Attestatsiya va akkreditatsiya: maqsad va yakuniy xulosa
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan idoraviy mansubligi va mulkchilik shaklidan qat'i nazar, barcha ta’lim muassasalarini attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga yuklatilgan. Shunga muvofiq 2020-yil umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish rejasiga ko‘ra tuman (shahar) attestatsiya komissiyalari tomonidan malakali ekspertlarni jalb etgan holda 858 ta maktab faoliyati tashqi baholashdan o‘tkazildi.
Yangicha ishlash amaliyoti
Davlat inspeksiyasi qoshidagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi akkreditatsiya komissiyasi tomonidan 803 ta (93,5 foiz) muassasa akkreditatsiyalanib, muvofiqlik sertifikatlari rasmiylashtirildi. 55 ta (6,5 foiz) umumta’lim maktabi belgilangan ta’lim sifati talablariga javob bermaganligi uchun attestatsiyadan o‘tmadi va akkreditatsiyalanmadi. Bu maktablarda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq reja va muddatlarga asoslangan 803 ta yo‘l xaritasi ishlab chiqilib, ijroga yo‘naltirildi. Natijada umumta’lim maktablari faoliyatida aniqlangan 7 657 ta kamchilik bartaraf etildi.
Aytish joizki, joriy yilda 2 420 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini ichki baholash tizimi joriy etildi. Bu tizim ta’lim muassasalarida muntazam o‘zini o‘zi baholash orqali ta’lim xizmatlari sifatini oshirish va ta’lim sifati madaniyatini shakllantirish imkonini berdi. Pedagoglar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali ta’lim muassasasi faoliyatini takomillashtirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Qolaversa, maktablarda ta’lim maqsadlarini rejalashtirish va amalga oshirish uchun ma’lumotlar to‘plash va uni umumlashtirish tizimi shakllantirildi. Ta’lim sifatini rivojlantirish bo‘yicha maktabning istiqbol rejasini tuzish va KPI — Key Performance Indicator (Ijro ko‘rsatkichining kaliti) asosida faoliyatini tashkil etish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, o‘quvchilar uchun xavfsiz va qulay sharoit yaratilganligi holati tahlil qilinib, muassasaning moddiy-texnik ta’minotini yaxshilash maqsadida yo‘l xaritasini tasdiqlash va har chorak yakuni bo‘yicha monitoring olib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Tashqi baholash mezoni
Tashqi attestatsiya jarayonida maktablar tomonidan o‘tkazilgan ichki attestatsiya natijalarining haqqoniyligi o‘rganib chiqilib, o‘quvchilarning yetarlicha bilim olishlari uchun muassasada yaratilgan sharoitlarga baho berildi. Xususan, 373 865 nafar bitiruvchi, ya’ni 4-, 9-, 11-sinf o‘quvchilaridan nazorat ishlari olindi, 35 300 nafar pedagog, 21 180 nafar o‘quvchi va ularning ota-onalaridan maktab faoliyatini baholashga doir so‘rovnoma o‘tkazildi. 12 708 nafar o‘qituvchining dars mashg‘ulotlari tahlil qilindi.
Tahlil natijalariga ko‘ra:
— ichki baholash natijalari haqiqiy holatdan 6–25 foizgacha oshirib ko‘rsatilgan;
— 75 foiz o‘qituvchi darsni tayyorlash va o‘tkazishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan bo‘lsa-da, ularning 12 foizi dars jarayonida o‘qitishning interaktiv usullaridan foydalanmagan, 7 foizi dars jarayonini hayotga bog‘lagan holda (kompetensiyaviy yondashuvlar asosida) tashkil etmagan va 6 foizi dars jarayonida o‘quvchilarning faol ishtirok etishiga erisholmagan;
— 14 foiz maktablarni boshqarishda o‘quvchilarning fikri inobatga olinmagan, o‘quvchilar maktab boshqaruviga yetarli darajada jalb etilmagan, bu borada olingan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra respondentlarning 12 foizi maktabni boshqarishda o‘quvchilar manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish lozimligini ta’kidlagan;
— maktabdagi ta’lim sifati yuzasidan o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra “Kuzatuv kengashi” faoliyatidan 43 foiz ota-onalar xabardor emas, shuningdek, respondentlarning 23 foizi byurokratiya va qog‘ozbozlikka barham berish lozimligini ta’kidlagan;
— tashqi attestatsiyadan o‘tkazilgan 858 ta maktabdan 257 tasi(30 foizi)da fizika, 343 tasi(40 foizi)da kimyo-biologiya laboratoriya xonalari talab darajasida emas. Fizika xonasidagi o‘quvchilar partasi amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun elektr manbasiga ulanmagan, laboratoriya xonasi jihozlar bilan to‘liq ta’minlanmagan. Kimyo xonasidagi maxsus partalar suv va suvoqava tarmoqlariga ulanmagan, mo‘rikonli shkaf to‘liq o‘rnatilmagan. Laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun reaktivlar yetishmaydi.
Buning natijasida fizika va kimyo fanlaridan o‘quvchilarning o‘zlashtirishi boshqa fanlarga nisbatan ancha pastligi kuzatildi. Xususan, tashqi attestatsiya jarayonlarida olingan nazorat ishlari natijalariga ko‘ra nazorat ishi olingan 858 ta maktabdan 230 tasida kimyo fanidan, 218 tasida fizika fanidan birorta ham o‘quvchi “a’lo”ga baholanmadi. Shuningdek, Chortoq tumanidagi 19-, Chiroqchi tumanidagi 99- va 172-maktabda kimyo fanidan, Shumanay tumanidagi 3-, Sardoba tumanidagi 9-, Chiroqchi tumanidagi 99- va 172-maktablarda fizika fanidan 100 foiz o‘quvchi “qoniqarsiz” baho olgan. Nazorat ishlarida ishtirok etgan 408643 nafar o‘quvchilarning 55956 nafari (13,7 foizi) “a’lo”, 130 317 nafari (31,9 foizi) “yaxshi”, 119 045 nafari (29,1 foizi) “qoniqarli” va 103 326 nafari (25,3) “qoniqarsiz” baholanib, o‘quvchilarning umumiy o‘zlashtirish darajasi 75 foizni, sifat ko‘rsatkichi 46 foizni tashkil etdi. O‘quvchilarning umumiy o‘zlashtirish darajasi Andijon viloyatida 68, Sirdaryo viloyatida 67, Namangan viloyatida 66, Jizzax va Toshkent viloyatlarida 65 foizni tashkil etib, respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Nazorat ishida qatnashgan umumiy o‘quvchilarning aksariyati (75 foizi) ijobiy baholangan bo‘lsa-da, Sirdaryo viloyatida 9, 11-sinf o‘quvchilarining fizika fanidan o‘zlashtirish darajasi 53, Namangan viloyatida 50, Toshkent viloyatida 46, Jizzax viloyatida 44 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich kimyo fanidan Namangan viloyatida 50, Jizzax viloyatida 47 va Toshkent viloyatida 47 foizni tashkil etib, DTS talablariga to‘liq javob bermaydi.
Buning asosiy sabablaridan birini o‘qituvchilarning sifat tarkibi talab darajasida emasligi bilan izohlash mumkin. Tashqi attestatsiyadan o‘tkazilgan 858 ta maktabda faoliyat ko‘rsatayotgan jami 32 041 nafar pedagoglarning 27 936 nafari oliy, 4 105 nafari o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar. Oliy ma’lumotli o‘qituvchilarning 1 024 nafari oliy toifali, 4 376 nafari birinchi, 8 551 nafari ikkinchi toifali va 13 985 nafari malaka toifasiga ega bo‘lmagan mutaxassislardan iborat.
Maqsad va takliflar...
Kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida shakllantirilgan 803 ta yo‘l xaritasiga quyidagi tadbirlar kiritildi va bu davom etishi kerak:
o‘qituvchilar metod kunlarini samarali tashkil etish, mustaqil malaka oshirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, maktab kutubxonasini fanlar kesimida o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash;
o‘qituvchilarning innovatsion texnologiyalar va ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganishi, ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga tatbiq etishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish maqsadida maktablarni yuqori tezlikka ega bo‘lgan internet tarmog‘i bilan uzluksiz ta’minlash choralarini ko‘rish;
o‘qituvchilarga innovatsion texnologiyalar va ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgatish bo‘yicha o‘quv-seminarlar tashkil etish, mazkur seminarlarda ta’lim sifatini oshirish borasida professor-o‘qituvchilar hamkorligida mahorat darslarini o‘tkazish yuzasidan oliy o‘quv yurtlari bilan memorandum imzolash choralarini ko‘rish;
o‘quvchilarning yangi texnologiyalarga qiziqishini rag‘batlantirish, ulardagi yaratuvchanlik, ijodkorlik qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida maktabdagi mavjud kompyuter sinflaridan mustaqil foydalanishi uchun yetarlicha shart-sharoit yaratish;
maktabda o‘quv jihozlarini inventarizatsiyadan o‘tkazish, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari va fanlar kesimida ko‘rgazmali qurollarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash hamda ehtiyojning tegishli tashkilotlar orqali qoplanishini ta’minlash choralarini ko‘rish;
fan o‘qituvchilari tomonidan (pedagogik yuklamasiga muvofiq o‘quvchilar bilan individual ishlash hisobidan) haftasiga 2 soat past o‘zlashtiruvchi o‘quvchilar bilan yakka tartibda ishlash, fan to‘garaklari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va natijaviyligini nazoratga olish.
Ta’lim sifatini masofaviy ta’minlash
Pandemiya sharoitida Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi o‘z faoliyatini mamlakatimiz aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash maqsadida belgilangan chora-tadbirlar doirasida amalga oshirmoqda:
— masofaviy ta’lim sifatini ta’minlashga qaratilgan “Ta’lim sifatini baholash tizimini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari”, “O‘quvchilarda mantiqiy va kreativ fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish”, “O‘quvchilarning o‘qish va matematik savodxonligini baholash” mavzularida onlayn seminar tashkil etildi;
— karantinga oid choralar amal qilish davrida davlat akkreditatsiyasi to‘g‘risidagi guvohnomasining amal qilish muddati tugaydigan maktablarni akkreditatsiyalash muddati joriy yilning 31-dekabriga qadar uzaytirildi;
— ta’lim muassasalarini akkreditatsiyalash jarayonini masofadan turib tashkil etish imkonini beruvchi “ONAKS” elektron platformasi ishga tushirildi;
— tuman (shahar) tashqi attestatsiya komissiyasi a’zolari hamda ekspertlar uchun “ONAKS” — elektron platformasini ishga tushirish tartibi to‘g‘risida doimiy harakatdagi masofaviy o‘qish yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur platforma qisqa vaqt ichida umumiy o‘rta ta’lim maktablari to‘g‘risida tahliliy ma’lumotlarni to‘plashda qulaylik yaratish bilan birga, attestatsiya jarayonidagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, korrupsiyaning oldini olish, mutaxassislarning vaqti va yo‘l xarajatlarini tejash hamda tezkor axborot almashish imkonini bermoqda. Elektron platforma ishga tushirilgandan buyon ichki attestatsiyadan o‘tkazilgan 684 ta, tashqi attestatsiyadan o‘tkazilgan 152 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarining hujjatlari “ONAKS” — elektron platformasi orqali qabul qilindi. Qabul qilingan ichki attestatsiya hujjatlarining 508 tasi o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra 18 ta hujjatda kamchilik aniqlanib, bartaraf etish uchun maktablarga qaytarildi, 379 tasiga tashqi attestatsiya o‘tkazishga ruxsat berildi. Bugungi kunda 176 ta hujjat o‘rganish jarayonida.
Karantin choralari joriy etilguncha tashqi attestatsiyadan o‘tkazilgan 152 ta maktab hujjatlari platforma orqali qabul qilinib, ularning 143 tasi akkreditatsiyalandi, tashqi baholash jarayonlari “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlari” asosida tashkil etilmaganligi uchun 9 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi akkreditatsiyadan o‘tmadi. Kelgusida umumta’lim muassasalarining attestatsiya va akkreditatsiya hujjatlarini qabul qilish va xulosa tayyorlash to‘liq “ONAKS” elektron platformasi orqali amalga oshiriladi.
Ravshan ERGASHEV,
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i