Ijtimoiy tarmoq til o‘rganishda qulay vosita
Chet tillarini o‘qitishda motivatsiya katta ahamiyatga ega. U fikrlashni faollashtirishga yordam beradi, har xil mashqlarni bajarishga qiziqtiradi. Eng kuchli rag‘batlantiruvchi omil bu o‘rganilayotgan materialning yangiligiga va bajariladigan vazifalarning xilma-xilligiga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlashga qaratilgan o‘qitish usullaridir. Ta’limning turli xil nostandart usullaridan foydalanish til hodisalarini xotirada birlashtirish, yanada barqaror vizual va eshitish tasvirlarini yaratish va o‘quvchilar faolligini ta’minlashga yordam beradi. Shuning uchun mashg‘ulotlarda ko‘proq o‘qitishning faol usullariga ustunlik berilmoqda.
Hozirgi paytda chet tillarni o‘rganishda internet muhim ahamiyat kasb etadi. Internetdan foydalangan holda siz bir qator didaktik muammolarni hal qilishingiz mumkin: o‘quvchilarning o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish; yozish mahoratini oshirish; so‘z boyligini boyitish. O‘quvchilar internet orqali tanlovlarda ishtirok etishlari, boshqa mamlakatlardagi tengdoshlari bilan yozishmalar o‘tkazishlari, videokonferensiyalarda ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, “Telegram”, “Instagram”, “Facebook” kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali ham ingliz tilini o‘rganish ommalashgan va ulardagi til bo‘yicha ma’lumotlarni o‘zlashtirishga o‘quvchilar o‘rtasida katta qiziqish mavjud.
Ma’lum bir mavzuni tugatgandan so‘ng, o‘quvchi topshiriqni oladi va uni internetdan foydalangan holda bajaradi hamda o‘zining “Telegram”ida natijalarini aks ettiradi. Bu qanday ko‘rinishda bo‘lishining taxminiy rejasi:
1. Oxirgi darsda o‘tgan mavzu o‘zlashtirilishi bo‘yicha o‘quvchilar tekshiriladi. Texnologik usul yig‘ish yoki to‘plash tizimi ko‘rinishida ishlaydi. Har bir to‘g‘ri javob bergan o‘quvchiga bittadan “+” qo‘yiladi. Barcha o‘tilgan darslar uchun har hafta oxirida plyuslar yig‘iladi. Ular qancha ko‘p bo‘lsa baho ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Shunday qilib, ushbu usuldan foydalangan holda o‘quvchilar orasida ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan motivatsiya oshiriladi.
2. Yangi materialni o‘rganish. Oddiy mashqlardan tashqari materialni o‘rganishda video yoki audio ma’lumotlardan foydalaniladi.
3. Amaliy topshiriqlarni bajarish.
4. Uy vazifasi. Masalan, o‘quvchi matn yozishi kerak bo‘lsa, uni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilishi mumkinligi nuqtayi nazaridan yozadi. Jumladan,
keyingi yozganlarining barchasini o‘quvchilar o‘zlarining “Telegram” sahifasida e’lon qiladilar. Bu juda qiziqligi barobarida o‘quvchilarning ijodiy fikrlash doirasini rivojlantiradi.
5. So‘ng bolalar bajarilgan ishlarning skrinshotlarini olishadi va ularni kompyuterlaridagi alohida papkada saqlashadi. Yaxshi bajarilgan vazifalar nazorat ishida ustunlik beradi.
Gulshan ESHBOYEVA, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 308-maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi