi, — deydi u. — Men rahbarlik qilayotgan 8-“A” sinf o‘quvchilari ketma-ket muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishdi. Jumladan, To‘ymurod Qodirov Afrikada bo‘lib o‘tgan xalqaro matematika olimpiadasida bronza medalga, Ozarboyjonda o‘tkazilgan innovatsion olimpiadada faxrli o‘ringa sazovor bo‘ldi. Matematika fani bo‘yicha o‘tkazilgan Buxoro ochiq olimpiadasida Gulniso Turobova kumush, Olot ochiq musobaqasida Otabek Jo‘rabekov oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Birgina
SEAMO xalqaro olimpiadasining respublika miqyosida o‘tkazilgan saralash bosqichida 5 oltin, 1 bronza medalni olishga muvaffaq bo‘lishdi. Albatta, bu — yillar mobaynidagi tinimsiz o‘qib-izlanishlar natijasi. Iqtidorli bolalar hamma joyda ham bor. Faqat ularning imkoniyatlarini munosib baholab, iqtidorlarini to‘g‘ri yo‘naltirish lozim. Bizda xalqaro olimpiadalarga tayyorgarlik jarayoni 5-sinfdan boshlanadi. Dastlab darslikdagi mavzular asosida haftada bir marta olimpiada o‘tkaziladi. Ana shu jarayonda eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishayotgan 3–4 nafar iqtidorli o‘quvchilar alohida e’tiborga olinib, ularga dars va darsdan tashqari mashg‘ulotlarda qo‘shimcha yuklamalar berib boriladi. Albatta, biz izlagan iste’dod, darrov yarq etib ko‘zga tashlanmaydi. Buning uchun bir yil, ikki yoki uch yil vaqt kerak bo‘ladi. Bekzod ham ana shu sinovlarda toblangan va bugun o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli namoyish etishga kirishgan o‘quvchilarimizdan. Ayni paytda u keyingi musobaqalarga tayyorgarlik ko‘ryapti.
Bekzod bilan suhbatimiz asnosida kelajak rejalari bilan ham qiziqdik. Uning tadbirkor bo‘lib, ayni paytda otasi Husniddin Arabov boshqarayotgan “Bekzod Nuriddinov” fermer xo‘jaligini yanada kengaytirish va rivojlantirish haqidagi orzusi bizga biroz g‘alati tuyuldi.
— O‘qimay turib ham tadbirkor bo‘lish mumkin, ammo zo‘r tadbirkor bo‘lolmaysan-da, — deya izoh beradi u. — Xo‘jaligimiz 80 gektarlik yer maydoniga ega bo‘lib, paxtachilik, g‘allachilik va chorvachilikka yo‘naltirilgan, faqat xomashyo yetishtirib beradi. Men esa uni yaxlit majmuaviy kompaniyaga aylantirmoqchiman. Bunda xomashyo yetishtirishdan boshlab, tayyor mahsulotgacha bo‘lgan bosqichlarning bari qamrab olinadi. Ishni to‘g‘ri tashkil etish, hisob-kitobni o‘rniga qo‘yish, chetdan investitsiyalar olib kirish kerak bo‘ladi. Buning uchun kuchli bilim va tafakkurga ega bo‘lish, xorijiy tillarda muloqot qila olish lozim. Shu bois ham men iqtisod sohasini tanladim. O‘z bilimim va imkoniyatlarimga tayanib, oilam, mahallam, yurtim boy va farovon bo‘lishini ta’minlashga hissam qo‘shilishini istayman.
Ana shunday ulug‘vor maqsadlarni ko‘zlab, ilmning yuksak marralarini zabt etishga chog‘langan Bekzodga biz ham omad tilaymiz.
Iroda ORIPOVA