Karantin davri va undan so‘ng
Koronavirus (SOVID-19) tarqalishi sababli yuzaga kelgan vaziyat dunyo bo‘ylab ta’lim tizimlari uchun yangi sinov bo‘ldi. Ko‘pgina davlatlar qatori O‘zbekistonda ham virus tarqalishining oldini olish maqsadida butun mamlakat bo‘ylab maktablar yopilganligi tufayli, o‘quvchilarning masofadan ta’lim olish ko‘nikmasi va o‘qitish manbalaridan foydalanish imkoniyati hamda yangi shaklga psixologik moslashuvini hisobga olgan holda masofadan turib o‘qishni ta’minlashda televizion ko‘rsatuvlardan foydalanish tizimli tashkil qilindi.
Hozirgi kunda o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun navbatdagi ta’til mavsumi davom etmoqda. Uzoq muddatli ta’tildan so‘ng ta’lim muassasalaridagi yuklamalarga moslashish jarayoni har bir ta’lim oluvchida o‘ziga xos tarzda kechadi. Birinchi sinf o‘quvchilarining maktab hayotiga to‘liq moslashishlari uchun 1,5 oydan 3 oygacha, beshinchi sinf o‘quvchisiga bir oy, yuqori sinf o‘quvchilari esa moslashish bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yengib o‘tishlari uchun ikki-uch hafta vaqt talab etiladi.
Ushbu davrda nafaqat psixologik qiyinchiliklar, balki ko‘p hollarda bolada umumiy jismoniy holatida og‘ishlar ham kuzatilishi mumkin. Quyida keltirilgan tavsiyalarga amal qilish orqali ushbu davrda uchrashi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni nisbatan oson yengib o‘tish mumkin.
1. Kundalik tartib – muvaffaqiyatli moslashuv garovi. Pandemiya sababli yuzaga kelgan vaziyat, qolaversa yozgi ta’til davrida uzoq vaqt bolalarda kundalik tartibning izdan chiqishi kelgusi jarayonga moslashish uchun asosiy muammo hisoblanadi. Bunday vaziyatda mas’uliyat ota-ona zimmasida bo‘ladi (bu oilada o‘rnatilgan tartib va ota-onaning munosabatiga bog‘liq). Biroq har bir narsaning o‘z vaqti bor va o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan ikki hafta oldin bolani asta-sekin “maktab jadvali”ga qaytarish kerak. Kun tartibiga bolaning yoshi, jinsi, istagi va imkoniyatidan kelib chiqib, aqliy va jismoniy rivojlantiruvchi harakatli o‘yinlar va mashg‘ulotlarni kiritish maqsadga muvofiq. Amerika tibbiyot akademiyasi tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, sog‘lom va me’yorida uxlash nafaqat bolaning normal rivojlanishiga ta’sir qiladi, balki samarali o‘quv faoliyati uchun asosdir. Shuning uchun birinchi navbatda tunda televizor ko‘rishdan voz kechish va uni kechki sayrlar bilan almashtirish zarur (albatta, karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda). Bu bolaning nafaqat tez va sog‘lom uxlab olishiga yordam beradi, kelajakdagi o‘zgarishlar uchun ham imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi.
2. Muvaffaqiyat hissi. Muvaffaqiyat hissini ta’minlay oladigan har bir faoliyat qo‘shimcha motivatsiyani talab qilmasligi hech kimga sir emas. Muvaffaqiyat tuyg‘usini his qildirish orqali bolaning ortiqcha zo‘riqishlarsiz qiyinchiliklarni yengib o‘tishi va o‘quv jarayoniga kirishib ketishiga yordam berish mumkin. Buning uchun undan birinchi 2-3 hafta qanday baholar olganligini so‘ramaslikka, diqqatini darsda olgan yangi bilimlariga qaratishga harakat qiling. Ota-onaning vazifasi — farzandida maktabdagi asosiy narsa bu baho ko‘rinishidagi belgilar emas, balki o‘qituvchining bergan ajoyib yangi bilimlari ekanligiga ishonchni shakllantirishdir. Va agar bir oydan keyin bolangiz baxtli tabassum bilan uyga kelib, birinchi navbatda darsda qiziqarli narsalarni bilib olganligi haqida gapirsa, siz o‘zingizni tabriklashingiz mumkin, uzoq muddatli ta’tildan keyingi adaptatsiya – moslashuv jarayonida muvaffaqiyatga erishdingiz.
3. Bolani sevish va unga g‘amxo‘rlik qilish – eng yaxshi antidepressant (jazavalanishga qarshi). Bolada ortiqcha bezovtalanish, xavotirlanish hissi kuzatilsa, xulosa qilishga shoshilmang. Bunday vaziyatda ota-ona yoki pedagoglar bolaga mehr va muhabbat hissi orqali unda ichki xotirjamlik va hammasi yaxshi bo‘lib ketishiga ishonch hissini shakllantirishlari juda muhim hisoblanadi. Ko‘pchilik maktabning ilk kunlaridan bolani qo‘shimcha mashg‘ulot, fan to‘garaklariga jalb etish ularning fanlarni o‘zlashtirishlariga yordam beradi deb hisoblaydi. Lekin bu aks ta’sir berishi, bolada maktabdan bezish hissini keltirib chiqarishi mumkin.
Unutmang, to‘g‘ri yo‘naltirilgan muhabbat va g‘amxo‘rlik hissi bolaning har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tishiga yordam beradi.
4. To‘g‘ri ovqatlanish. Bolaning ovqatlanish ratsionini vitamin-minerallar bilan boyitish juda ahamiyatli. Aqliy faoliyatda ortda qolishi uning ovqatlarida vitamin va minerallarning yetishmasligi bilan ham bog‘liq. Chunki tashqi olamni bilishimiz diqqat, sezgi, idrok, xotira, tafakkur, nutq va tasavvurimiz qay darajada ishlashiga va ularning markazi miyaga hamda miya faoliyati esa o‘z navbatida organizmdagi vitamin-minerallar nisbatiga bog‘liq. Imkon qadar maktab o‘quvchilarining ovqatlanish ratsionida go‘sht, sut, tuxum, baliq, dukkakli mahsulotlarni ko‘paytirish lozim. Ko‘proq sabzavotlar, mevalarni iste’mol qilish bolaning oshqozon-ichak tizimini yaxshilab, aqliy faoliyatini rivojlantiradi.
O‘qituvchilar uchun tavsiyalar: ko‘p jihatdan o‘quvchining yangi o‘quv yiliga moslashish davri oson va ortiqcha qiyinchiliklarsiz o‘tishi o‘qituvchiga bog‘liq. Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchining ta’lim jarayoniga bosqichma-bosqich kirib borishi uchun sharoit yaratishi kerak:
1. O‘rganilgan materialni takrorlash bilan boshlang. Bunday yondashuv yangi bilimlarga ega bo‘lish ishtiyoqini yanada oshirib, o‘quvchilarning yanada faollashishini, ixtiyorsiz diqqatdan ixtiyoriy diqqatga o‘tish jarayonini tezlashtiradi.
2. Ta’limning noan’anaviy yondashuvlaridan foydalaning.
O‘quvchilar o‘quv faoliyati bilan faol shug‘ullanishi uchun darsda noan’anaviy o‘qitish usullaridan foydalaning.
O‘yin texnologiyasidan foydalaning. Bolalar har qanday yoshda o‘ynashni yaxshi ko‘radilar. O‘qituvchi uchun bu usul nafaqat o‘quv materiallarini amaliy tushuntirish va mavjud bilimlardagi bo‘shliqlarni aniqlash, balki mavzuga nisbatan doimiy bilishga qiziqishni uyg‘otish uchun imkoniyat bo‘ladi. Maktabda bilishga oid faollikni rag‘batlantirish va ijodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarishga yordam beradigan loyiha usulidan foydalaning. O‘quvchilar ta’til vaqtida bir yoshga ulg‘ayib, katta va boy taassurot hamda o‘ziga xos hayotiy ko‘nikma va tajriba orttiradi. Ta’tildan qaytgach tengqurlari bilan orttirgan yangi bilim, ko‘nikma, his-tuyg‘ularini o‘rtoqlashish ishtiyoqida bo‘ladi. Vaziyatlarni loyihalashtirish darsda sizga o‘quv maqsadlariga erishish uchun sharoit yaratish va yozgi taassurotlar yuzasidan o‘zaro fikr almashish uchun imkoniyat yaratadi.
3. Hissiy-jismoniy tetiklashtirish usullaridan foydalaning. O‘qituvchi bolalar uch oy davomida faol ravishda harakatlanganligini hisobga olib, ular 45 daqiqa stulda o‘tirishga moslashishlari uchun, dastlab har 20 daqiqada 1-2 daqiqalik tik turgan holatda energiya to‘plovchi harakatlarni bajartirishi lozim, aks holda, bu aqliy, hissiy va jismoniy holatlarga salbiy ta’sir qiladi.
Maktablarda “Erkin muloqot daqiqalari”ni o‘tkazish tavsiya etiladi — darsda (2-3 daqiqa) o‘quvchilar ixtiyoriy mavzuda bir-birlari bilan suhbatlashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunday tadbirlar nafaqat sinfdagi ijtimoiy-psixologik muhitni yaxshilashga yordam beradi, balki o‘quvchilarning darsga bo‘lgan e’tiborini ham oshiradi.
Ushbu bosqichda ota-onalar va o‘qituvchilar bolaning qalbida maktabga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirishi zarur. Ta’lim jarayonini xayoliy, jozibador va yangi dunyoga sayohat sifatida tashkil etish orqali faol va mehnatsevar o‘quvchi shaxsini tarkib toptiradi.
O‘qituvchilaridan olgan bilimlari o‘quvchi-yoshlarimizning kelgusida muvaffaqiyatini ta’minlashi, jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi, iqtidori-qobiliyati bo‘yicha faoliyat yuritishi, hayotganligidan rozi bo‘lib, baxtli, farovon, mazmunli umr kechirishida qo‘l kelsin, yo‘l ko‘rsatsin, foydasi tegsin.
Abdukarim TO‘RAXONOV, Surxondaryo viloyati XTXQTMOHM katta o‘qituvchisi