Bilimli o‘qituvchining mavqeyi ham baland bo‘ladi
Ayni paytda Samarqand shahrida 79 ta umumta’lim maktabi, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda umumta’lim maktablarida jami 5 119 nafar pedagog xodim 93 536 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya beradi. Shaharda yangi maktablar qurilib, foydalanishga topshirilishi bilan ularning moddiy-texnik bazasi tobora yaxshilanib, o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikalari, o‘quv darsliklari va metodik qo‘llanmalar bilan to‘liq ta’minlanmoqda.
“Yilning eng yaxshi o‘qituvchisi” Respublika ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida 13 ta fan bo‘yicha 1 409 nafar o‘qituvchi qatnashdi. Viloyat bosqichida 9 fandan o‘tkazilgan tanlovning 2 ta fan yo‘nalishi bo‘yicha 37-IDUM ingliz tili fani o‘qituvchisi Nargiza Negmatova va 20-umumta’lim maktabi geografiya fani o‘qituvchisi Shahlo Salomova 1-o‘rinni egallashdi, 20-maktabning geografiya fani o‘qituvchisi Shahlo Salomova tanlovning Respublika bosqichida ham 1-o‘rinni egalladi.
Prezidentimizning 2018-yil 14-avgustdagi “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablariga 145 psixolog shtat birliklari ajratilgan bo‘lib, bu shtat birliklarida 149 nafar amaliyotchi psixolog faoliyat yuritmoqda. Shundan 60 nafari mutaxassis amaliyotchi psixolog, 89 nafari nomutaxassis amaliyotchi psixologlardir. Umumiy o‘rta ta’lim maktablari amaliyotchi psixologlari faoliyatini jonlantirish va psixologik xizmat samaradorligini oshirish maqsadida ham bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Jamiyatimizning hamma sohalar kesimida shiddat bilan taraqqiy etishi bevosita insoniyat tafakkurining o‘sishi, faoliyatining serqirraligi va jadallashuviga bog‘liq. Zamon talablari bilan hamqadam bo‘lib, soha rivojiga o‘z vaqtida hissa qo‘sha oladigan, yangidan yangi g‘oyalarni amaliyotga joriy eta oladigan kadrlarga kundan kun ehtiyoj ortmoqda. Jumladan, har oyda yil boshida ishlab chiqilgan reja asosida har bir fan kesimida buyurtma asosida o‘qituvchilarning malaka oshirishi ushbu ishlarni amalga oshirishda muhim sanaladi. Ta’lim muassasalarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan ta’minlash maqsadida pedagogik yo‘nalishdagi Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti, Navoiy davlat pedagogika instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat pedagogika universiteti bilan hamkorlik dasturi tuzilgan. Bundan tashqari har yili oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini bo‘sh ish o‘rinlariga ishga taklif etish bo‘yicha joylarda uchrashuvlar o‘tkazilib, bitiruvchilar bilan ishga qabul qilish bo‘yicha uch tomonlama shartnomalar imzolanib kelinmoqda. Mavjud ehtiyoj o‘qituvchilarning dars soatini oshirish, o‘rindoshlik, pensioner o‘qituvchilarni va yuqori kurs talabalarini jalb qilish hisobiga qoplanmoqda. Samarqand shahrida o‘qituvchi yetishmasligi muammosi faqatgina ta’lim rus tilida olib boriladigan maktablarda mavjud.
Ta’kidlash joizki, bugun nafaqat sohasidan uzilib qolgan pedagoglar, balki xalq ta’limi sohasiga ishga qabul qilinayotgan har bir o‘qituvchi bilim darajasi, malaka va tajribasi asosida suhbatdan o‘tkazilyapti. Shu bilan birgalikda, maktablarda ustoz-shogirdlik asosida har bir fan o‘qituvchisi malaka oshirish kurslarida o‘qishidan tashqari, tayanch maktablarda tajribali fan o‘qituvchilaridan kasb mahoratlarini o‘zlashtirmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar sohada faoliyat ko‘rsatib,
muammoga duch kelayotgan o‘qituvchining kasbiy mahorati yuqorilab borishiga xizmat qiladi.
Endilikda o‘qituvchining o‘z ustida ishlashi, bor kuch-g‘ayratini, shijoatini ta’lim-tarbiya samaradorligiga bag‘ishlaydigan davr keldi. Sir emaski, joylarda bunday ulug‘vor maqsadlarga hali ham ko‘nikolmagan ba’zi rahbarlar borki, aynan o‘qituvchi mehnatiga ko‘z tikib, ayrim sa’y-harakatlarni amalga oshirishga intilmoqda. Biz bunday holatlarning oldini olish maqsadida jamoatchilik bilan hamkorlikda qator ishlarni olib boryapmiz.
Pedagog o‘quvchiga zamonaviy bilim berishi uchun, avvalambor, uning o‘zi bugungi islohotlardan xabardor, jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga daxldor bo‘lishi lozim. U o‘z ustida doimiy ravishda ishlashi, o‘quvchiga salmoqli ta’lim-tarbiya beradigan, ularni fanga qiziqtira oladigan noan’anaviy uslublardan foydalanishi lozim. Buning uchun u nafaqat mutaxassisligiga oid puxta ilm, balki ijtimoiy-siyosiy bilimlarga ham ega bo‘lishi lozim.
Nigora SA’DINOVA,
Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi mudiri