Ko‘zga ko‘rinmas, ammo kechirib bo‘lmas xatolar
Aziz hamkasblarim! Anchadan buyon dilimni ranjitayotgan holatlar haqida siz bilan suhbatlashmoqchi bo‘laman-u, o‘zbekona istihola ustunlik qilib, so‘z ochishga iymanaman. Ammo bugun kechiktirib bo‘lmas mavzuni o‘rtaga tashlamoqchiman.
Siz va biz bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz uchun faqatgina erishilgan yutuqlar suhbatimiz mavzusi bo‘lmasligi kerak. Ha, anglaganingizdek, hamkasblarning do‘stona, tanqidiy fikrlari bizni yana ham o‘z ustimizda ishlashga undaydi. Faoliyatimiz davomida yo‘l yo‘yayotgan xatolar xususida bir-birimizni ogohlantirib, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rsak, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga mustahkam poydevor qo‘ygan bo‘lamiz.
Bugungi kun o‘quvchilarining nutqi haqida so‘z ketganda, tarozining pallasini salbiy baho ko‘proq bosadi. Nega shunday, o‘ylab ko‘rganmisiz? Sababini boshqa tomonlardan izlashga shoshilmang! Axir, o‘quvchi o‘qituvchining ko‘zgusi emasmi? O‘zimizga boqaylik-chi, balki nutqimiz sofligiga putur yetgandir. Kasbim taqozosi bilan ko‘p hududlarda bo‘lib, ustozlarning darslarini kuzatdim. Shaharda ham, qishloqlarda ham. Aksariyat hollarda hududga xos bo‘lgan so‘zlashuv, ya’ni sheva ohangi o‘qituvchi nutqiga singib ketgan. Hattoki, tanlovlarda qatnashayotgan ba’zi ustozlarimiz ham dars jarayonida shevada so‘zlaydi.
Nutq sofligi — uning adabiy til va jamiyatdagi ma’naviy-axloqiy qoidalarga yot bo‘lgan unsurlardan xoliligi bilan belgilanadi. Adabiy nutq sofligiga putur yetkazuvchi unsurlarning asosiylari quyidagilar: 1) shevaga xos grammatik shakllar, urg‘u va talaffuz; 2) o‘rinsiz qo‘llangan chet so‘z va so‘z birikmalari (varvarizmlar); 3) dag‘al, haqorat so‘z va iboralar (vulgarizmlar); 4) “ishlamaydigan” yoki parazit so‘zlar; 5) idoraviy so‘z va iboralar (kanselyarizmlar). Nutq tuzuvchi o‘z nutqining sofligi haqida qayg‘urar ekan, albatta, mazkur unsurlarni qo‘llashdan tiyilishi lozim. (Manba: 10-sinf ona tili darsligi, 2017-yil).
O‘quvchining boshlang‘ich sinfdanoq nutqini nazorat qilish, adabiy til asosida muloqot madaniyatini shakllantirish vazifamizdir. Chunki o‘g‘zaki nutqning yozma nutqqa ta’siri nihoyatda kuchli. O‘quvchi ustoz talaffuzidagi so‘zni to‘g‘ri deb biladi. Oddiygina misol, o‘qituvchi yozuv taxtasi yonida o‘z shevasida bilim tarqatyapti. Nutqidagi soflik buzilganini o‘sha hududda kamol topayotgan o‘quvchilar payqamaydi, chunki ular uchun bu tabiiy so‘zlashuvdir. Lekin bora-bora o‘quvchida adabiy tilning hurmati, mas’uliyati susayadi. Dars davomida eng ko‘p iste’moldagi so‘zlar shevaga xos talaffuz etilsa, bunday xatolar kelajakdagi xatolarga zamin bo‘lmaydi deb kim ayta oladi?
“Man”(men), “biza” (biz), “sila” (sizlar), “sani galing” (sening, aslida sizning, navbating), “yozila” (yozing(ko‘plik), “mambu” (mana bu), “shetta” (shu yerda), “allingga boriy-chi” (yoningga boray-chi), “buladi” (bo‘ladi), “oppor” (olib bor), “minerga ke” yoki “ke” (mana bu yerga kel), “osa”(olsa) va hokazo. Bu so‘zlarni uzoq davom ettirish mumkin. Adabiy tilda so‘zlasa-da, ammo talaffuz ohangida shevaning nafasi ufurib tursa, bunday so‘zlashishdan nima naf? Bu ko‘zga ko‘rinmas, ammo kechirib bo‘lmas xatomiz emasmi? O‘quvchining uyida shu tartibda muloqot qilinsa, nima ham qila olardik, demoqchimisiz? Biz ularga moslashamiz, dersiz balki. Nima deb o‘ylaysiz: ularga og‘zaki suhbatda adabiy tilda murojaat qilish g‘ayritabiiy tuyulishiga vaqtida chora ko‘rilmagani emasmi? Adabiy tilning sofligini saqlash millat vakilining burchi ekanligini his ettirish birinchi vazifa emasmi? Nutqida paydo bo‘layotgan yot tillar ifodasini o‘z o‘rnida o‘zbek tilidagi muqobiliga o‘gira oladigan ko‘nikmani shakllantirishimiz zarur emasmi?
Adabiy til sofligini saqlash har birimizning burchimiz. Ammo yo‘l-yo‘lakay uchrayotgan nutqdagi xatolarni tuzatib borish, har qanday jamoat joyda o‘z nutqi orqali adabiy tilni targ‘ib etish, hurmat uyg‘otishga undash va til taraqqiyotiga hissa qo‘shish, eng birinchi navbatda, o‘qituvchining vazifasidir. Bu vazifani bajarishda o‘zimiz o‘rnak bo‘laylik, so‘ng kelajak avloddan talab qilaylik!
Dildor NURMUHAMMEDOVA, Termiz shahridagi 23-maktab o‘qituvchi