Kichik e’tirozim bor!
Ona tili darsliklari juda qiziqarli va mazmunli bo‘lishi kerak aslida. Ammo ba’zan mualliflarning mavzularga ko‘r-ko‘rona yondashganidan ko‘nglimiz xira tortadi. Negadir qoidalardan chetga chiqa olmaymiz.
Keyingi o‘quv yilidan ona tili darslari keskin qisqarayotganini eshitib, qattiq ranjidik. Gap bizning maoshimiz kamayishida emas, buning aksi bo‘lishi ham mumkin hali. Gap boshlang‘ich sinfga o‘qishga kelgan o‘quvchini hali u ona tilida oddiygina so‘zlashuv, kundalik turmushda kerakli so‘zlarni bilgani holda, qanday qilib chet tillar-u hisob ilmiga o‘rgatishda. Agar ona tili darslari bu tarzda kamaysa, o‘quvchilarimiz boshqa darslarda o‘zbekcha so‘zlarning ma’nosini tushunolmay qoladi.
Aslida ona tili darslarida ilmiy atamalar degan mavzuga soatlarni ko‘paytirib, har birida ma’lum fan sohasiga oid atamalarni chuqur o‘rgatish, shu fanga oid matnlar, qiziqarli hikoya, g‘aroyib hodisalar matnini berib, ona tiliga uyg‘unlashtirib yuborish kerak. Masalan, adabiyotga, mehnatga yoki matematikaga oid atamalar. Bular bizga oddiy tuyuladi, ammo bolaning yo darsni tushunib, unga qiziqib qolishiga olib keladi, yo bo‘lmasa teskarisi. Odatda, kichik maktab yoshidagi bolalarga ma’lum fandagi so‘zlar boshdan-oyoq o‘rgatilmaydi. Kuzatishlarimga ko‘ra, o‘quvchilar badiiy kitoblarni o‘qiganda ham ayrim so‘zlarning ma’nosini anglamaydi. Ko‘pchilik bolalar ustoz bu so‘z nima degani, “u so‘zning ma’nosi nima”, deya so‘rashadi. Bu bolalarining ona tilidagi ko‘p so‘zlarni yaxshi bilmasligini ko‘rsatadi. Agar ona tili darsi qisqartirilsa, bolalarimizga chet tillarni ham yaxshi o‘rgatolmaymiz. Hatto o‘zbek bolalari ichida o‘zbek sinflarda o‘qib turib ham inglizcha so‘zlarni yaxshiroq tushunadigan bolalar tarbiyalanib qoladi va ularning milliy tarbiyasida nuqsonlar bo‘ladi, degan xavotir yo‘q emas. Maktabda ishlagan o‘qituvchi o‘quvchi bilan darsda qanday qilib yaxshi ishlash mumkinligini yaxshi biladi. Bunda til juda muhim.
O‘rni kelganda 3-sinf “Ona tili” darsligidagi 402-mashqqa e’tiroz bildirmoqchiman. 3-sinf bolaga “qachon?” so‘rog‘iga javob bo‘luvchi ega va shunga munosib “qanday?” so‘rog‘iga javob bo‘luvchi kesimni misol keltirish qanchalik oson? Muallifning o‘zi buni chuqurroq o‘ylab ko‘rganmi? Ekspertlar qayerga qarashgan? Keyingisida o‘n yoshli bolakay “qayerga?” so‘rog‘iga javob bo‘luvchi kesimga misol keltirishi kerak. Xatolar, nomutanosibliklar, yosh psixologiyasiga amal qilinmagan o‘rinlar bir shugina, yo bitta ona tilida bo‘lsa ekan. Axir bu ko‘r-ko‘rona yozilgan kitoblar millatni botqoqqa olib ketmaydimi? Savodsiz, ilmdan bezgan bolalar jamoasi shakllanmaydi deb kim kafolat beradi? Men xato topib xursand bo‘ladigan o‘qituvchi emasman. Mana shunday kamchiliklar sabab darslarda bolalar bilan ishlayotganimda ko‘nglim og‘riydi. O‘zim kabi kasbdoshlarga, beayb, biz kattalarga ishongan, kitobga ixlos qo‘ygan bolalarga achinaman.
Darvoqe, yuqorida berilgan topshiriqqa misol topganman. Axir bolalar oldida uyalib qolishim mumkin (aslida bu mashq uyga vazifa qilib berilishi kerak edi).
1. “Tong go‘zal”. 2. “Hamma hasharga”. O‘ylab ko‘ring-chi, siz 3-sinf bola o‘rnida ushbu topshiriqqa bundan boshqa qanday misol keltirardingiz?
Muhayyo MAMAJONOVA, Chust tumanidagi 42-maktab-internatning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi