Sinf rahbarlik mas’uliyati
“Ma’rifat” gazetasi chin ma’noda o‘qituvchilar uchun yo‘lboshlovchi mayoq vazifasini o‘taydi. Gazetaning 20-sonida e’lon qilingan “Ustama olishga kim haqli?” sarlavhali maqolada o‘qituvchi uchun foydali takliflar bor ekan.
AKTdan samarali va unumli foydalanish ko‘nikmalari uchun mezon belgilansa, albatta, juda yaxshi bo‘ladi. Bugungi avlod deyarli shu texnika bilan birga ulg‘aymoqda. Buning yaqqol misolini o‘quvchilarning onlayn darslarda faol ishtiroki orqali ko‘rdik. Ustama olishga da’vogarlik qilayotgan o‘qituvchi AKTdan foydalanishni yetarli darajada bilishi shart.
Maqolada sinf rahbarlikka ajratilgan qism keraksiz ekanligi ta’kidlangan. Sinf rahbarlari maktabning bog‘bonlari desak yanglishmaymiz. Bir sinfda o‘ttiz, yoinki undan ham ortiqroq o‘quvchi bo‘lishi mumkin. Shuncha xarakter, shuncha qarash, o‘ziga yarasha muammosi bor bu qora ko‘zlar bilan mana shu sinf rahbarlari shug‘ullanadi. Bir stavka darsi bor o‘qituvchi agar sinfi bo‘lmasa, o‘zi uchun belgilangan darsni o‘tadi. Yelkasida yuki o‘z kasbiga fidoyilikdan iborat bo‘ladi. Sinf rahbarining yelkasidagi yuk o‘quvchi taqdiriga uzviy bog‘liqdir. Yana bir haqiqat borki, mana shu o‘quvchi qalbida bir umr sinf rahbari muhrlanib qoladi. Har qanday inson maktab davrlarini eslasa, beixtiyor uning xotiralarida shu ustozi gavdalanadi.
823-qaror maktabda o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan. O‘z o‘quvchisi uchun bir umr o‘rnak bo‘la olgan sinf rahbari nahotki 15–20 ball uchun arzimasa, albatta bu mening fikrim, sababi esa bugun mening ustoz darajasiga yetishishimga turtki bo‘lgan sinf rahbarim. Sinf rahbari sifatida shuni aytishim mumkinki, har qanday sinf rahbari o‘quvchilarining taqdiriga befarq bo‘lolmaydi.
Sinf rahbarligi mavjud bo‘lmagan o‘qituvchi yoki xodim uchun ushbu mezonning ichida ball to‘plash imkoni yetarli bo‘lmasa, mutasaddilar biror o‘zgarishlar kirgizishi mumkin. Albatta, buning uchun takliflar bersak maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Nigora AZIZOVA, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 29-maktab o‘qituvchisi