Biologiya, kimyo, fizika fanlarini bog‘lab o‘rgatish maqsadga muvofiqdir
Biologiya fanini boshqa fanlar bilan bog‘lab o‘tish darslarida kompetensiyalarni shakllantirish maktab o‘quv fanlari o‘rtasidagi aloqadorlikni namoyon etadi. O‘quvchilarda fanlararo kompetensiya rivojlantiriladi, mantiqiy fikrlash yuzaga keladi.
Hozirgi zamon tabiatshunoslik fani rivojlanishi va texnik yuksalishida fizika fani munosib o‘rin tutadi. Keyingi yillarda fizika fanida erishilgan yutuqlar, jumladan, yadro energiyasi, raketasozlik, yarim o‘tkazuvchanlik texnikasi va boshqa fanlarning rivoji hamda ularda yangi kashfiyotlar yaratilishi boshqa fanlar, masalan, biologiya fani rivojiga salmoqli ta’sir ko‘rsatgan, jumladan optik va elektron mikroskoplar kashf etilishi ham.
Mikroskoplar orqali tirik organizmlarning hujayraviy tuzilishi, hujayrada sodir bo‘ladigan murakkab jarayonlarni tadqiq etish imkoniyati yaratildi. Mikroskopiya natijasida tirik organizmlar irsiyatining tabiati, irsiyatning moddiy asosi bo‘lgan DNK va RNKlarning o‘ziga xos xususiyatlari, vazifalari, belgilarining paydo bo‘lishidagi rolini aniqlash mumkin bo‘ldi.
Biologiyaning rivojlanishi, xususan, tirik hujayralardagi bioelektrik hodisalar, biotoklarni aniqlash, tirik organizmlarda sodir bo‘ladigan energetik jarayonlarni tadqiq etishda fizika fanining absorsiya, diffuziya jarayonlarini tadqiq etish metodikasi muhim rol o‘ynagan. Mazkur metodlar yordamida organizmda uglevod almashinuvini boshqaradigan oqsil tabiatli insulin gormoni sintezi, muskul va qonning nafas olish pigmentlari bo‘lgan gemoglobin va mioglobinning strukturali va oqsillarning fermentativ funksiyalari aniqlangan.
Kimyo fani biologiyaning rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shgan, jumladan, hujayraning kimyoviy tarkibi, ya’ni anorganik va organik moddalarni aniqlash, oqsil, uglevod, lipidlarning o‘ziga xos xususiyatlari, tarkibi, molekulyar tuzilishi, ularning hujayrada bajaradigan funksiyalarini aniqlash, modda va energiyaning saqlanish qonuni esa hujayrada modda va energiya almashuvini tadqiq etishga zamin yaratdi.
Tabiat haqidagi fanlarning yuksalishida chegaradosh fanlarning vujudga kelishi muhim rol o‘ynagan. Ular jumlasiga biologik kimyo, biologik fizika, radiobiologiya, kosmobiologiya, fizik kimyo, kimyoviy fizikani kiritish mumkin. “Hujayraning elementar tarkibi” mavzusi bo‘yicha tushunchalar o‘rtasidagi uzviylik jadvalda keltirilgan.
Biologiyani o‘qitishda fanlararo bog‘lanishni amalga oshirish ta’lim-tarbiya jarayonining muhim didaktik sharti bo‘lib, u o‘quvchilar asosiy bilim manbayi bo‘lgan o‘quv materiallarining ilmiyligi va izchilligini ta’minlaydi, o‘quvchilar tomonidan bilimlarni o‘zlashtirishga bo‘lgan qiziqish ortadi va aqliy rivojlanish tezlashadi, tabiiy fanlarni o‘qitishda fanlararo bog‘lanishni bosqichma-bosqich va izchil amalga oshirish orqali o‘quvchilarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish imkoniyatini yaratadi.
Tabiatning birgina obyekti haqida bir butun bilim hosil
qilish uchun turli fanlar qatori biologiya, kimyo, fizika fanlarini bog‘lab o‘rgatish maqsadga muvofiqdir.
Kimyoviy bilimlar
Kimyoviy elementlar, anorganik, organik moddalar, ularning kimyoviy xossalari — Elementlarning kimyoviy xossalari — Anion, kation, konsentratsiya — Organik birikmalarning turlari, kimyoviy xossalari — Yod, rux, kobaltning kimyoviy xossalari — Moddalarning kimyoviy tuzilishi, katalizatorlar, kimyoviy bog‘lanishlar — Sitoplazmaning kimyoviy tuzilishi. Organik va anorganik moddalar. Anion va kationlar.
Biologik bilimlar
Biogen elementlar — Makroelementlar — Natriy, kaliy va xlorning o‘tkazuvchanlik funksiyalari — Biologik polimerlar — Mikroelementlar — Mikroelementlarning funksiyalari — Sitoplazmaning biologik xossalari
Fizikaviy bilimlar
Moddalarning atom, molekulyar tuzilishi, moddalarning fizik xossalari — Elementlarning fizik xossalari — Osmos, diffuziya, Paskal qonuni — Moddalarning atom, molekulyar tuzilishi, energiya turlari va tur o‘zgarishi — Moddalarning atom, molekulyar tuzilishi — Sitoplazmaning kolloid strukturasi. Sitoplazmadagi elektr hodisalari. Kinetik energiya.
Feruza ISMANALIYEVA, Farg‘ona shahridagi 19-maktab o‘qituvchisi,
Sayyoraxon JO‘RABOYEVA, Rishton tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi