Haftasiga 1 soat “tarix” yetarli emas!
Bugungi kunda maktab o‘quv rejasidagi fanlarni optimallashtirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu o‘rinda men maktablarda tarix fanini o‘qitishning ahamiyati va ahvoli qay darajada degan savolni muhokamaga qo‘yishni lozim topdim.
Ayni globallashuv, g‘oyaviy, mafkuraviy tahdidlar kuchaygan davrda o‘z davlati tarixini o‘quvchilarga chuqur o‘rgatish, shu tariqa ularda vatanparvarlik hissini uyg‘otish masalasi tarix fanining ahamiyatini yanada oshiradi. Davlat har qancha boy bo‘lmasin, tarixni o‘rganishga e’tibor qaratilmas ekan, u davlatning rivojlanishi sekinlashib boradi.
Bugungi kunda tarix fani yillik hisobda 5–6-sinflarda 68 soat (umumiy), 7–8–9-sinflarda jahon tarixi 51 soat, O‘zbekiston tarixi 51 soat, 10–11-sinflarda esa O‘zbekiston tarixi ham, jahon tarixi ham haftasiga 1 soatdan o‘tiladi. Endi o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Xo‘sh, ushbu dars soatlari tarix fanini chuqurroq o‘rganish uchun yetarlimi? Mening fikrimcha, yetarli emas va buni asoslab beraman:
1. Tariximizning eng gullagan davri hisoblangan o‘rta asrlar tarixi o‘quvchilarimiz eng chuqur o‘rganishi lozim bo‘lgan davr. O‘n ikki asrlik tarixni o‘rganish uchun 51 soat dars yetarli emas. Bu davrda yashagan tarixiy shaxslar, bo‘lib o‘tgan tarixiy voqeliklar — barchasini o‘quvchilarga qiziqarli tarzda o‘rgatish, mustaqil izlanishlar olib borish uchun belgilangan dars soatlari ozlik qiladi.
2. 10–11-sinflarda fanning haftasiga 1 soatdan o‘tilishi ham mavzular yaxshi o‘zlashtirilishini qiyinlashtiradi. 1 soatlik mavzular uchun mo‘ljallangan o‘rganish obyekti katta. Raqamlar, faktlar o‘quvchining belgilangan vaqt oralig‘ida o‘zlashtirish imkoniyati hisobga olinmagan holda berilgan. Bu o‘z-o‘zidan bolalarni toliqtiradi.
3. Talaygina yo‘nalishlarda oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun tarix fanidan imtihon topshiriladi. Testlarning murakkabligi esa barchaga ma’lum. Bunday murakkab testlarni muvaffaqiyatli yechish uchun esa maktabda haftasiga 1 soat o‘tiladigan tarix fani juda-juda kamlik qiladi. Shuning uchun ham o‘quvchilar o‘ziga kerakli bilimlarni repetitorlardan olishiga ishonib qolyapti. 10–11-sinf o‘quvchilari maktabga hafsalasizlik bilan kelishadi.
Fanlarni optimallashtirish kerak bo‘lgan bir davrda bu kabi holatlarni o‘rganib chiqib, tarix fanining taqdiri ustida ham chuqurroq bosh qotirib ko‘rish kerak, deb o‘ylayman.
Muzaffar QOSIMOV, Farg‘ona tumanidagi 13-maktabning tarix fani o‘qituvchisi