Barcha birdek mas’uliyatli
Bugungi kunda umumta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya jarayonlari qay tarzda olib borilayotgani, o‘quvchilarning bilim darajasi hamda o‘qituvchilarning ish-faoliyatiga baho berish qiyin bo‘lmay qoldi. Nega desangiz, o‘quvchilarning saviyasi, odobi, qolaversa, turli ko‘rik-tanlov, fan olimpiadalari va boshqalarda faolligi ushbu maskanda ta’lim–tarbiya ko‘ngildagidek ekanidan dalolatdir.
Chiroqchi tumanidagi 6-IDUM ham mana shunday dargohlardan. O‘quvchilarining shu kunga qadar erishayotgan yutuqlari, har jabhada faolligi so‘zimiz isbotidir. Albatta, bunda maktab rahbarining o‘rni va ahamiyati katta. Charos Mahmanazarova 2018-yilda direktorlik faoliyatini boshlagach, muassasada har taraflama o‘zgarishlar bo‘ldi. Bor kuch-g‘ayrati bilan ishga kirishgan yangi rahbar tez orada o‘qituvchi va o‘quvchilarning ishonchini oqladi. Uning odilona faoliyatidan barcha birdek mamnun.
Hozirda maktabda 68 nafar o‘qituvchi faoliyat olib boradi. Har yili bir nechta o‘qituvchi “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining tuman, viloyat bosqichlarida ishtirok etadi. O‘quvchilar orasida doimiy fan bilan shug‘ullanib, tanlovlarda birinchilikni olib kelayotganlari talaygina. 2018-2019-o‘quv yilida 11-sinfni 35 nafar o‘quvchi tamomlagan bo‘lsa, ulardan 12 nafari yurtimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirmoqda. Albatta, bu natijadan o‘qituvchilar ham, ota-onalar ham xursand.
O‘tgan o‘quv yilida ham dars jarayonlar yaxshi olib borildi. Har oyda muntazam fan oyligi doirasida ochiq darslar, kichik bellashuvlar o‘tkazildi. Bundan tashqari 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha ham samarali0 ishlar olib borildi. Karantin sabab maktab faoliyati to‘xtatilgan kundan boshlab, darslar onlayn tarzda yo‘lga qo‘yildi. Masofaviy darslarga o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham imkon qadar qamrab olindi. Ushbu dars mashg‘ulotlari ham risoladagidek olib borildi. O‘quvchilar masofadan turib talovlarda ishtirokni kamaytirmadi. Masalan, 10-sinf o‘quvchisi Sevara Qudratova “Ona tilim ― g‘ururim” mavzusidagi insholar ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 3-o‘rinni egallagan bo‘lsa, matematika fanidan Sevinch Latipova 2-o‘rinni oldi. O‘quvchilar diplomlar bilan taqdirlandi. Mazkur muassasaning nafaqat o‘qituvchi va o‘quvchilari faol balki yoshlar yetakchisi ham bilim-salohiyati bilan o‘rnak. Lobar Hazratqulova Markaziy kengash tomonidan 9-iyun ― “Xalqaro do’stlar kuni” munosabati bilan maktab yetakchilar uchun onlayn tashkil qilingan respublika ko‘rik-tanlovida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Barcha birdek mas’uliyatni his qilgan joyda o‘sish va rivojlanish bo‘ladi.
Burhon RIZOQULOV