Jumhuriyat muallimi
O‘tgan asrning 80-yillarida mamlakatimiz ijtimoiy hayotida tub o‘zgarishlar sodir bo‘ldi: oshkoralik siyosati tufayli sobiq SSSRning asl basharasi ochildi, davlat tili masalasi o‘rtaga tashlandi, milliy munosabatlar keskinlashdi, milliy istiqlol g‘oyalari oldinga surildi, millatimizning haqiqiy tarixi yoritila boshlandi. Qisqasi, xalqimiz o‘zini chuqurroq anglab, mustaqillik sari qadam qo‘ydi. Ayni shu jarayonda haqiqiy fidoyilar jonbozlik ko‘rsatishdi — kimdir siyosiy jasorati bilan maydonga chiqqan bo‘lsa, kimdir ilm-u irfon orqali xalqimizni asriy mustamlakachilikdan uyg‘otishga xizmat qildi. Mana shunday insonlar orasida Rahimboy Jumaniyozov ham bor edi.
Rahimboyni talabalik davridan yaxshi bilaman. U bilan O‘zMU(sobiq ToshDU)ning tayyorlov bo‘limida birga tahsil olganmiz. U o‘ta tirishqoq, o‘z quvvayi hofizasi bilan ko‘pchilikni hayron qoldirar, xalq dostonlaridan juda ko‘p parchalarni yoddan, ifodali ayta olar, har bir obrazning mohiyatini to‘la-to‘kis ochib bera olardi. Ayni paytda eski o‘zbek yozuvi — arab alifbosini yaxshi bilar, arabcha imloning sir-sinoatidan yaxshi xabardor edi. Buning ustiga unda improvizatsiya — badihago‘ylik san’ati ham rivojlangan edi. Shu bois talabalar orasida, fakultet hamda universitet jamoasida katta obro‘ qozongan, ustozlar duosini olgan talabalardan biri edi.
Rahimboy do‘stim talabalik davridanoq ilm yo‘lini tutdi, ma’rifat mayog‘ini mahkam ushladi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bilan aloqani yo‘lga qo‘ydi. Shu sababli bo‘lsa kerak, talabalikning oxirgi yilidan boshlab Til va adabiyot institutida ishlay boshladi. Bu mo‘tabar dargohda Matyoqub Qo‘shjonov, Abduqodir Hayitmetov, To‘ra Mirzayev kabi olimlarning nazariga tushdi, ko‘plab ilmiy maqolalar yozdi, o‘zbek folklori va mumtoz adabiyot tutashgan soha — xalq kitoblari ustida tadqiqot olib bordi. Natijada 1991-yili filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘ldi. Ayniqsa, 1989-yilda yaratilgan “Eski o‘zbek yozuvi” deb nomlangan kitobi shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Mazkur kitob bir necha bor qayta nashr qilindi, minglab insonlarning savodini chiqarishda dasturilamal bo‘ldi. Negaki eski o‘zbek (arab) yozuvi orqali milliy o‘zlikni anglash sari yo‘l ochildi, qadim madaniyatimizni o‘rganishda muhim vosita bo‘lib qoldi.
Rahimboy Jumaniyozov bu boradagi izlanishlarini to‘xtovsiz davom ettirdi. 1990-yili “Alifbo saboqlari” deb nomlangan o‘quv-uslubiy qo‘llanmani chop ettirdi. 1995-yili esa “Harflar tilga kirganda” kitobi nashr etildi. Muallif tanlagan usul sodda va xalqchilligi bilan ajralib turgani bois respublikamizdagi barcha ta’lim muassasalarida, o‘quv kurslarida mazkur qo‘llanma asosida mashg‘ulotlar olib borildi. Yanglishmasam, ko‘plab yurtdoshlarimiz u yaratgan qo‘llanmalar asosida, mustaqil tarzda eski o‘zbek yozuvini o‘rganib oldi. Bu esa uning novatorligidan, jamiyat talabi va zamon shiddatini tezkorlik bilan ilg‘ab olganidan dalolatdir.
Ilm-u ma’rifatning faol targ‘ibotchisiga aylangan Rahimboy Jumaniyozov O‘zbekiston televideniyesi orqali ham samarali faoliyat olib bordi. Mustaqillik arafasida “Alifbo saboqlari” ko‘rsatuvini tashkil etib, eski o‘zbek yozuvini xalqimizga o‘rgatdi, natijada xalq orasida “Jumhuriyat muallimi” deya ardoqlanadigan bo‘ldi. Keyinchalik “Sirli sandiq”, “Iqtidor” ko‘rsatuvlarining muallifi sifatida ham xalqimizga ma’rifat ulashdi, o‘zbek arab yozuvida bitilgan durdona asarlarga qiziqish uyg‘otdi.
Rahimboy Jumaniyozov keng qamrovli olim, serqirra ijodkor va mohir notiq sifatida e’tirof etildi. Negaki, uning qator asarlari nutq madaniyati, notiqlik san’ati va tildan unumli foydalanish mahoratiga bag‘ishlangan. Jumladan, “Nutqiy mahorat” (2005), “Muomala madaniyati” (2015), “Dil — qulf, til — kalit” (2016), “Notiqlik san’ati” (2016), “Siz notiq bo‘lmoqchimisiz?” (2019) kitoblarida notiqlik san’atining turli qirralari qamrab olingan. O‘zbek adabiy tili, nutq madaniyatining ilmiy-nazariy va amaliy jihatlari ishonarli tarzda, sinovdan o‘tgan materiallar asosida tahlil qilingan, hozirgi til amaliyoti uchun foydali fikr-mulohazalar tavsiya etilgan.
Rahimboy notiqlik san’atining sir-asrorlarini chuqur o‘rgangan holda mashhur radio diktori, O‘zbekiston xalq artisti Qodir Maxsumov ijodi to‘g‘risida maxsus kitob tayyorladi. “Toshkentdan gapiramiz” deb nomlangan ushbu kitob 2016-yili “O‘zbekiston” nashriyotida chop etildi. Ushbu asar ham radio va teleboshlovchilar, suxandonlar uchun muhim qo‘llanma bo‘lib qoldi. Ayni paytda olimning o‘zbek milliy kinosini rivojlantirishdagi mehnatini ham alohida qayd etish joizdir. Negaki, uning badiiy rahbarligi ostida “Iqtidor” studiyasida “Qora ilon” va yana bir nechta badiiy film suratga olinib, namoyish qilinmoqda.
Shu o‘rinda Rahimboy Jumaniyozovning shaxsan o‘zi yetuk notiq ekanini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. Chunki uning ovozidagi o‘ziga xos ohang, jarangdorlik, adabiy til qoidalariga qat’iy rioya etish, topqirlik va badihago‘ylik birorta suxandon yoki boshlovchida uchramaydi. U talaffuz etgan so‘zdagi aniqlik, so‘z urg‘usi va mantiqiy urg‘uning mazmun-mohiyatini to‘liq anglagan holda boshqalarga ham yetkaza olish qobiliyati, mumtoz adabiyot va zamonaviy she’riyat namunalaridan unumli foydalana olishi noyob iste’dod sohibi ekanidan darak beradi.
Shuningdek, mumtoz g‘azallarni o‘qish mahorati, aruz vaznining qonun-qoidalarini puxta o‘zlashtirgani ham uning betakror ovoz sohibi ekanini anglatadi. Shu sababli ham 1991-yili Alisher Navoiyning 550 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston radiosida yil davomida o‘qigan g‘azallari hali-hanuz yuraklarni hayajonga soladi.
Ardoqli shoirimiz Abdulla Oripovning “Kurashadi ikki to‘lqin” she’rida shunday jumlalar bor: “Do‘stim, kurash endi bu kun sarhadidan oshibdi. Kurash endi ummon kabi qirg‘og‘idan toshibdi”. Darhaqiqat, mafkuraviy kurash hech qachon to‘xtagan emas. Ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida mafkuraviy-ma’naviy tahdidlar ming bir xil ko‘rinishda davom etmoqda.
Yurtimiz fuqarolarini, ayniqsa, yosh avlodni mafkuraviy xurujlardan asrashning turli usul va vositalaridan foydalanilmoqda. Rahimboy Jumaniyozov bu borada ham peshqadam ziyolilarimizdan biridir. Binobarin, uning “Targ‘ibotning ta’sirchan tizimi”, “Gumrohlik girdobidan yorug‘likka” maqolalari o‘z vaqtida yozilgan, dolzarb maqolalardan sanaladi. Ayniqsa, “G‘oyamiz — himoyamiz” nomli ijtimoiy-ma’rifiy loyiha jamoatchilik orasida shuhrat qozondi. Rahimboyning siyosiy topqirligi, milliy g‘oyani sodda uslubda, ishonarli tarzda yetkaza olish mahorati, yetuk notiqligi juda qo‘l keldi. Yetuk notiq va olim 2016-, 2018-, 2019-yillarda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan “Yilning eng faol ma’naviyat targ‘ibotchisi” deya e’tirof etildi.
Davr talabi, zamon shiddatiga hamohang qadam tashlab kelayotgan, o‘zining qutlug‘ yoshini nishonlayotgan R.Jumaniyozov bugungi kunda ham samarali faoliyat olib bormoqda. Jumladan, respublikamizda notiqlik san’atini rivojlantirish, har bir fuqaroning nutq madaniyatini oshirish uchun maxsus kurslar tashkil etib, tizimli mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘ygan. Oliy maqsadi — ushbu kurslarni Notiqlik akademiyasiga aylantirish hamda aholining barcha qatlamini qamrab olishdir.
Zukko tadqiqotchi, yetuk notiq, ma’naviyat va ma’rifatning faol targ‘ibotchisi, izlanuvchan pedagog Rahimboy Jumaniyozovga ijodiy yutuqlar har doimo hamroh bo‘lishiga tilakdoshmiz. Niyatimiz — davlat mukofotiga sazovor bo‘lmagan esa-da, xalq tomonidan “Jumhuriyat muallimi” deya ardoqlangan insonga farzandlar kamoli, shogirdlar ehtiromi nasib qilsin. Qisqasi, shoirning qalamidan to‘kilgan, qalb qo‘ri bilan bitilgan quyidagi tilaklar do‘stim Rahimboyga ham nasib etsin:
Baxt-u toleni qidirgan odam,
Olis yo‘lga chiqqan yurtdoshim, og‘am.
Bardam bo‘l, horima, dadil qo‘y qadam,
Ilohim, yo‘llaring bexatar bo‘lsin,
Tangrim murodingni muyassar qilsin!
Ravshan JOMONOV, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professori, filologiya fanlari nomzodi