Chiroyli husnixatning qadri
Bir ma’lumotga ko‘zim tushib qoldi: nepallik 8-sinf o‘quvchisining yozuvi dunyodagi eng chiroyli yozuv deb topilibdi. Buni o‘qidim-u, yurtimizda bundan-da chiroyli husnixati bor o‘g‘il-qizlarimiz haqida o‘yladim. Shunisi aniqki, o‘sha chiroyli yozuv bo‘yicha o‘tkazilgan bahsda g‘olib bo‘lgan bolaning ma’naviyati va ichki olami ham go‘zal ekaniga ishonaman. Boisi, insonning ichki olami qaysidir ma’noda uning yozuvida ham namoyon bo‘ladi. Chiroyli yozuv inson ko‘zini quvontiradi, atrofdagilar e’tiborini jalb etadi. Har bir xalqning uzoq yillik tarixi, madaniyati, ma’naviyati ham o‘zining yozuvi bilan bog‘liq. Ajdodlarimiz qalamiga mansub ko‘plab ma’naviy yodgorliklar arab yozuvida bitilgan.
Hozirgi zamon psixologlari yozuv sohibiga ta’rif berishda uning husnixatiga ham tayanishadi. Masalan, bola yozayotganda qo‘li titrab ketsa, u talabchan, go‘zallikka mehri baland, dangal, ayni vaqtda nimadandir qo‘rqayotgani aytiladi. To‘g‘ri shaklda yozayotganlar xarakterida qo‘rquv yo‘q. Yozuv aniq, o‘qishga oson, harflar bir-biriga bog‘langan bo‘lsa, bu inson mehnatkash, ishlarni chin dildan qila oladi, ba’zida pessimist bo‘lishi taxmin qilinadi. Bunday kishilar gohida ochiq gapirib, qo‘pollik ham qilib qo‘yishadi. Chap tomonga og‘ishtirib yozish esa erkin emaslik, doimiy xarakteri yo‘q, aniq qadam qo‘ya olmaydiganlar toifasiga kirar ekan. Kichik varaqqa ko‘p narsa sig‘dirish (tejamkor usul) — buning iqtisodga daxli yo‘q. Aynan shunday yozadiganlarga o‘zboshimchalik yot bo‘ladi. Tez va chiroyga kam e’tibor berib yozish — bu odamning ishi yozishni ko‘p taqozo qiladi va u ko‘p vaqtlarda biror joydan ko‘chirib emas, o‘zi o‘ylab, ichidan to‘qib yozadi.
Buni qarangki, husnixatning tashqi qiyofamiz bilan bog‘liq jihatlari ham bor ekan.
Baland bo‘yli insonlar, deyarli hech vaqt bo‘g‘in ko‘chirib o‘tkazmaslikka harakat qiladi, yozuvida chalkashlik yo‘q, chiziqlar tortilmagan toza oq qog‘ozga ham bir tekisda, chiroyli yoza oladi. Past bo‘yli insonlar, so‘zni to‘liq yozishga joy yetsa ham bo‘g‘in ko‘chirish odati bor, harf va so‘zlarni cho‘zibroq yozishadi, ilmoqlarni uzun-uzun qo‘yishadi. Qora sochli insonlar ulardan farqli ravishda, qator chizilmagan qog‘ozga bir tekis yoza olishmaydi, ko‘pincha yozuvlari tepaga qarab chiqib ketadi. Shunga qaramay, chiroyli yozishga urinishlar sezilib turadi. Ular bosh harflarni ajratib ko‘rsatishni xohlashadi, ba’zan keraksiz joyda ham bosh harfni ishlatadi. Davlat ishida ishlovchi kishilar harflar formasiga e’tiborsiz yozishadi. Pala-partish yozadiganlar esa ko‘pincha ishchi, hunarmand, xizmatchilar bo‘ladi. Katta-yu kichikning bo‘y-basti va xarakteri qanday bo‘lmasin, uning savodi, husnixati va qalbi chiroyli bo‘lsa bas.
Yaqinda nabiram bir so‘zning qanday yozilishini so‘rab qoldi. Javobimni eshitgach, “Bu yerda “ho‘p” deb yozilgan-ku”, dedi husnixat daftarini ko‘rsatib. Men hali jo‘yali izoh topishga ulgurmay, keyingi xatoni ko‘rsatdi: “Quvonib” so‘zida ham “n” ketib qolgan”. Daftarni varaqladim. M.G‘ulomov, I.Radjabova (familiya shunaqa yozilgan), B.Jalilov muallifligida 15 ming nusxada chop etilgan “Chiroyli yozuv daftari” (2-sinf) 19-betida “quvonib xo‘p” so‘zlari “quvoib ho‘p”, 37-betda “osoyishtalik” so‘zi “asoyishtalik”, “obodonchilik” so‘zi “obodonchlik”, 42-betda “qiyg‘os” so‘zi “qiyos” tarzida xato ketganini ko‘rib ta’bim xira bo‘ldi. Zero, husinixatning qadri savodliligi va bexatoligi bilan belgilanadi.
Zulfiya NURMETOVA,
Yashnobod tumanidagi 204-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi