Senator maktab ta’miri uchun mablag‘ ajratdi
Ma’lumki, ta’lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o‘qitish metodlari, ta’lim standartlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanish, axborot kommunikatsion texnologiyalarini tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan davlatimiz tomonidan ta’lim tizimida alohida e’tibor qaratilib, muhim islohotlar olib borilmoqda.
Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxanov ham Namangan shahridagi 1-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabiga ta’mirlash ishlari uchun o‘z hisobidan 5 million so‘m topshirdi. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar berdi.
Bundan tashqari, senator boshlang‘ich sinfda tahsil olayotgan o‘quvchilar ota-onalari orasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Natijada o‘qituvchi Alla Gasparyan bolajonlarning mehrini qozongani ayon bo‘ldi.
Shu munosabat bilan senator N.Abdullaxanov A.Gasparyan bilan o‘zaro fikr almashib, zarur jihozlar bilan ta’minlanishiga ko‘mak berilishini ta’kidladi.