Koronavirus pandemiyasi saboqlari: ta’lim tizimi chuqur isloh qilinishi zarur
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda 34 million aholisi bo‘lgan yetakchi davlat hisoblanadi. Bizning qanchalik to‘g‘ri yo‘l tanlashimiz qo‘shnilarimiz hayotida ham sezilarli o‘rin tutadi. Agar respublika aholisi yiliga yarim millionga yaqin kishiga o‘sishini, aholining 60 foizga yaqini yoshlar ekanini hisobga oladigan bo‘lsak, ularga zamon talabidan kelib chiqib ilm berish, eng so‘nggi texnologik jarayonlarni o‘z ichiga oladigan mutaxassisliklar bo‘yicha ko‘plab ish o‘rinlarini yaratish — bugungi kunning eng dolzarb masalasi ekanligi ayonlashadi.
Chunki xalq xo‘jaligining qaysi sohasini olmang, uni jahon standartlari darajasiga olib chiqish uchun shunday darajadagi kadrlar kerak bo‘ladi. Afsuski, bizda ular yetarli emas, ayrim sohalarda esa umuman yo‘q. Yetuk kadrlar ta’lim muassasalarida tayyorlanishini hisobga oladigan bo‘lsak, ko‘rinib turibdiki, sohani chuqur isloh qilish kerak. Islohot islohot uchun emas, ta’lim tizimini butunlay tubdan o‘zgartirishga qaratilmog‘i zarur. Shu paytgacha bir necha marta islohot qilishga urinib ko‘rilgan. Ammo natija biz o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi. O‘tgan asr boshlarida buyuk ajdodlarimiz A.Qodiriy, A.Avloniy, Fitrat, Cho‘lpon va yana bir qator ilm-fan va madaniyatimizning buyuk namoyandalari ham urinib ko‘rishgan. Ammo ko‘ngildagidek chiqmagan. Bu galgi urinishimiz avvalgi xatolarni takrorlamasligi lozim.
Bugun har bir sohada yangi mukammal texnologiyalar shunday jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqdaki, ularning ortidan quvib yetish qiyinlashyapti. Biz amalga oshirmoqchi bo‘lgan islohot ana shunday tezkor jarayonga dosh beradigan bo‘lishi kerak. Sir emaski, bugun maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlari talabalariga bilim berish bir xil uslubda, ya’ni avtoritar uslubda olib boriladi. O‘qituvchi yoki domla darslikdan o‘tilajak mavzuni o‘rganib kelib o‘quvchilarga tushuntiradi. O‘quvchilar esa uni tinglab, imkoniyatlari darajasida daftarlariga ko‘chirib (konspekt) oladilar. Ertasiga shu konspektdan esda qolganlarini aytib beradilar, aksariyati o‘qib beradi. Qisqasi, o‘qituvchi o‘zi aytib bergan ma’ruzani o‘quvchi yoki talaba tilidan eshitadi. Agar o‘quvchi yoki talaba o‘qituvchi tomonidan o‘qilgan ma’ruzaning 80–90 foizini aytib bersa bahosi 5, 60–70 foizini aytib bersa 4, 40–50 foizini aytib bersa bahosi 3, ayrimlar og‘zini ochib 2 yoki 3 ta mavzu bo‘yicha aytilgan to‘g‘ri gap uchun ham 3 qo‘yib berishadi. To‘g‘ri-da, 2 qo‘ysa fan bo‘yicha o‘zlashtirmayotganlar soni ko‘payib ketadi. Buning uchun javob berish kerak. Uch qo‘ysa qo‘zichoq ham tirik, bo‘rining ham qorni to‘q. Bu yerda tanganing ikkinchi tomoni haqida so‘z ochayotganim yo‘q. Bugungi kunda o‘rta maktabni, turli kollejlarni, hatto ayrim oliy o‘quv yurtlarini bitirganlar orasida ism-familiyasini to‘g‘ri yoza olmaydigan, savodsiz «mutaxassis kadrlar» qayerdan paydo bo‘layotir. Agar muhandis-konstruktor ish jarayonida ayrim elementar xatolikka yo‘l qo‘ysa javobgarlikka tortiladi yoki ishdan haydaladi. Nima uchun o‘qituvchi qaysidir ota-onaning ne umidlar bilan o‘qitayotgan farzandini g‘irt savodsiz qilib yetishtirsa unga na jarima solinadi, na ishdan haydaladi? Buyuk allomamiz Abu Ali ibn Sino ham shu masalada fikr yuritib shunday degan edi: “Chala bilim egasi bo‘lgandan ko‘ra, bilimsiz bo‘lish afzalroqdir”. Xulosa shuki, baholash tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqishimiz lozim.
Insoniyatni larzaga solayotgan koronavirus atalmish balo hayot tarzimizni tubdan o‘zgartirib yubordi. Shu jumladan, ta’lim tizimida ham sezilarli o‘zgarishlar vujudga keldi. O‘quvchi va talabalar uyda qolib masofadan dars tinglashga o‘tdilar. Bu narsa biz uchun yangilik hisoblansa ham, chet ellarda allaqachonlardan beri foydalanib kelinayotgan usul hisoblanadi. Bunday o‘qitish usulining afzallik tomonlari juda ko‘p. Avvalo, o‘quvchi maktabga borib kelish uchun vaqt ketkazmaydi. Ikkinchidan, 6-7 soatlab o‘qituvchilarning yillar davomida siyqasi chiqib ketgan ma’ruzalarini eshitishdan xalos bo‘ladi. Uchinchidan, ota-onasiga maktabga ketayapman deb darsga kirmay ko‘chalarda turli-tuman ahmoqona ishlar bilan band bo‘lib yurgan o‘quvchilar uyda ota-ona nazoratida bo‘ladi. To‘rtinchidan, farzandlari uchun yo‘lkiraga, ovqatlanishga va yana turli-tuman mayda-chuydalarga oila budjetidan ajratiladigan xarajatlar keskin kamayadi, qolaversa o‘quvchi qo‘lidagi dastur bo‘yicha berilgan savollarga javob berish uchun tayyorlanish jarayonida kitob o‘qishga majbur bo‘ladi. Bir necha yildan beri bolalarimizning kitob o‘qimay qo‘yganligini muhokama qilib, turli tavsiyalar berib kelayotirmiz. Tavsiya o‘z nomi bilan tavsiya, ammo o‘quvchi biror fanni o‘zlashtirishi uchun u yoki bu kitobni o‘qib chiqishga majbur bo‘lishi bu — TALAB. Ana shu yo‘l bilan farzandlarimizni kitob o‘qishga yo‘naltirishimiz mumkin. Albatta, bu usulga bir kunda o‘tib bo‘lmaydi. Yillar davomida o‘zi o‘qimagan kitobni o‘quvchilariga o‘qishga majbur qilish uchun ustozda ma’naviy asos bo‘lmog‘i lozim. Onlayn tizimda olib boriladigan bunday darslarga o‘qituvchi juda puxta tayyorgarlik ko‘rishi shart. Ikkinchidan, shaffoflik, halollik bo‘lishi kerak. Uchinchidan, o‘qituvchi o‘z o‘quvchisi bilan jonli muloqotda bo‘lishi zarur. So‘ngra har bir katta mavzu tamom bo‘lgandan keyin oraliq nazoratlar, chorak tamom bo‘lgandan keyin esa yana onlayn tizimda yakuniy nazorat o‘tkazish talab etiladi. Har bir o‘tkazilgan nazorat, har bir savolga berilgan javobga qo‘yilgan baho, test natijalari shu kuniyoq elektron jurnalda qayd etilmog‘i lozim. BAHOLASHDA shaffoflik, halollik, adolat bo‘lmas ekan, yana avvalgidek bir joyda depsinib turaveramiz. Biz kutgan natija esa sarob bo‘lib qolaveradi. Shuning uchun barcha baholash jarayonlarini kompyuter zimmasiga yuklash zarur. Odam omili bu jarayonga aralashar ekan bu degani tanish-bilishchilik, iltimosnomalar, yuqoridan bo‘ladigan qo‘ng‘iroqlar, poraxo‘rlik, bir so‘z bilan aytganda, korrupsiya davom etaveradi degani. Baholash tizimidagi yana bir nozik masala — bu maktabdan tortib oliy o‘quv yurtlarigacha bo‘lgan barcha ta’lim maskanlarida bugungi kunda turli tizimlar mavjudligi. Fikrimizcha, bu tizimda yagona usuldan foydalanish zarur. Masalan, nazorat ishi bo‘ladimi, test savollari bo‘ladimi, har qanday ko‘rinishdagi so‘rovnomalarga qo‘yiladigan maksimal ball 100 ball bo‘lishi kerak. Yig‘ilgan balni bahoga aylantirish uchun uni 0,05 ga ko‘paytirish lozim. Masalan, o‘quvchi nazorat ishidan 68 ball to‘pladi. Uning bahosini chiqarish uchun 68x0,05=3,4, demak, o‘quvchining bahosi 3,4 ga teng. Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Hozirgi kunda baho qo‘yishda yaxlitlash usulidan foydalaniladi. Ya’ni 2,6 dan 3,5 gacha 3 (qoniqarli), 3,6 dan 4,5 gacha 4 (yaxshi), 4,6 dan yuqorisi 5 (a’lo) deb belgilanadi. Fikrimizcha, bunda adolatsizlikka yo‘l qo‘yamiz. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, 2,6 balga ham, 3,5 ga ham 3 baho qo‘yamiz. Bu adolatsizlik emasmi? Bizningcha, ballar qanday bo‘lsa shunday qoldirilgani ma’qul. Yaxlitlash usulini esa diplomga qo‘shib beriladigan baholar ilovasini to‘ldirayotgan paytdagina qo‘llash adolatli bo‘lur edi. Bu adolatsizlik, ayniqsa, 2 baho qo‘yishda keng namoyon bo‘ladi. Masalan, 0 balga ham 2 baho, … 2,5 balga ham 2 baho. O‘ta adolatsizlik. Endi yomon baho 2 haqida ikki og‘iz so‘z. Agar o‘quvchi o‘quv yili yakuniga ko‘ra 2 baho olsa unga kelgusi o‘quv yilining ikkinchi choragigacha bo‘lgan oraliqda qayta topshirish uchun imkon berilishi kerak. Agar shu oraliq ichida o‘quvchi 2 ni ijobiy bahoga o‘zgartira olmasa, bahosi 2 ligicha qolaverishi lozim. Bu baho bilan ham u maktabni bitiraveradi. Faqat o‘rta maxsus bilim yurtlariga va ikki baho olgan fanlar o‘qitilmaydigan oliy o‘quv yurtlariga kirish huquqini saqlab qoladi. Aslida muayyan fanga iqtidori bo‘lmagan bolani har qancha o‘rgatishga urinmang undan hech qanday natija chiqmaydi. Biz shu paytgacha o‘zimizni ham, ota-onalarni ham, ayniqsa, eng yomoni bolalarni aldab keldik. Og‘zini ochmasa ham 3 baho qo‘yib keyingi sinfga o‘tishga imkon yaratib beraverdik. Bundan buyon ushbu masxarabozlikka chek qo‘yish lozim. Hech vaqt o‘quvchi barcha fanlardan 2 olmaydi. Buning uchun sinfda qoldirish ham shart emas. Bitta yoki ikkita fanni o‘zlashtirolmay maktabni tamomlasa, osmon uzilib yerga tushmaydi. Faqat, o‘quvchining imkoniyatlari biroz cheklanadi xolos.
Endigi gap barcha fanlardan yangi dasturlar bo‘yicha yozilajak darsliklar haqida. O‘z sohamdan kelib chiqib, ko‘proq matematika haqida fikr yuritmoqchiman. Biz maktabga borgan paytda yozishni ham, o‘qishni ham bilmas edik. Ammo 7 yoshli bolaga, o‘sha paytdagi fidoyi o‘qituvchilar 4 yil davomida ham yozish, ham o‘qishni, sonlar ustida 4 arifmetik amalni bajarishni, rasm solishni va yana axloq va odobni o‘rgatishga ulgurar edilar. 10 yil o‘qib har qanday oliy o‘quv yurtiga kirishga kuchi yetadigan bo‘lib chiqardik. Hozirgi bolalar 2-3 yoshida bemalol telefon o‘ynaydi. Qisqa qilib aytganda, ularning iqtidori bizning ular yoshidagi iqtidorimizdan bir necha barobar ko‘p. Hamma gap bu iqtidorni to‘g‘ri yo‘naltirishda. Olimlarning aytishicha, bola 4–6 yosh oralig‘ida har qanday sohada juda tez ilg‘ab olish va o‘zlashtirish qobiliyatiga ega bo‘lar ekan. Bu chet tili bo‘ladimi, matematika, shaxmat bo‘ladimi, farqi yo‘q. Faqat o‘qituvchi ularning iqtidorini to‘g‘ri baholab, qiziqishlariga qarab to‘g‘ri yo‘naltirsa bo‘lgani. Biroq bunday ishni eng iqtidorli, bilimdon, psixolog, yuqori malakali mutaxassislargagina ishonib topshirish mumkin.
Demak, XXI asr bolalari uchun darsliklar ularning iqtidoridan kelib chiqib yozilishi lozim. “Usta — usta emas, uning asbobi usta” degan naql bor. O‘qituvchi har qancha iste’dodli bo‘lmasin, bilim olishda darsliklarning o‘rni katta. Nazarimda darsliklar ikki turga bo‘linishi kerak: osonroq va qiyinroq. Bolalarning o‘zlashtirishiga qarab o‘qituvchi u yoki bu darslikdan bir vaqtda foydalanishi mumkin. Biz kelajak haqida gapiryapmiz. Shuning uchun, darsliklar ham ertangi kun talabidan kelib chiqib yozilishi lozim. Har bir mavzu avvalgi mavzuni boyitishga qaratilmog‘i kerak. O‘quvchi go‘yo o‘zini tepalikka chiqayotgandek his qilishi shart. Go‘yo o‘tkir sujetli teleseriallardagi kabi keyingi mavzu nima haqida bo‘lar ekan, degan savol uning ko‘z o‘ngida turmog‘i lozim. Darsliklar bir necha qo‘shimcha adabiyotlar bilan to‘ldirilishi shart. O‘quvchi o‘ta iqtidorli bo‘lsa birinchi yoki ikkinchi darsliklardagi mavzular bayoni uni qanoatlantirmasligi mumkin. Shunday paytda unga qo‘shimcha adabiyotlar yordamga keladi. Faraz qilaylik, o‘quvchi 4-sinf dasturini yarim o‘quv yilida o‘zlashtirib bo‘ldi. Unda nima qilish kerak, yarim yil bekor yurmaydi-ku axir. Bunday paytda barcha fanlar bo‘yicha yakuniy test(imtihon) o‘tkazilib, test oluvchi maxsus komissiyaning xulosasiga ko‘ra beshinchi sinfga muddatidan avval o‘tkazilishi kerak. Bu usul birinchi sinfdan boshlab o‘rta maktabda, oliy o‘quv yurtlarida, hatto, magistratura va doktoranturada ham qo‘llanishi darkor. Bir so‘z bilan aytganda, iqtidorli o‘quvchi va talabalarni ham ma’naviy, ham moddiy RAG‘BATLANTIRIB turish uchun yashil yo‘lakcha barpo etish lozim. Faqat, takrorlash bo‘lsa ham shuni aytamanki, bu ishlar shaffoflikka, halollikka, adolatga asoslangan, imkon boricha inson omilining aralashuvidan xoli bo‘lmog‘i zarur. Ikkinchi tomondan iqtidorsiz bolalarning ongida bir kun kelib ijobiy o‘zgarishlar paydo bo‘lib qolgudek bo‘lsa ularning ham insoniylik huquqlarini poymol etmaslik uchun «qizil yo‘lakcha» barpo etish kerak. Toki ular ham kun kelib peshonalari devorga urilganda, ko‘zlari moshdek ochilib qolgudek bo‘lsa, jamiyat yaratgan qonunlardan norozi bo‘lmasliklari kerak. Ammo bunday xizmatlar pul to‘lash asosida amalga oshirilib, o‘ta adolatli tarzda oshkoralik bilan bajarilishi shart. Demak, yashil yo‘lakcha iqtidorli bolalarni yuqoriga yetaklasa, qizil yo‘lakcha esa sust o‘zlashtiruvchi bolalarning vaqti kelib, aqli kirib o‘z ustida ishlashlariga umid uyg‘otadi. Shu yo‘l bilan iqtidorli bolalarni rag‘batlantirgan, ularni o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashga undagan bo‘lar edik. Shu o‘rinda iqtidorli bolalarni turli xil stipendiyalar, mukofotlar bilan moddiy rag‘batlantirish usullaridan foydalanish yanada yaxshiroq natijalarga erishish imkonini berishini hisobdan chiqarmasligimiz lozim.
Ma’lumki, o‘quv va ta’lim ishlariga davlat budjetining kattagina qismi sarflanadi. Bugungi kunda eng dolzarb masala budjetdan sarflanadigan har qanday xarajatlarni imkon boricha kamaytirishdan iborat. Hozirgi, sharoitdan kelib chiqib, majburan tatbiq etilayotgan onlayn tizimi biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Shu yo‘l bilan ham davlat budjetidan, ham oila budjetidan iqtisod qilishga o‘rganyapmiz. Ammo amaldagi foydalanish usuli meni mutlaqo qanoatlantirmaydi. Aksariyat o‘qituvchilar bu usulni vaqtinchalik tadbir deb hisoblab, unga jiddiy yondashmayotir. Bunga tezlik bilan chek qo‘yish lozim.
Vijdonan aytganda, aksariyat maktablarda onlayn ta’lim xo‘jako‘rsinga o‘tkazildi. Ya’ni qo‘yilgan baholar o‘quvchilar olgan bilimiga mutlaqo mos kelmadi. Shuning uchun abituriyentlarni birinchi kursga emas nolinchi, ya’ni tayyorlov kurslariga qabul qilish to‘g‘ri ish bo‘lar edi. Birinchi semestr davomida majburiy 3 ta fan — matematika, ona tili va adabiyot, tarix bo‘yicha chuqur saboq olib, semestr yakunida test sinovi o‘tkazilishi lozim. Test natijalariga qarab 30 foizdan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarni imtihonsiz oliy o‘quv muassasalariga qabul qilish kerak. Ikkinchi semestrda esa abituriyentlarni tanlagan sohalari bo‘yicha o‘qitilib semestr oxirida yana test o‘tkazish lozim. Shu yo‘l bilan bir yil yutqazsak ham, kelajakda yuqori malakali mutaxassislarga ega bo‘lish imkoniyatini yaratgan bo‘lar edik. Albatta, bepul o‘qitish davlat uchun oson bo‘lmaydi. Shuning uchun agar biz o‘zimizni millat deb sanaydigan bo‘lsak, millatimiz kelajagini o‘ylab O‘zbekiston milliy fondini tashkil etishimiz lozim. Bunga barcha imkoniyati bor vatandoshlarimizni, ular qayerda yashamasin, jalb etmog‘imiz shart. Shunda kelajakda har qanday ta’lim o‘z vatandoshlarimiz uchun bepul mamlakatga aylanamiz va turli xildagi meva-sabzavot, qovun-tarvuz va h.k.lar o‘rniga jahon talabiga javob beradigan kuchli bilimdon mutaxassis kadrlarni «eksport» qiladigan bo‘lamiz. Ammo fonddan ajratiladigan har bir tiyin kimga, nimaga, qayerga ketayotganligi haqidagi ma’lumotlar o‘ta shaffof bo‘lmog‘i lozim. Agar shunday shaffoflik bo‘lsa, ishonchim komilki, O‘zbekiston va uning kelajagi uchun befarq bo‘lmagan mulkdor, sarmoyador, har bir vatandoshimiz millat fondiga o‘z hissasini qo‘shadi. Shu yo‘sinda o‘zimiz katta yeb-ichmasak ham, farzandlarimizni bepul o‘qitib kelajakda ularning sha’niga aytiladigan rahmatlar bilan birga ularning daromadlaridan hosil bo‘ladigan behisob mablag‘ga ham ega bo‘lamiz.
Shu o‘rinda yana bir jiddiy masala. Bugungi kunda oliy o‘quv yurtlariga kirishda turli imtiyozlar mavjud. Agar imtiyozlar davom etaversa ko‘zlagan maqsadlarimizga erisholmaymiz. Bilim — ummon. U sotilmaydi. Uni egallash uchun esa pul to‘lanadi. Bilim olishda shoh-u gado teng huquqqa ega bo‘lmog‘i lozim. Bir tomondan o‘qishni bepul qilib qo‘ysak-da, ikkinchi tomondan yana kimlargadir imtiyozlar berib qo‘yish o‘z oyog‘imizga bolta urish bilan barobar.
To‘g‘ri, bu ishlar bir kunda bo‘ladigan ishlar emas. Bosqichma-bosqich amalga oshirish darkor. Birinchi galda maktabgacha o‘quv-tarbiya dasturlari tadbirkorlikka, innovatsion g‘oyalarga asoslangan bo‘lishi shart. Dasturlar bolalarni ko‘proq o‘z ustida ishlashga, fikr yuritishga, zaruriy va qo‘shimcha adabiyotlardan foydalanishga qaratilmogi zarur. XXI asr bolalari uchun maktablarda 11 yil o‘qish shart emas deb hisoblaymiz. Bunga bir-birini takrorlaydigan fanlarni keskin qisqartirish va bolalarni rag‘batlantirishning turli yo‘llari bilan erishish mumkin. Ilm — ummon, uni boshidan oxirigacha egallash mumkin emas. Shuning uchun 10-12 ta fanni chala-chulpa o‘zlashtirgandan ko‘ra 6-7 ta fanni mukammal o‘zlashtirish to‘g‘ri bo‘lardi. Qolganlarini qo‘shimcha dars sifatida ehtiyojga qarab o‘rgansa bo‘ladi.
Endi raqamli iqtisodiyot haqida yana ikki og‘iz so‘z. Odam dunyoga keladi, so‘ng yurishni, so‘zlashni, o‘qish va yozishni o‘rgana borib har tomonlama takomillashaveradi. Bunday takomillashuvda bilimning, tarbiyaning o‘rni beqiyosdir. Bog‘chadan boshlab oliy o‘quv yurtlaridagi olinadigan ta’lim-tarbiyani bir tizim sifatida raqamlashtirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Masalan, farzandimiz bog‘chada 4 yoshidan matematika, chet tili, arab tili, shaxmat o‘rganishni boshlasa, 6 yoshdan keyin bu fanlarni yanada chuqurroq egallab o‘z bilimini oshirib boraveradi. Barcha o‘quv jarayonlari va olingan baholarni elektron jurnalda aks ettirib boraversak va bu ishni o‘rta maktabda ham, o‘rta maxsus va oliy o‘quv yurtlarida ham, kelajakda magistratura va doktoranturada ham davom ettirsak, insonning ilm-fan sohasida bosib o‘tgan yo‘li, erishgan yutuqlari haqida to‘liq ma’lumotga, aniqroq qilib aytganda, ma’lumotlar BANKiga ega bo‘lamiz. Ana endi tasavvur qilib ko‘ring, hozirgi onlayn o‘quv tizimi ayni yangi tizimning debochasi deb qaralishi mumkin. Ta’lim-tarbiya va ilm-fan, aslini olganda, yagona yaxlit bir tizimdir. Shuning uchun ham bir tizim sifatida yagona birlashgan vazirlik tomonidan nazorat qilinishi zarur.
Shunda ham katta mablag‘ tejaladi, ham boshqarish osonlashadi. Fikrimizni rivojlantirib kelajakda vazirlik qoshida ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari(klasterlar)ni tashkil etish imkoniyati tug‘iladi. Qishloq xo‘jaligi sohasida bunday klasterlarga birinchi qadamlar qo‘yilishi boshlangan. Navbat xalq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari, masalan, mashinasozlik, pedagogika, kimyo-texnologiya, qurilish va hokazo klasterlarini yaratishni boshlash lozim. Bu klasterlar o‘z vazifalariga qarab turli ko‘rinishdagi shaharchalardan iborat bo‘ladi. Unda bog‘chadan tortib to oliy o‘quv yurtlarigacha tegishli bo‘lgan binolar, ishlab chiqarish korpuslari, laboratoriyalar, bir so‘z bilan aytganda, mazkur sohaning poydevoridan boshlab jahon standartlariga javob beradigan eng so‘nggi texnologiyalar yordamida yaratiladigan mahsulotlar ishlab chiqarish bir joyda jamlangan bo‘lib, bir nuqtadan turib boshqariladigan bo‘ladi. Bu degani shunday ulkan mukammal mexanizm yaratiladiki, unda o‘zibo‘larchilikka, loqaydlikka, ayniqsa, korrupsiyaga hech qanday o‘rin qolmaydi. Agar biz yangi O‘zbekistonimizni jahon hamjamiyati orasida eng nufuzli o‘rinlardan birini egallagan holda ko‘rishni istasak faqat mana shu yo‘ldan borishimizga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi yo‘l yo‘q.
Nosir ZOKIROV, professor